Toʻrt yil oldin Pragada tashkil etilgan “Axbor” informatsion-tahliliy sayti Tojikistonda taqiqlanishi ortidan oʻz faoliyatini toʻxtatishga qaror qildi. Bu haqda sayt muassisi va bosh muharriri Mirzo Salimpur 13-noyabr – sayt tashkil etilganiga toʻrt yil toʻlgan kuni eʼlon qildi.
Salimpurning aytishicha, sayt faoliyatini toʻxtatishiga iqtisodiy qiyinchilik, material tanqisligi yoki oʻquvchi kamligi emas, aynan Tojikiston Oliy sudi tomonidan chiqarilgan adolatsiz hukm sabab boʻldi.
Salimpur “Amerika Ovozi” bilan muloqotda deydiki, soʻz erkinligi bosim ostida boʻlgan sharoitda jurnalistlar oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi juda qiyin.
“Afsuski, bizning hukumat jurnalist timsolida muxolifatni koʻradi. Bu notoʻgʻri. Jurnalistning maqsadi jamiyatdagi kamchiliklarning barham topishi, hokimiyatni agʻdarish emas. Biz “Axbor” sayti toʻgʻrisida hukumat nuqtai nazarini oʻzgartirolmadik. Natijada hukumat tarkibidagi bir guruh “Axbor” saytiga nisbatan Tojikiston Oliy sudida taqiqlovchi hukm chiqishiga erishdi”, – deydi Salimpur.
Taniqli tojik jurnalisti, shuningdek, ancha yillar “Ozodlik” radiosining Tojik xizmatida ishlagan.
Salimpur saytni 2016-yili o'z yashaydigan Chexiyada ochgan. U Tojikiston va Markaziy Osiyoga doir mavzularni hamda Rossiyadagi mehnat muhojirlari hayotini tojik va rus tillarida yoritib kelardi. Ammo 2020-yilning 19-martida Tojikiston Oliy sudi “Axbor” faoliyatini taqiqladi.
Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha o'sha paytdagi vakili Arlem Dezir bu hukmni tanqid qilib, xavotir bildirgan edi.
"Internetdagi yangiliklar manbasiga toʻsiqlar qoʻyishning davom etishi soʻz erkinligini jiddiy cheklashdir", – degan edi Dezir.
Lekin Tojikiston hukumati pinagini buzmadi. Salimpur bu qaror “matbuot erkinligiga toʻgʻridan-toʻgʻri hujum va qonunga xilof amaldir”, - deya taʼkidlab keladi.
Tojikistonda taqiqlanishiga qaramay sayt oʻz faoliyatini davom ettiradi.
Ammo Salimpurning 14-noyabr kuni “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, sayt bugunga kelib, faoliyatini toʻxtatishga majbur.
“Ammo bu sayt rahbariyatining Tojikiston Oliy sudi qarorini eʼtirof etishi emas”, - deydi ta'sischi.
“Albatta huquqbuzarlik va doimiy bosimlar odamni toliqtiradi. Ayniqsa, oila aʼzolaring va qarindosh-urugʻlaringga bosim oʻtkazishganda”, - deydi u.
Sal oldin u Tojikistonda yashayotgan qarindosh-urugʻlariga davlat organlari tomonidan oʻtkazilayotgan bosimlar haqida yozib, Tojikiston Prezidenti Apparati boshligʻi Ozoda Rahmondan bu holatga chek qoʻyishni talab qilgan edi.
Salimpurning aytishicha, “Axbor” saytining Tojikistondagi xodimlari anonim ishlashga majbur boʻlgan.
“Mamlakatdagi hamkorlarimizning xavfsizligi biz uchun birinchi darajali. Ularning baʼzilarini millat xoini sifatida ommaviylashtirishga urinishlar ham boʻldi”, - deydi Salimpur.
“Tojikiston Oliy sudi hukmida koʻrilgan daʼvolarga koʻra, “Axbor” goʻyo Islom uygʻonish partiyasi (IUP) foydasiga ishlaydi va Erondan moliyaviy yordam oladi. Ammo har ikki iddao ham asossiz. “Axbor” na IUPdan va na Erondan biror tiyin olmagan. Shuning uchun sud hukmidagi har ikki daʼvo ham asossiz. Ammo Tojikistonda mustaqil sudning oʻzi yoʻqligi tufayli bu hukm ustidan shikoyat qilishning foydasi yoʻq. Vaqt va mehnating bekor ketadi. Undan koʻra, fursat va mehnatimni yangi sayt tashkil etishga sarflayman. Biz sayt faoliyatini toʻxtatishimizning oʻzi mustaqil, hech kimning qoʻliga ham, koʻngliga ham qaram emasligimizni koʻrsatadi. Yangi tashkil etiladigan sayt ham biror guruhga xizmat qilmaydi. Mustaqil va betaraf manba boʻladi”, – deydi Salimpur.
Uning fikricha, “Axbor” sayti sud hukmida aytilganidek, terrorist yo ekstremistlarga xizmat qilgani uchun emas, aynan hukumatning kamchiliklari haqida ochiq-oydin yozgani uchun taqiqlangan.
Yangi tashkil etiladigan sayt ham shunday taqiqqa uchrashi mumkin.
Salimpur bu borada shunday deydi:
“Biz umid qilamizki, Tojikiston hukumati tarkibida sogʻlom fikrli insonlar ham bor. Ular oʻz nuqtai nazarini oʻtkaza olishadi va “Axbor” saytiga nisbatan qoʻllangan usul qayta qoʻllanilmaydi. Agar yana shu holat takrorlansa, bu allaqachon “ban of profession”, yaʼni jurnalistika kasbini taqiqlash hisoblanadi. Agar yana taqiqlansa, bu biz haq boʻlganligimiz va “Axbor” saytiga nisbatan chiqarilgan birinchi qaror ham adolatsiz boʻlganligining yana bir isboti boʻladi. Albatta bizga “Axbor” saytining toʻrt yillik tajribasi ham qoʻl keladi. Bu yerda yoʻl qoʻyilgan baʼzi kamchiliklarni takrorlamaymiz, ammo jurnalistika talabi va kasbiy meʼyorlarga sodiq qolamiz. Kasbiy talablar esa hech bir hukumat bilan murosa qilmaslikka undaydi. Ertaga uyqudan uygʻonsam, Tojikistonda soʻz erkinligi va demokratiya boʻlib qoladi, deb oʻylash kulgili albatta. Lekin qadamma-qadam mamlakatni shu maqsad sari olib borishimiz kerak. Men shu yoʻlni tanlayman. Boshni devorga urib yorishdan foyda yoʻq. Biz asta-sekinlik bilan boramiz”, – deydi Salimpur.
Ammo Dushanbe shahridan boshqa bir kuzatuvchi, Tojikiston Milliy universiteti dotsenti Saʼdi Maxdining fikricha, “Axbor” sayti faoliyatini toʻxtatishining sababi uning homiylari – donor tashkilotlar bilan bogʻliq.
“Balki Tojikiston sudi tarafidan terroristik eʼlon qilingan saytga mablagʻ oʻtkaza olmadilar yoki oʻtkazishni istamadilar. Yoki loyiha oxiriga yetdi. Yoki “Axbor” saylovda biror ish qila olmadi, yaʼni donorlar ishonchini oqlamadi”, – deya mulohaza yuritadi Maxdi.
U Salimpurga yangi saytida bir yoqlama axborot bermaslikni maslahat beradi.
"Ozodagon" media guruhi muassisi va tahlilchi Zafar Soʻfiy nazarida “Axbor” muassisining tanlagan yoʻli mavjud holatda to'gʻri va yaxshi natija berishi mumkin.
"Albatta noilojlikdan shunday qarorga keldi. Albatta butun boshli hukumatga qarshi turish qiyin. Ammo boshqa tarafdan oʻylaymanki, Tojikiston hukumati tarkibida baribir aqlli kishilar ham bor va Mirzo Salimpur yangi tashkil etgan saytni ham taqiqlasa, hukumatning shusiz ham toʻkilgan obroʻsini battar toʻkadi. Jahon hamjamiyatidan eʼtiroz va bosimlar yuzaga kelishi mumkin", - deydi So'fiy.
Facebook Forum