Ishonchli manbaga ko’ra, Eronda ozariy turklar jamoasidan bo’lgan huquq himoyachisi Ali Aziziy diskriminatsiyaga qarshi tinch aksiyalar o’tkazgani uchun besh yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.
“Amerika Ovozi” Fors xizmati bilan gaplashgan manbaning aytishicha, Tabriz shahridagi Inqilobiy sudda hukm o’qilgan. Bu haqda uning advokati Asqar Muhammadiyga og’zaki xabar berilgan.
Ali Aziziy ozariy turklarning noqonuniy guruhiga a’zolikda ayblanib besh yillik, shuningdek, hukumatga qarshi propaganda tarqatishda aybdor deb topilib, yana bir yillik qamoq jazosi belgilandi.
Eron qonunlariga ko’ra, agar apellyatsiya murojaatlari natija bermasa, Aziziy ikki hukmning eng uzoq muddatini, ya’ni besh yilni qamoqda o’tkazishi mumkin. U Eronning G’arbiy Ozarbayjon viloyatida, Urmiya shahridagi uyida, tovon puli evaziga hozircha ozodlikda.
Hibs
Eron xavfsizlik kuchlari huquq faolini o’tgan yilning 23-fevralida Tabriz shahrida hibsga olgan. U so’roq qilinib, 25-mart kuni 500 million tuman (19 ming dollar) tovon puli evaziga qo’yib yuborilgan.
14-sentabr kuni o’tgan mahkamada Aziziy unga qo’yilgan ayblovlarni xavfsizlik idoralarining uydirmasi, deya rad etgan. U Janubiy Ozarbayjon Milliy Ozodlik Fronti (JOMOF) nomli ozariy turklar tashkiloti bilan aloqada ekani haqidagi da’volarni ham inkor etgan.
JOMOF o’z vebsaytiga ega va uni bir qancha mamlakatlarda quvg’inlikda yashayotgan eronlik ozariy turklar yuritadi.
Ali Aziziyga qarshi jinoiy ish asosida uning boshqa bir ozariy turk faoli Abbos Lisoniy bilan aloqa qilgani haqidagi iddaolar yotadi. Lisoniy Erondagi etnik ozchilikdagi jamoa huquqlarini himoya qilgani uchun qamalgan. Aziziy xuddi shunday faoliyat bilan shug’ullanadi, biroq Lisoniy bilan aloqa qilgani aniq emas.
Eronda ozariy turklar, 2018-yil hisobiga ko’ra, 15 millionni tashkil etib, asosan mamlakat shimolida, G’arbiy Ozarbayjon, Sharqiy Ozarbayjon, Ardabil va Zanjon viloyatlarida yashaydi. Mamlakat aholisi esa qariyb 82 million.
Ozariy turklarning aksariyati – shia musulmonlar. Ular o’z tilidan foydalanishiga qo’yilgan cheklovlardan norozilik bildirib keladi.
Cheklovlar
Eronning ozariy turklari gaplashadigan lahja maktablarda qo’llanishiga ruxsat yo’q. Faollarning aytishicha, bu Eron konstitutsiyasining 15-moddasiga ziddir. Ushbu modda “matbuot va ommaviy axborot vositalarida mintaqaviy va qabilaviy tillardan foydalanishga, shuningdek, ularning adabiyotidan maktablarda foydalanishga” ruxsat beradi.
Eron hukumati nazarida esa turkiy dialektdan rasman foydalanish mamlakatda ozchilik guruhlar o’rtasida spearatizm kuchayishiga olib kelishi mumkin.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan manbaga ko’ra, so’nggi oylarda Ali Aziziyga qo’shimcha ayblov qo’yilgan: jamoat tartibini buzish uchun internetda “yolg’on ma’lumotlar” tarqatish. Undan yana 6000 dollar tovon puli talab qilinmoqda.
“Amerika Ovozi” Eronda taqiqlangani bois sud ishini mustaqil ravishda kuzata olmaydi. Aziziy ustidan sud ishi mahalliy matbuotda yoritilmayapti.
Facebook Forum