Breaking News

Tojikistonda muqobil axborot manbai taqiqlangani nimadan darak?


Tojikiston Oliy sudi yaqinda “Akhbor.com” saytini mamlakatda faoliyati taqiqlangan resurslar qatoriga qoʻshdi. Sayt asoschisi va Bosh muharriri Mirzo Salimpurning aytishicha, “bu matbuot erkinligiga toʻgʻridan toʻgʻri hujumdir.

“Akhbor.com” sayti oxirgi yillar mutlaqo senzurasiz boʻlgan alternativ axborot manbasi sifatida tanilgan edi.

Tojikiston Oliy sudi matbuot xizmati masʼullari “Akhbor.com” va “nahzat.ru” axborot resurslari faoliyati taqiqlanganligini eʼlon qilib, sababi bu saytlar mamlakatda faoliyati taqiqlangan Islom uygʻonish partiyasi va Milliy kelishuv tashkilotlariga “xizmat qilishi“da ekanligini maʼlum qildi.


Oliy sud maʼlumotnomasida taʼkidlanishicha, qaror mamlakat Bosh prokurorining 2020-yil 18-fevraldagi bayonoti asosida qabul qilingan.

“Bayonot Tojikiston Respublikasining konstitutsion tuzumi, davlat xavfsizligi, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, terrorchilik va ekstremistik harakatlarning oldini olish maqsadida taqdim etildi”, deyiladi matbuot xizmati maʼlumotnomasida.

Ammo “Akhbor.com” saytining asoschisi va Bosh muharriri Mirzo Salimpurning aytishicha, u rahbarlik qilayotgan sayt biror bir tashkilot yo guruhga xizmat qilmaydi va uning Tojikistonda taqiqlanishi “matbuot erkinligiga toʻgʻridan toʻgʻri hujum va qonunga xilof amaldir“.

Salimpurning aytishicha, mazkur sayt “mutlaqo mustaqil jurnalistik manba boʻlib, na hukumat va na uning muxolifiga va yo boshqa biror tashkilot yo harakatga tegishli emas!“

Uning aytishicha, ularga qarshi jinoiy ish ochishgan, ammo ulardan biror bir vakil sudga chaqirilmagan.

“Axbor.com“ saytining taqiqlanishining asosiy sababi muxoliflar emas. Chunki bu sayt bir oyda 500 ta material eʼlon qilsa, shundan bir yoki ikkitasi muxolifat haqida. Shu asossiz iddao bilan hukumat “Akhbor.com” tomonidan mamlakat ichidagi poraxoʻrlik va boshqa kamchiliklarning oshkor etilishini oldini olmoqchi“, deydi Salimpur.

“Axbor“ sayti 2016-yil Pragada tashkil etilgan boʻlib, Tojikiston va tojiklar hamda Markaziy Osiyoga oid maʼlumotlarni nisbatan ozod, senzurasiz yoritadi. Sayt Tojikistonda rasman qaydga olingan ishchilarga ega boʻlmasa ham, mamlakat ichidagi turli manbalardan maʼlumot olib turishi maʼlum.

Jurnalist Zafari Sufi
Jurnalist Zafari Sufi

Tojik jurnalistikasining baʼzi faollari ijtimoiy tarmoqlarda ham bu masalada fikr bildirishmoqda. Jurnalist Zafari Sufining fikricha, “Akhbor.com” xatoliklardan mosuvo emas edi, ammo uning taqiqlanishi hukumat bu saytni eʼtirof etganligini anglatadi.

“Hukumat, Bosh prokuror va Oliy sud siymosida, yana bir bor veb-saytingizni tojik jamiyatidagi mustaqil va nufuzli ommaviy axborot vositasi sifatida tan oldi. “Akhbor.com”ni Tojikiston hududida rasmiy ravishda manʼ qilish toʻgʻrisida qaror eʼlon qilish bilan saytning kuch va iqtidorini, haqiqatgoʻylik, adolattalablik hamda oshkoralikda bir mustaqil manba bilan kurashda oʻz magʻlubiyatini rasman eʼtirof etdi”, deb yozadi jurnalist Zafari Sufi oʻzining "Facebook" sahifasida.

Jurnalist va oʻqituvchi Abduqodir Talbakov
Jurnalist va oʻqituvchi Abduqodir Talbakov

Boshqa bir tojik ziyolisi, jurnalist va oʻqituvchi Abduqodir Talbakovning aytishicha, “Akhbor.com”ning muassis va Bosh muharriri Mirzo Salimpur aslida koʻplar eʼtirof etganidek begʻaraz va mustaqil emas.

“Mirzo ham u qadar ozod, begʻaraz va mustaqil emas, masalan, menga islom fanatiklaridan qoʻlimni tortmasam “Akhbor.com” yuzini koʻrmasligimni aytib, ultimatum qoʻydi”, - deydi Abduqodir Talbakov.

“Akhbor.com” resursi Bosh muharriri Mirzo Salimpurning fikricha, mazkur saytning faoliyati Tojikiston hududida taqiqlanishi hech nimani oʻzgartirmaydi. Yaʼni ular ilgarigidek faoliyat qilaveradi. Uning aytishicha, aslida Tojikiston hududida saytga, allaqachon, toʻsiq qoʻyilgan edi.

Haqiqatdan ham, har qanday saytni taqiqlash yoki toʻsiq qoʻyishdan qatʼiy nazar, avvalo, uning egalari alternativ yoʻllar bilan axborot tarqataveradi.

Oʻquvchilar ham toʻsiqlarni aylanib oʻtib, foydalanishlari mumkin. Ammo masalaning nozik yeri, bu saytga kirib axborot olganligi uchun shaxs javobgarlikka tortilishi mumkinmi?

Mustaqil tahlilchi, huquqshunoslik fanlari doktori Shokirjon Hakimov
Mustaqil tahlilchi, huquqshunoslik fanlari doktori Shokirjon Hakimov

Mustaqil tahlilchi, huquqshunoslik fanlari doktori Shokirjon Hakimov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki:

“Ayni paytda bu saytga kirish, materiallarini oʻqish uchun shaxs biror huquqiy javobgarlikka tortilmaydi. Lekin eʼlon qilingan materiallar ekstremizm va terrorizm yo boshqa jinoyatkorlikni targʻib va tashviq qiladigan mazmunda boʻlishi va uni tarqatish yoki sharhlab yoyilishiga xizmat qilish hollari bundan mustasno”.

Huquqshunos fikricha, “Akhbor.com” kabi resurslarni taqiqlanishi xalqaro hamjamiyatda Tojikistonga foyda emas, aksincha, zarar keltirishi ham mumkin.

“Tojikiston Respublikasi Oliy sudining hukmi masalasining yana bir jihati — uning mohiyati va jinoiy xarakterga ega boʻlgan dalillarining xalqaro huquq normalariga va alohida davlatlar qadriyatlariga qanchalik mos kelish yoki kelmasligi. Amalda koʻplab holatlar boʻldiki, rivojlangan va demokratik davlatlar, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar inson huquqlari strategiyalari va erkinliklariga, xususan, axborot manbalariga va fikr hamda tanqid erkinligiga bunday qarorlarning zid ekanligi aniqlanib, ularni eʼtirof etishmadi va aksincha, jiddiy eʼtirozlar ham keltirishdi. Bunday davlatlarni siyosiy irodasizlik va soʻz erkinligini cheklashda aybladilar”, - deydi Shokirjon Hakimov.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG