AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays deydiki, Bayden ma'muriyati o'z hamkorlari, strategik sheriklari, ittifoqchilari va xalqaro tashkilotlardan Erondagi "jasur namoyishchilarni, o'z haqqini va adolatni talab qilayotgan insonlarni quvvatlashni so'ramoqda".
Eronda internet cheklangan va u yerdan axborot olish qiyinlashgan. Praysning aytishicha, Amerika va Yevropa davlatlari bu masala ustida bosh qotirmoqda va Erondagi faollar bilan kommunikatsiyani ushlab turishga harakat qilmoqda.
Texnologiya kompaniyalari Eronga mavjud sanksiyalarni chetlab o'tgan holda zarur vositalar yubora olishi kerak.
Sentabr oyida hibsda talaba qiz Mahsa Aminiy o'lganidan beri Eronda norozilik kuchaygan, namoyishlar tinmaydi va hukumat global tarmoqlar ustidan nazoratni mahkamlagan.
Namoyishchilar Eronda inson qadrlanishini, huquqlari hurmat qilinishini, xotin-qizlarga erkinlik berilishini, siyosiy islohotlar boshlashni talab qilmoqda.
Tehrondagi rahbariyat nazarida esa namoyishchilar chet eldan madad olib, o'z xalqi va davlati manfaatlariga qarshi qadam tashlamoqda. Hozirgacha bir necha namoyishchi qatl etilgan, minglab fuqarolar hibsda.
“AQSh har doim ezilganlar tarafida; o'z haqqi uchun tinch yo'l bilan harakat qilayotganlarning yonini olamiz", - deydi Ned Prays.
“Boshqa davlatlar bilan bizga qo'shilishi va biz bir ovozdan zulmni qoralashimiz kerak".