Breaking News

Eronda qatllar soni oshishi mumkin


Turkiyada eronliklar Tehrondagi rahbariyatga qarshi namoyishda, Istanbul, 10-dekabr, 2022
Turkiyada eronliklar Tehrondagi rahbariyatga qarshi namoyishda, Istanbul, 10-dekabr, 2022

Eron islomiy tuzumga qarshi bosh ko'targanlar osilayotgani haqida ma'lumotlar chiqqanidan beri mamlakat bo'ylab qo'rquv hissi hukmron. Hukumat namoyishchilarni birma-bir shunday jazolashi mumkin, degan xavotir kuchaygan.

Deyarli uch oydan beri yoshlar talaba qiz Mahsa Aminiy hibsda o'lgani yuzasidan norozilik bildirib kelmoqda.

1979-yilda dindorlar hokimiyatga kelganidan beri Eronda siyosatga bu qadar qarshilik kuzatilmagan.

Rahbariyat bu namoyishlarni tartibsizlik deb biladi va ular ortida tashqi kuchlar turibdi, deya repressiv choralar ko'rmoqda. Faollarga qarshi kuch ishlatilmoqda, ular hibsga olinmoqda.

8-dekabr kuni 23 yoshli namoyishchi Muhsin Shakariy dorga osilgan. U xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumda ayblangan. Sud noqonuniy ravishda o'tgan, deydi uning himoyachilari.

Eron sud tizimiga ko'ra, hozirgacha 11 namoyishchi o'lim jazosiga loyiq deb topilgan. Faollar esa yana kamida 10 nafar odam yaqin orada shunday hukm bilan yuzlashishi mumkin.

Eronliklarning Istanbuldagi namoyishlari, 10-dekabr, 2022
Eronliklarning Istanbuldagi namoyishlari, 10-dekabr, 2022

Inson huquqlari tashkilotlari xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, diplomatik va iqtisodiy choralar ko'rishga chaqirmoqda. Aks holda, deydi ular, Eronda o'nlab yoshlar qatl etiladi.

22 yoshli Mahan Sadrat bu hafta osilishi mumkin. U namoyishlarda pichoq ishlatganlikda ayblangan. Sadrat buni inkor etadi. 10-dekabr kuni u Tehrondagi hibsxonadan Karaj shahridagi turmaga ko'chirilgan.

"Boshqa mahbuslar singari u ham advokatini ko'ra olmagan. So'roq paytida himoya bilan ta'minlanmagan. Sud ham nomiga o'tgan, chunki tuzum namoyishchilarga shafqat qilmoqchi emas", - deya bildiradi Osloda asoslangan Eron inson huquqlari jamiyati.

"Xalqaro amnistiya" tashkilotining bildirishicha, Sahand Nurmuhammadzoda ismli yana bir talaba noyabr oyida oliy jazoga mahkum etilgan. Hukumat uni ham zo'ravonlikda ayblagan.

24 yoshli repper Saman Saidiy, kurd elatiga mansub eronlik, ham o'limga buyurilgan. Onasining aytishicha, o'g'li artist va "zo'ravonlikka aslo berilmagan".

Yana bir repper, Tumaj Solihiy ham sudlanmoqda va uni ham shunday jazo kutayotgani haqida xabarlar bor.

BMT bu holatlar yuzasidan Tehronga qarshilik bildirib, fuqarolarga nisbatan adolatli bo'lishga undamoqda.

Eronning Zohidon shahridagi masjid oldida hukumatga qarshi namoyish, 9-dekabr, 2022
Eronning Zohidon shahridagi masjid oldida hukumatga qarshi namoyish, 9-dekabr, 2022

Hamid Garehasanlu ismli shifokor ham o'lim jazosiga hukm qilingan, qamoqda qiynoqqa solingan.

"Eron siyosiy jihatdan jazolanmasa, bu qatllar to'xtamaydi", - deydi huquq himoyachisi Mahmud Amiriy-Muqaddam.

"Chunki Tehron uni savolga tutgan fuqarolarni hozirda eng keskin yo'llar bilan jazolashga o'tgan".

AQSh, Yevropa Ittifoqi, Britaniya va boshqa davlatlar Erondagi qatllarni qoralamoqda.

Tehronda Britaniya va Germaniya elchilari "Eronning ichki ishlariga aralashayotganlikda ogohlantirilgan".

Faollar esa bu davlatlar Eronning u yerdagi elchilarini haydasin, deydi. Ular Yevropa va AQShni Tehrondagi rahbariyatga nisbatan yanayam qattiqroq turishga chaqirmoqda.

Namoyishlarda kuz boshidan beri 458 kishi o'ldirilgan, kamida 14 ming odam hibsga olingan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG