Tojikistonda oxirgi yarim yilda 10 ga yaqin jurnalist va blogerlar hibsga olinib, ba’zilari uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mamlakatda so‘z erkinligiga ta’sir qilmay qolmadi.
Bunday fikrni ilgari surayotgan tahlilchilar fikricha, so’nggi payt mamlakatdagi mustaqil OAV va alohida jurnalistlar tahliliy va tanqidiy materiallarga qo‘l urishdan tiyilmoqda.
Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) OAV erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro 7-noyabr kuni Tojikistonda ommaviy axborot vositalari erkinligiga yana bir zarba berilganidan xavotir bildirdi.
Tashkilot vakili jurnalist Zavqibek Saidaminiy 7 yilga ozodlikdan mahrum etilishi ortidan Tojikiston hukumatidan uni va qamoqdagi boshqa jurnalistlarni ozod qilishni so‘radi.
"Ularga jamiyat bilan bog‘liq masalalar, jumladan, xavfsizlik masalalari haqida xabar berish imkoniyati berilishi kerak. Jurnalistika jinoyat emas", – deya ta’kidlagan Ribeyro.
Dushanbedagi sudda 4-noyabr kuni mustaqil jurnalist Zavqibek Saidaminiy 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu shahar sudlarida oxirgi bir oy ichida jurnalistlar ustidan o‘qilgan birinchi sud hukmi emas.
17-oktabr kuni boshqa bir jurnalist va bloger Daler Imomaliy 10 yilga, 4-oktabrda Abdullo G‘urbatiy taxallusi bilan tanilgan jurnalist Avazmat G‘urbatov 7,5 yilga qamaldi. Bu orada, jurnalist Mamadsulton Mavlonazarov (Muhammad Sulton) ham 7 yilga, bloger Komyor Mirzoyev 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgani (https://t.me/anorasarkorova/550) ham jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi.
Ayni kunlarda yana bir mustaqil jurnalist Abdusattor Pirmuhammadzodaga nisbatan ochilgan jinoiy ish sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Yuqorida nomlari keltirilgan jurnalistlarning sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazilayotgani tufayli jamoatchilikda deyarli ma’lumot yo‘q. Ayni paytda tahlilchilar holat yuzasidan turli fikrlar bildirishmoqda.
Huquqshunos va advokat Shuhrat Qudratovning aytishicha, Tojikiston jinoyat-protsessual kodeksining 273-moddasiga ko‘ra, qonunda ko‘rsatilgan ba’zi holatlardan tashqari, barcha sud jarayonlari ochiq o‘tkazilishi kerak.
Sud boshlanishi oldidan, deydi u, sudya jarayon yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishi sababini ma’lum qilishi kerak. Ammo yuqorida qayd etilgan uch nafar jurnalistlar ustidan hukm o‘qilayotgan jarayonlarda bu holat kuzatilmadi.
“Ularga qo‘yilgan barcha ayblovlar shubhali. Shuning uchun sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi. Agar tergov organlari o‘z iddaolariga to‘liq ishonganlarida, ular hech qachon bunday ishlarni yopiq eshiklar ortida o‘tkazmagan bo‘lardi”, – deydi huquqshunos.
Sud jarayoni aynan nima sababdan yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgani jamoatchilikka ma’lum emas.
Abdullo G‘urbatiy 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilganidan bir oy o‘tib, Bosh prokuratura unga nisbatan ochilgan jinoiy ish tafsilotlarini e’lon qildi. Unda aytilishicha, 26 yoshli jurnalist “davlat amaldorini ommaviy tahqirlash”, “militsiya xodimiga zo‘ravonlik qilish” va “ekstremistik tashkilotga aloqadorlikda” ayblangan.
G‘urbatiy “Aziya-plyus” axborot agentligida faoliyat yuritar, ijtimoiy ahamiyatga ega dolzarb mavzularga qo‘l urib, imkon qadar mahalliy matbuotda yoritib kelar edi. Yetti yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist va blogerlarning barchasi, asosan, ijtimoiy masalalarni yoritib kelgan.
“Abdullo G‘urbatiy va Daler Imomaliyning hibsga olinishi ijtimoiy masalalarda qizil chiziq borligini ko‘rsatdi. Uni kesib o‘tmaslik kerak. Ya’ni endi biron-bir mavzudagi, hatto ijtimoiy mavzudagi maqolalarimiz hech bir amaldorga yoqmasligi, shikoyat qilishi, hatto jurnalistlarni qamashi ham mumkin. 2012-yilda vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlariga tashrif buyurib, ular bilan suhbatlashish imkoniga ega edik. Endi eng oddiy mutaxassisdan ham ma’lumot olishning iloji yo‘q”, – deydi mamlakatdagi mustaqil nashrlardan birining muxbiri Mazhab Juma.
