AQSh Eronni Rossiyaga harbiy dron uzatganlikda ayblarkan, Bayden ma’muriyati Tehronga sanksiya qo’yishi mumkin. Oq uy, shuningdek, Eron yadro dasturiga oid xalqaro muzokaralar to’xtab qolganidan norozi. Eronda bir ayolning o’limi ketidan avj olgan norozilik namoyishlarining bostirilishi ham tanqidga uchrayapti.
Rossiya so’nggi kunlarda Ukraina poytaxti va boshqa shaharlariga Eron dronlari bilan hujum qilmoqda. Tehron va Kreml dronlar Eronniki ekanini inkor etmoqda.
Vashingtonda esa Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer AQShning bu masalaga munosabatini quyidagicha izohladi.
“Eron haqiqatni so’zlamayapti, Rossiyaga qurol berganini inkor etyapti. Ayrim xabarlarga ko’ra, Eron Rossiya bosqiniga qarshi ekanini da’vo qilsa-da, unga kuchliroq qurol sotmoqchi. Biz AQShning Rossiya va Eron qurol savdosiga qo’yilgan sanksiyalarini qattiqroq nazorat qilamiz. Eron ushbu qurollarni Rossiyaga sotishini qiyinlashtiramiz”, - deydi rasmiy.
Biroq tahlilchilarga ko’ra, G’arb Eronni yanada yakkalatishga ojiz.
“Eronni jazolashga kelganda so’nggi oylarda qanday choralar qo’llab kelgan bo’lsak, yana shu usulni qo’llashdan boshqa choramiz yo’q. Ya’ni bu tizimlarni sotayotgan, sotib olayotgan va qo’llayotgan shaxs va shirkatlarni aniqlab, ularni qora ro’yxatga qo’shamiz. Shu tobda bunday choralarning samarasi o’ta cheklangandir”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi talilchisi Entoni Kordsmen.
Eronda sentabr oyida axloq politsiyasi mahkamasida jon bergan 22 yashar ayolning o’limi ketidan avj olgan norozilik namoyishlari AQSh hukumati e’tiboridan chetda qolmadi.
“Dunyo nihogi hozir Eronda qo’rqmay haqqini talab qilgan mana shu dovyurak namoyishchilarda. Nafaqat ayollar, balki umuman insonlar huquqlari uchun kurashayotgan odamlarda. AQSh ularni qo’llab-quvvatlaydi. Eron tuzumini biz guvoh bo’layotgan qilmishlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida so’nggi kunlar va haftalarda qator qadamlar qo’ydik”, - deydi AQSh davlat kotibining Iroq va Eron masalalari bo’yicha yordamchisi Jennifer Gavito.
Eronning yuqori lavozimli rasmiylarini qora ro’yxatga kiritish, eronliklar bir-biri bilan aloqa qila olishi uchun aloqa vositalari bilan ta’minlash, matbuotda chiqishlariga imkon yaratish shular jumlasidan, deydi rasmiy.
Oq uy Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuv bo’yicha muzokaralar turib qolganidan xavotirda.
“Kelishuvga hali-beri erishilishiga ko’zimiz yetmayapti”, - deydi Jan-Pyer.
Eronda 2021-yilda yangi rahbar saylanganidan beri yadroviy kelishuv bo’yicha muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qoldi.
“Eronda saylovdan beri yadroviy bitim o’ta qaltis ahvolga tushib qoldi. Eronda ma’lum darajada demokratiya va muxolifatni ko’ryapmiz. Hukumat diniy rahbariyatga qaraganda ancha toqatliroq ko’rinyapti. Hozirgi prezident diniy doiralardan chiqqan va o’ta konservativ”, - deydi tahlilchi Kordsmen.
AQSh Eron rahbariyatini yadroviy kelishuv masalasida joyidan qo’zg’atishga harakat qilyapti.
Namoyishchilar esa adolat talab qilyapti.
Nafaqat Eronning Tehron, Hamadan, Rasht, Isfahon shaharlarida, balki Livanning Bayrut, Chilining Santyago, Italiyaning Rim, Isroilning Quddus, AQShning Vashington shaharlarida ham.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha idorasi bergan ma’lumotga ko’ra, Erondagi namoyishlarda 23 bola nobud bo’lgan.
“Ba’zi manbalarga ko’ra, kamida 7 viloyatda 23 tagacha bola o’lgan, jarohat olganlar bor”, - deydi idora vakili Ravina Shamdasani.
Ba’zi bolalarning o’q yeb, ba’zilarining metal granulalaridan o’lgani ma’lum, yana kimnidir o’lguncha kaltaklashgan, deyiladi BMT ma’lumotnomasida.
Facebook Forum