Eron bo’ylab hukumatga qarshi namoyishlar davom etar ekan, mamlakat shimoli-g’arbida ozariy turk jamoalari yashovchi Tabriz, Urmiya va Ardabil shaharlarida “erkinlik, adolat va milliy hukumat” umumiy shiorga aylangan. Talablar tezda Erondagi boshqa etnik guruhlarning e’tiborini tortdi.
Tabrizning Girx-Metr va Shahnoz mahallalarida o’tgan namoyishlar videosida “xalqlar uchun suverenitet”, “ayollar uchun erkinlik” va “mullalarning biznesi - o’g’rilik, qotillik va xiyonat” degan shiorlar ham ko’zga tashlandi.
21-sentabrda ozariy turklar jamoasi vakili, Hadis Najafiy ismli namoyishchi Karaj shahrida otib o’ldirilgan edi. U hukumatga qarshi g’alayonning yana bir ramziga aylangan.
Eronning shimoli-g’arbiy qismida eshitiladigan va ba’zida bannerlarda paydo bo’ladigan shiorlar asosan ozariy turk lahjasida yozilgan. Bu mintaqa qo’shni davlat singari Ozarbayjon deb ataladi.
1945-46 yillarda “Ozarbayjon Milliy Hukumati” davrida maktablarda qisqa muddat ozariy turk tilida darslar o’qitilgan. Norozilik namoyishlarida yangrayotgan “milliy hukumat” atamasi Ozarbayjon muxtoriyatiga ishoradir.
Biroq Eronning Ozarbayjonida muxtoriyatga da’vatlar nafaqat Eron hukumati, balki ko’pgina dissident guruhlar tomonidan ham olqishlanmaydi.
Eron rasmiylari va davlat matbuoti shimoli-g’arbdagi so’nggi namoyishlarda hibsga olinganlarni separatistlar va panturkizm tarafdorlari deb atagan.
“Fars News” agentligi oktabrda tarqatgan xabarga ko’ra, Tehrondagi aksiyada monarxist, kurd, MEK (Eron xalq mujohidlari tashkiloti) va marksist guruhlar vakillari bilan bir qatorda panturkistlar ham hisbga olingan.
Eronning G’arbiy Ozarbayjon viloyatidan siyosiy faol, Turkiyada yashayotgan Mahsa Mehdilining “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, bu shiorlar ozariy turklar namoyishlarda o’z talablari bilan ishtirok etayotganini ko’rsatadi.
“Xulosa shuki, xalqlar o’z taqdirini o’zi hal qilishni, moddiy va ma’anaviy boyliklarini o’zi boshqarishni xohlaydi. Eronning turli etnik jamoalari, jumladan turklar, kurdlar, arablar, balujlar va forslar umumiy maqsadlar yo’lida hamkorlik qila oladi. Sharti shuki, ular bir-birining o’ziga xosligi, xususiyatlari va farqlarini tan olishi kerak”, - deydi Mehdili.
“Ozodlik, adolat va milliy hukumat” iborasi Erondagi boshqa turkiyzabon jamoalar e’tiborini ham tortgan. Qashqay turk yozuvchisi va jamoa faoli Asadulla Rahimiyning 24-oktabr kuni Sherozda o’tgan dafn marosimi aks etgan videolarda shunday hayqiriqlarni eshitish mumkin.
Eronlik arab yozuvchisi va jurnalist Yusuf Aziziy Benitorof so’zlariga ko’ra, “erkinlik, adolat va milliy hukumat” Eronda federal tizim yaratishni maqsad qilgan manifestdir.
“Bu shior [Erondagi] Ozarbayjon xalqining huquq manifesti bo’lib, Eronda federal tizim, turklar yashovchi mintaqa uchun federal hukumat yaratishni maqsad qiladi. Bu shior bilan Erondagi xalqlar inqilobi bir qadam oldinga siljidi”, - deya yozdi Benitorof Feysbuk sahifasida.
Eron hukumati mamlakatdagi etnik guruhlar haqida hech qachon statistik ma’lumotlar taqdim etmagan. 2011-yilda Eron sobiq tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy Anqaraga rasmiy tashrifi chog’ida eronliklarning 40 foizi turk tilida gaplasha olishini aytgan edi.
Ozariy turklarning aksariyati - shia musulmonlar. Ular o’z tilidan foydalanishiga qo’yilgan cheklovlardan norozilik bildirib keladi.
Facebook Forum