Suhbatdosh fikricha, 2015-yilgacha Tojikistonda so‘z erkinligi holati nisbatan yaxshiroq bo‘lgan. 2015-yilda o‘nlab jurnalist mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Qolganlari og‘ir sharoitda o‘z kasbiy faoliyatlarini olib bormoqda. 2015-yildan beri yildan-yilga so‘z erkinligi holati yomonlashib kelmoqda.
2015-yilda Tojikiston “Chegara bilmas muxbirlar” reytingida 116-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020-yillarga kelib 162 o‘ringa tushdi. 2022-yilda Tojikiston 152-o‘ringa ko‘tarildi.
Tahlilchilar deydiki, bu yuqorilash mamlakatda ahvol yaxshilanganidan emas, aksincha, Afg‘oniston, Rossiya, Belarus kabi davlatlarda holat yomonlashgani hisobidandir.
Tojikiston davlat organlari so‘z erkinligi cheklanayotganini inkor etadi. Mamlakatda bosma va onlayn nashrlarni qaydga oluvchi vakolatdor organ – Madaniyat vazirligi mas’ullarining aytishicha, Tojikistonda bosma nashrlarning 75 foizini mustaqil nashrlar tashkil etadi.
2012-yilda vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlariga tashrif buyurib, ular bilan suhbatlashish imkoniga ega edik. Endi eng oddiy mutaxassisdan ham ma’lumot olishning iloji yo‘q
Mustaqil tahlilchilar fikricha, bu nashrlarning aksariyati sohaviy va mintaqaviy vaqtli matbuot nashrlari bo‘lib, ularning auditoriyasi juda tor va tanqidiy materiallar deyarli chop etilmaydi. Kam sonli tom ma’nodagi mustaqil nashrlarga esa turli yo‘llar bilan bosim o‘tkazilib kelinadi.
Joriy yilning may oyida “Asia-Plus“ nashri Bosh prokuraturaning e’tiroziga asosan Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida yuz berayotgan norozilik namoyishlarini yorita olmasligini ma’lum qilgan edi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, joriy yil shu viloyatda yuz bergan voqealar va Rossiya-Ukraina ziddiyati boshlanganidan so‘ng Tojikistonda jurnalistlarga bosim keskin kuchaydi.
Joriy yilning may, iyun, iyul oylari davomida Tojikistonda 8 nafar jurnalist va blogerlar - Ulfatxonum Mamadshoyeva, Xushom G‘ulom, Muhammadiy Sulton, Abdullo G‘urbatiy, Daleri Imomaliy, Abdusattor Pirmuhammadzoda, Zavqibek Saidamini, Komyor Mirzoyev hibsga olindi.
Ularning aksariyatiga nisbatan, jumladan, milliy yoki diniy adovat qo‘zg‘ash, ekstremizm va terrorizmga aloqadorlik kabi moddalar bilan jinoyat ishi ochilgan.
Tahlilchi Abdumalik Qodirov fikricha, Tojikistonda oxirgi payt jurnalistlarga bosim kuchayishining bir necha omillarini ko‘rsatish mumkin.
“Erkin fikrli jurnalistlar voqealarni to‘g‘ri va sodiq yoritar, bu esa rasmiylarning manfaatiga to‘g‘ri kelmas edi”,– deydi u.
Uning aytishicha, tanqidlarga tishini tishiga qo‘yib chidagan va ayni paytda qulay fursat poylagan mansabdorlar Kremlning mustaqil OAV va jurnalistlarga nisbatan qo‘llayotgan siyosatidan andaza olishmoqda.
“Tojikiston hukumati o‘zini qirol, ta’bini esa vazir deb his qildi. Asosiy hamkor bo‘lgan Rossiya matbuotga bosim o‘tkazayotganini ko‘rib, ular ham xuddi shunday tajribadan foydalanishdi”,– deydi Qodirov.
Noyabr boshida AQSh senatorlari Jim Rish va Bob Menendez Tojikiston prezidentiga maktub yo‘llab, jurnalistlarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi va “Ozodlik” radiosi xodimlarining ta’qib qilinishidan shikoyat qilgan.
YXHT va “Chegara bilmas muxbirlar” kabi xalqaro tashkilotlar Tojikiston hukumatini so‘z erkinligini cheklayotgani va mustaqil jurnalistlarga bosim o‘tkazayotgani uchun tanqid qilib, hibsdagi jurnalistlarni ozod etishni talab qilmoqda. Dushanbe bu tanqidlarni e’tiborsiz qoldirmoqda.
Facebook Forum