Breaking News

BMT Erondagi zo’ravonliklar bo’yicha tekshiruv boshlaydi


Xavfizlik kuchlari, Tehron
Xavfizlik kuchlari, Tehron

BMTning Inson huquqlari kengashi Erondagi tinch namoyishchilarga qarshi represessiyani qoralab, yuqori darajada tekshiruv o’tkazish uchun ovoz berdi.

Tehron tomonidan lobbichilik va Xitoyning so’nggi daqiqada rezolyutsiyani to’sishga urinishiga qaramasdan, 47 a’zolik kengashda ko’pchilik tekshiruv boshlash taklifini qo’llab-quvvatlagan.

25 mamlakat taklifni yoqlab ovoz bergan, 16 davlat, jumladan O’zbekiston va Qozog'iston umuman ovoz bermagan va 6 mamlakat – Armaniston, Xitoy, Kuba, Eritreya, Pokiston va Venesuela qarshi ovoz bergan.

Natijani olqishlagan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko’ra, kengash Eronda vaziyat jiddiyligini tushunadi va tan oladi.

“Vaziyatni o’rganish guruhi Eron xalqini zo’ravonlik bilan bostirishda qatnashgan shaxslarni aniqlash va ularning harakatlarini hujjatlashtirishga yordam beradi”, - deydi u.

Erondagi vaziyatning favqulodda muhokamasini Germaniya va Islandiya talab qilgan, tashabbusni yana 50 davlat qo’llab-quvvatlagan.

Islomiy respublikada ikki oydan beri davom etayotgan namoyishlarga 22 yoshli Mahsa Aminiyning ro’molini noto’g’ri o’ragani uchun hibsga olinishi, uning politsiya idorasida jon berishi turtki bergan edi.

Tehron majlis ortidagi G’arb davlatlarini qoralab chiqdi.

Yevropa va AQSh “inson huquqlari to’g’risida va’z o’qish uchun ma’naviy ishonchga ega emas”, deydi Eron vitse-prezidentining ayollar va oila ishlari bo’yicha o’rinbosari Xadicha Karimiy.

“Inson huquqlaridek umumiy qadriyatni muayyan G’arb davlatlari o’zlarining siyosiy maqsadlari yo’lida bir vositaga aylantirishi dahshatli va sharmandali”, - deydi rasmiy.

Norozilik aksiyalari turli shaharlarga tarqalib, mamlakatda 1979-yildan beri hukmron teokratik tuzumga qarshi harakatga aylanar ekan, xavfsizlik kuchlari ham namoyishlarni tobora qonli usullar bilan bostirmoqda.

Tashrif taklifi

BMTning inson huquqlari bo’yicha komissari Volker Tyurk deydiki, Eronda “nomutanosib kuch ishlatilishiga chek qo’yilishi kerak”. U Eronga safar qilish haqida taklif bilan chiqqan, biroq Tehron javob bermagan. Aminiyning o’limidan beri, deydi rasmiy, mamlakatda yana 300 odam o’ldirilgan.

Norvegiyada asoslangan Eron inson huquqlari tashkiloti esa o’lganlar soni 400 ekani, ular orasida 50 dan ziyod bolalar ham borligini qayd etadi.

Tyurkka ko’ra, respublikada namoyishlarda qatnashgan 14 ming kishi hibsda. U kamida olti nafariga o’lim jazosi berilganini qoraladi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok barcha mamlakatlarni mustaqil xalqaro tekshiruv tashabbusini yoqlashga chaqirmoqda, toki “aybdorlar javobgarlikka tortilsin”. BMT missiyasi, deydi u, dalillarni to’plashga kirishadi.

Islandiya Tashqi ishlar vaziri Tordis Kolbrun Gilfadottirning ta’kidlashicha, kengashda berilgan ovoz “inson huquqlari va asosiy erkinliklarni hurmat qilish, himoya qilish va bajarishga” qaratilgan.

“Xalqaro Amnistiya” va “Human Rights Watch” huquq tashkilotlari ovoz berish natijasini olqishlamoqda.

Masala yuzasidan Eronni qo’llab-quvvatlagan Pokiston, Venesuela va boshqalar kengash siyosiylashmoqda, deya tanqid qildi. Xitoy elchisiga ko’ra esa “inson huquqlari boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish vositasiga aylanmasligi kerak”.

Xitoy so’nggi daqiqada rezolyutsiya matniga o’zgartirish kiritishni, tekshiruv o’tkazish talabini olib tashlashni taklif qilgan. Bu taklifni faqat 6 davlat yoqlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG