Breaking News

Ayol inson huquqlari himoyachilari kuni nishonlanmoqda


Afg'oniston ko'chalarida huquqi uchun kurashayotgan ayollar
Afg'oniston ko'chalarida huquqi uchun kurashayotgan ayollar

Bugun, 29-noyabr, ayol inson huquqlari himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi. Bu xalqaro sana munosabati bilan AQSh Davlat departamenti tabrik yo'llab, dunyo bo'ylab o'z erkinligi va boshqalarning huquqlari uchun kurashayotgan xotin-qizlarni olqishlamoqda.

Prezident Jo Bayden ham ularga Amerika xalqi nomidan rahmat aytib, huquq himoyasi hamisha AQSh hukumati quvvatlovida, deya ta'kidlagan.

“Ayol huquqlari hurmat qilinsagina, ular iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan faol bo'lsagina jahon tinch yashaydi va farovon bo'ladi", - deydi Bayden.

Bayden fikricha, xotin-qizlar jasorati va kuchi butun jamiyatni oldinga yetaklaydi.

Ayni damda o'nlab davlatlarda ayollar repressiya va zug'um ostida ekanini aytib, namoyish qilmoqda va dunyodan bu borada yordam so'ramoqda, jumladan Eron va Afg'onistonda.

Irqi, dini, elati, yoshi, jismoniy holati, jinsi va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tufayli xotin-qizlar kamsitiladi, azoblanadi, bilim ololmaydi, ishlay olmaydi va jamoatchilikka qo'shila olmaydi. Matbuot ularning ovozini eshitmaydi, chunki bunday jamiyatlarda siyosat erkaklar qo'lida, xususan ayollarni chetlashtirishni ma'qul ko'rgan odamlar iznida.

Biroq, deya bildiradi AQSh Davlat departamenti, jahon miqyosida yakkahokimlikka qarshi bosh ko'tarayotgan, demokratiya va erkinlikka intilayotganlarning aksariyati xotin-qizlardir va ularni hech kim to'xtata olmaydi.

"Adolat talab qilayotganlar, matbuot erkinligi talab qilayotganlar, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan chora talab qilayotganlar va hammaning manfaatlari uchun jasorat ko'rsatayotganlar - ayollar", - deydi Neyt Prays, Davlat departamenti so'zlovchisi.

Prays deydiki, Amerika hukumati bunday jasur insonlardan madadni ayamaydi, ular bilan bog'lanadi va uzoqdan bo'lsa ham ularni ruhan quvvatlashda davom etadi.

"Biz ayol huquq himoyachilari tarafidamiz, ular kim bo'lishidan qat'i nazar, istagi inson huquqlari va uzviy erkinliklarga ega bo'lish va to'laqonli insondek yashash ekan, biz ular bilanmiz", - deydi Prays.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG