Pyu tadqiqot markazi tomonidan o’tkazilgan so’nggi so’rovlarga ko’ra, AQSh Prezidenti Jo Bayden ko’plab mamlakatlarda kuchli lider sifatida ko’riladi. Rossiya rahbari Vladimir Putinga bo’lgan ishonch esa Ukraina bosqini ortidan keskin tushib ketgan.
Noyabrda o’tgan oraliq Kongress saylovlarida AQSh Prezidenti Jo Bayden mansub demokratlar partiyasi kutilganidan ko’ra ancha yaxshi natija ko’rsatdi. Bu Xitoy yetakchisi Si Zinpin bilan uchrashish uchun Osiyoga yo’l olgan Bayden uchun ruhiy dalda bo’ldi.
“Kuchli pozitsiyada turibman, lekin menga buning keragi yo’q. Si Zinpinni yaxshi bilaman. U bilan dunyodagi boshqa liderlardan ko’ra ko’proq gaplashganman. Uni yaxshi taniyman, u meni biladi. Tushunmovchilik deyarli yo’q. Faqat qizil chiziqlar qayerda ekanini va kelasi ikki yilda har birimiz uchun eng muhim narsalar nimaligini aniqlashtirib olishimiz kerak”, - dedi Bayden.
Oraliq saylovda sobiq prezident Donald Tramp yoqlagan nomodlar yaxshi natija ko’rsata olmadi. So’rovlarga ko’ra, AQShda prezidentlik Trampdan Baydenga o’tishi ortidan Vashingtonning dunyodagi obro’si ham yaxshilangan.
Pyu tadqiqot markazi iyulda o’tkazgan so’rovning aniqlashicha, 18 mamlakatda aholining 58 foizi Bayden xalqaro maydonda to’g’ri ish olib borishiga ishonadi.
Markaz vakili Richard Uaykning aytishicha, so’rov o’tkazilgan mamlakatlar aholisining aksariyati Baydenni Trampdan afzal ko’rgan.
“Shaxsiy darajada uning reytingi yaxshi. Odamlar Trampga qaraganda uni layoqatliroq deb biladi va u olib borgan siyosatni afzal ko’radi. Iqlim bo’yicha qilgan ishlari bir misol. Bayden bizni Parij iqlim kelishuviga qaytardi. Bu ancha mashhur voqea”, - deydi Uayk.
Lekin Baydenning xorijdagi mashhurligi o’z yurtidagi reytingiga mos emas. Uning siyosatini maq’ullaydigan amerikaliklar 40 foiz atrofida. Ekspertlar buni mamlakatdagi kuchli siyosiy qutblashuv bilan izohlab, odatda, Amerika yetakchilari xorijda ko’proq ardoqlanishini aytadi.
“Odamlar Bayden Amerikani yana xalqaro maydonga qaytarganidan, xalqaro hamjamiyat va dunyo ishlari bilan faolroq hamda hurmat asosida shug’ullanayotganidan mamnun”, - deydi Global masalalar bo’yicha Chikago kengashi eksperti Elizabet Shakelford.
Baydenning xorijdagi ijobiy qiyofasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin reytingining mutlaqo aksi. Pyu tadqiqot markazi so’rovining ko’rsatishicha, Putinning xalqaro maydonda to’g’ri siyosat olib borishiga xorijliklarning bor-yo’g’i to’qqiz foizi ishonch bildirgan.
“Rossiyaga kelganda, uning obro’si hozir har qachongidan ham past. Biz so’rov o’tkazgan ko’plab davlatlarda Putinnig reytingi ancha pastlagan. Bu Rossiyaning Ukraina bosqiniga nisbatan keskin munosabat”, - deydi Richard Uayk.
Ukrainani qo’llash masalasida NATO va Yevropa Ittifoqiga yo’lboshchilik qilgani uchun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va boshqa ko’plab yetakchilar Baydenga minnatdorlik bildirdi. Ularga ko’ra, agar Rossiyaning bu ishiga chora ko’rilmasa, dunyoning hech bir qismida barqarorlik bo’lmaydi.
Facebook Forum