Breaking News

AQSh sobiq diplomatlari Eron tahdididan himoya qilinmoqda


Abu Dabi, 2019: AQShning o'sha paytdagi Davlat kotibi Mayk Pompeo
Abu Dabi, 2019: AQShning o'sha paytdagi Davlat kotibi Mayk Pompeo

Bayden ma'muriyatiga ko'ra, AQShning sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo va uning qo'lida ishlagan Brayan Huk Eron tahdidi ostida. Har ikkisi oldingi prezident Donald Tramp davrida ishlagan va hukumatni 2021-yil boshida tark etgan.

Davlat departamenti bu tahdid haqida Kongressni o'tgan hafta yana bir bor xabardor etgan. Huk - AQShning Eron bo'yicha sobiq vakili. Uni va Pompeoni Tehron agentlari zimdan kuzatib, ishlayotgan paytidagi qarorlari uchun jazolashga urinayotgan bo'lishi mumkin, deya ogohlantirgan Amerika tashqi ishlar vazirligi.

Har ikkisi hukumat himoyasida, maxsus xavfsizlik choralari joriy etilgan.

Bu boradagi ma'lumot joriy yilning mart oyida paydo bo'lgan edi. Pompeo va Huk uchun 24 soatli xavfsizlik xizmati safarbar etilgan, buning uchun oyiga 2 million dollar sarflanadi.

Huk borasida Kongressga sakkiz marta nota yuborilgan, Pompeo xususida esa besh marta. Bu hujjatlarda Davlat departamenti qonunchilarga xavfsizlik choralarini tushuntiradi.

Pompeo va Huk o'z davrida Tehronga maksimum bosim o'tkazish taklifi bilan chiqqan, shunga harakat qilgan va Eron Inqilobiy gvardiyasining "xorijiy terror tashkiloti" deya tamg'alanishi, unga qarshi sanksiyalar qo'yilishiga yetakchilik qilgan.

Eron harbiy qo'mondoni, general Qosim Sulaymoniy suratlari mamlakat bo'ylab osilgan. Sulaymoniy AQSh tomonidan 2020-yilda o'ldirilgan.
Eron harbiy qo'mondoni, general Qosim Sulaymoniy suratlari mamlakat bo'ylab osilgan. Sulaymoniy AQSh tomonidan 2020-yilda o'ldirilgan.

Eron rasmiylari Pompeo va Hukni 2020-yilning yanvarida general Qosim Sulaymoniy o'ldirilishida ham ayblaydi.

Kongress hukumatdagi xizmati uchun hayoti xavf ostida bo'lgan sobiq rasmiylarni himoya qilish uchun qariyb 30 million dollar ajratgan.

Davlat departamenti yangi tahdidlar haqida qonunchilarga axborot berib, qo'shimcha mablag' so'rab turadi.

Huk va Pompeo bu masala yuzasidan sukut saqlab keladi.

Bu orada Bayden ma'muriyati Tramp prezidentligi paytida voz kechilgan yadroviy bitimni tiklash harakatida va bu borada Eron vilan bilvosita muzokara qilisga urinmoqda.

Oq uy Tehronni haddan tashqari ko'p talablar qo'yayotganlikda tanqid qilsa-da, atom dasturini cheklash evaziga unga iqtisodiy yordam taklifini chetga surmagan.

Eronda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat bu yili yanada og'irlashgan. Talaba qizning hibsda jon berishi ketidan avj olgan norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilib, yuzlab odamlar qamoqqa tashlangan.

AQSh Eronga nisbatan sanksiyalarni oshirgan. Oq uy qayd etishicha, islomiy respublika hukumati o'z xalqini shafqatsizlarcha ezmoqda, qiynoqlar keng, begunoh insonlar qatl etilmoqda.

"Dunyo ahli Erondan ko'zini uzmayapti", - deya bildiradi Jeyk Sallivan, Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi.

"Bu hukumatning inson huquqlarini qanchalik poymol etayotgani oqibatlarsiz, jazosiz qolmaydi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG