Eronda ikki oydan beri davom etayotgan norozilik harakati belgilari Qatarda bo'lib o'tayotgan futbol bo’yicha jahon chempionatida ham ko’zga tashlandi. Chempionatning ikkinchi kunida Eron jamoasi Angliyaga 6:2 hisobida mag'lub bo'ldi. Stadionda ba’zi ishqibozlar Erondagi namoyishchilarni qo’llab plakatlar ko’tardi.
Dushanba kuni Doxadagi Xalifa xalqaro stadionida bo‘lib o‘tgan Eron va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi o’yinda jami 45 300 tomoshabin qatnashgan. Ular orasida eronlik ishqibozlar soni 20 000 dan 25 000 gacha ekani taxmin qilinadi.
O’yinda qatnashgan “Amerika Ovozi” muxbirining aytishicha, eronlik muxlislarning aksariyati Eron islomiy hukumatining sodiq tarafdorlari bo'lib, ularga o'yin uchun bepul chiptalar olib berilgan. Bu muxlislar o’yin davomida Eron Islom respublikasi bayrog'ini hilpiratdi.
Muxbir, shuningdek, stadionda sentabr oyi o‘rtalarida boshlangan namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan eronliklarini ham kuzatganini aytadi.
Ular, asosan, Shimoliy Amerika va Yevropadan kelgan hamda Eronning o'zidan Dohaga sayohat qilgan ba’zi eronliklardan iborat.
Eronlik futbolchilar Angliya bilan o'yin boshlanishidan oldin islomiy respublika madhiyasini kuylashdan bosh tortgan namoyishchilarga birdamlik ishorasini qilgandek bo'lgan. Ularning bu sukuti so‘nggi haftalarda boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalarda qatnashayotgan eronlik sportchilarning madhiyani kuylashdan bosh tortishi ortidan sodir bo‘ldi.
Yakshanba kuni Eron futbol jamoasi sardori Ehson Hajsafi ham o'z mamlakatidagi "jabr ko’rgan oilalar"ga hamdardlik bildirdi.
“Mamlakatimizdagi shart-sharoit toʻgʻri emas, xalqimiz xursand emasligini qabul qilishimiz kerak, - dedi u. - Biz hozir bu yerdamiz, lekin bu ularning ovozi bo'lmasligimiz kerak yoki ularni hurmat qilmasligimiz kerak degani emas".
Ammo stadiondagi ba'zi eronlik muxlislarga ko’ra, sardorning so'zlari va jamoaning madhiyani kuylashdan o'zini tiyishi yetarli emas. Ular o'yinchilardan o'yin boshida tiz cho'kish yoki maxsus bilaguzuk taqish kabi boshqa imo-ishoralarni kutishgan, biroq Jahon chempionati tashkilotchisi FIFA o’rnatgan qoidalarga ko’ra, o'yinchilarning tashkilot tasdiqlagan ro’yxatda bo’lmagan bilaguzukni taqishi taqiqlangan.
Muxbirning aytishicha, norozilik harakati tarafdorlarining bir necha mingdan iborat ikkinchi guruhi stadionga, asosan, o'zlarining norozilik aksiyalarini o'tkazish va Erondagi vatandoshlarining ovozini eshittirish uchun kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan suratlarda ba'zi eronliklarning tribunalarda milliy madhiyani shovqin bilan to’xtatishga uringani, "Ayol. Hayot. Ozodlik” yozuvini hamda gerbi kesilgan Eron Islom Respublikasi bayrog‘ini ko’tarib turgani aks etgan.
Tasvirlardan birida Eronning 1979-yilgacha bo‘lgan monarxiyasi davridagi sher va quyosh bayrog‘ini ko‘tarayotgan ayol ko‘rsatilgan. Eron so‘nggi shohining AQShda yashovchi o‘g‘li Rizo Pahlaviy o‘zining “Twitter” sahifasida bu videoni baham ko‘rgan.
O'yindan so'ng ba'zi eronliklar stadionni tark etayotib Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning "o'limi" uchun qichqirgan.
Dushanba kungi o'yindan so'ng Eron poytaxti Tehronda suratga olingan videolarda ham xuddi shunday ovozlar yangragan. “Amerika Ovozi” bu suratlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi, chunki Eron ichidan ma’lumot olish qiyin.
Eron terma jamoasining portugaliyalik murabbiyi Karlush Keyrush o'yindan keyingi matbuot anjumanida barcha eronliklar bu o'yindan mamnunligi yoki noroziligini bildirishga haqli ekanini aytdi. Ammo, dedi u, futbolga aloqasiz narsalar bilan yosh o’yinchilarni chalg’itishga bo’lgan urinishlarga stadionda o’rin yo’q.
"Siz bu bolalar so'nggi bir necha kun ichida futbol o'ynashni xohlayotgani uchun, o'zlarini futbolchi sifatida namoyon etishni xohlagani uchun nimalarni boshdan kechirayotganini sahna ortida tasavvur ham qila olmaysiz, - dedi Keyrush. - Ularning bitta umidi bor, o’z mamlakatini namoyon qilish va xalq uchun o'ynash”.
Namoyish tarafdorlari keyingi o’yinlarda ham stadionga kelib, Erondagi vaziyatga e’tibor qaratishga urinishlarini aytgan.
Facebook Forum