Dunyo bo‘ylab qamoqqa olingan jurnalistlar soni 2022-yilda yana rekord o‘rnatdi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining yillik hisobotiga ko‘ra, 2022-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, dunyo bo’ylab 363 nafar muxbir ozodlikdan mahrum etilgan. Bu o‘tgan yilgi ko’rsatkichdan 20 foizga ko’p.
Bu yil jurnalistlar eng ko’p qamalgan davlatlar beshligini Eron, Xitoy, Myanma, Turkiya va Belarus tashkil qildi. Avtoritar hukumatlarning ommaviy axborot vositalarini bo'g'ish bo'yicha tobora kuchayib borayotgan zulmkor harakatlari ortida, asosan, “COVID-19” pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan kelib chiqqan iqtisodiy ta'sirlar turgani aytiladi.
Eronda bosh kiyimga oid qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan 22 yoshli kurd ayol Mahsa Aminiy politsiya hibsxonasida o'lim topgach, mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi va bu namoyishlarni bostirish chog’ida hibsga olingan 14 mingga yaqin eronlik orasida o'nlab jurnalistlar ham bor. Namoyishlar boshlanganidan beri hibsga olingan 49 nafar jurnalistdan 22 nafari ayollar.
Xitoyda hukumatning koronavirusni jilovlashga oid keskin siyosatiga qarshi bo’lib o’tgan so'nggi norozilik namoyishlari paytida rasmiylar onlayn senzurani kuchaytirdi. Namoyishlarni yoritish paytida bir nechta jurnalist qisqa muddatga hibsga olingani xabar qilindi.
Xitoyda qamoqqa olingan jurnalistlarning koʻpchiligi Shinjondan boʻlgan etnik uygʻurlar boʻlib, Pekin mintaqada, asosan, musulmonlardan iborat aholiga qo’llagan qatag’on siyosati tufayli xalqaro hamjamiyat tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan.
Jurnalistlarni qamoqqa olish avtoritar rahbarlar tomonidan matbuot erkinligini bo'g'ishga bo’lgan urinishning bir o'lchovidir. Dunyo bo’ylab ko’plab hukumatlar, shuningdek, “soxta yangiliklar”ga qarshi kurash qonunlari asosida jurnalistlarning ovozini o’chirishga urinmoqda. Shuningdek, jurnalistlarni kuzatish va nazorat qilish uchun zamonaviy texnologiyalar ishga solinyapti, deyiladi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi hisobotida.
Rossiyadan Nikaragua va Afg'onistongacha bo'lgan mamlakatlarda muxbirlar tazyiqdan qochib xorijga chiqib ketgan; ko’plab mustaqil ommaviy axborot vositalari yo'q qilingan.
Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi ba'zi mamlakatlarda jurnalistlarni jazo muddati tugaganidan keyin ham hibsda ushlab turish qayd etilgan. Vyetnamda davlatga qarshi tashviqot qilgani uchun to'qqiz yillik qamoq jazosini o'tayotgan jurnalist Fam Doan Trang oilasidan qariyb 1500 km. uzoqlikdagi qamoqxonaga ko'chirilgan. Bu yaqinlari qamoqxonaga muntazam tashrif buyurishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgan, deyiladi hisobotda.
Belarusda Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi milliy norozilik namoyishlarini hujjatlashtirgani uchun hibsga olingan o'nlab jurnalistlardan biri, “Belsat” telekanali muxbiri Katerina Andreyeva ikki yillik qamoq muddatini yakunlash arafasida “davlat sirlarini oshkor qilish”da ayblanib, yana yetti yil muddatga qamalgan.
Rossiyada Ukraina bosqini boshlangandan beri so’z erkinligini cheklovchi yangi qonunlar, shu jumladan, mojaroni urush deb atashni taqiqlash tufayli mustaqil OAVlar deyarli butunlay yo’q qilindi, ko'plab rus jurnalistlari xorijga chiqib ketdi. Rossiya hibsxonasida ekani ma'lum bo'lgan 19 kishidan bir nechtasi "soxta xabarlar" tarqatishda ayblanib, 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi kutilyapti.
Tojikistonda olti nafar jurnalist hibsga olingan. U Markaziy Osiyoda jurnalistlar eng ko’p qamalgan mamlakat bo’lib turibdi. Hibsdagilarning barchasi Tog‘li Badaxshon viloyatidan ekani va yopiq eshiklar ortida o’tgan sudda, qiynoqlar ortidan uzoq yillik qamoq muddatlariga hukm qilingani ma’lum.
Yaqin vaqtgacha o'zining demokratik taraqqiyoti bilan tanilgan Gruziya birinchi marta Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ro'yxatiga kirdi. Telejurnalist Nika Gvaramiya 2022-yil may oyida uch yarim yillik qamoq jazosiga tortildi.
Facebook Forum