"Tojikistonda ayollarga tajovuz qilishadi, g‘isht bilan urishadi, och qoldirishadi, hatto yuziga dazmol bosishadi", - deya ta’kidlanadi "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro huquq tashkiloti hisobotida.
Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Varshavada inson huquqlari bo‘yicha yillik majlisida muhokama qilingan "Har qadamda zo‘ravonlik" deb nomlangan tahlilnomaga ko'ra, "Tojikistonda ayolni kamsitish oiladagi jiddiy muammo sifatida qolmoqda, ammo hukumat buni bartaraf etish uchun yetarli darajada kurashmaydi".
19-sentabr kuni e’lon qilingan hisobot muallifi Stiv Sverdlovning "Ozodlik" radiosi tojik xizmatiga aytishicha, tadqiqotdan maqsad Tojikistonda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish haqida qonun qabul qilinganidan keyingi holatni o'rganish edi.
2013-yili "Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida" qonun kuchga kirganida oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlik tayinlangan. Ammo "Human Rights Watch" hisobotida qayd etilishicha, Tojikiston hukumati uydagi zo‘ravonliklarni tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli harakat qilmayapti va qurbonlarga yordam berish bilan bog‘liq vaziyat qoniqarli emas.
Uydagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar tegishli himoya, boshpana va boshqa yordam xizmatlaridan foydalanishi ta’minlanmagan. Zo‘ravonlik haqidagi da’volarni tergov qilishni istamaslik, himoya orderini berishdan bosh tortish yoki uning shartlariga rioya qilmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Oiladagi zo‘ravonlikka mayda huquqbuzarlik sifatida qaraladi.
"Tojikiston oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida qonun qabul qilish barobarida ko‘p ishlarni amalga oshirgan. "Human Rights Watch" buni e’tirof etadi. Jumladan, xalqaro tashkilotlar yordamida ko‘plab programmalarni qabul qilgan. YXHT yordamida Xorug‘ va Garm mintaqalarida ayollarga yordam ko‘rsatish maxsus programmasi tashkil etilgan", - deydi Sverdlov.
Ammo tashkilot tadqiqotlari Tojikistonda oiladagi zo‘ravonlik jiddiy muammo bo‘lib qolayotganligini ko‘rsatgan.
"Tojikistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning aniq soni ma’lum emas. Taqriban har besh ayoldan biri oilaviy zo‘ravonlikka yo'liqadi. Kamdan kam hollarda ayolga zo‘ravonlik qilgani uchun erkaklar javobgarlikka tortiladi. Aksariyat hollarda zo‘ravonlik jazosiz qoladi. Hatto qayta takrorlangan zo‘ravonliklar ham jazosiz qolib ketaveradi. Zo‘ravonlik jazosiz qolmasligi kerak", - deya qo'shimcha qiladi Sverdlov.
HRW tadqiqotchisi shu yilning mart oyida Dushanbe shahrida kuzatilgan holatni eslaydi. Xurshid Fozilov nomli yosh yigit 23 yoshli Malika Sohibnazarovani avval avtomashina bagajiga qamab qo‘yib, so‘ng katta ko‘chada do‘stlari oldida do‘pposlagan, bu video tasodifan internetga chiqib ketganidan so‘ng yigit javobgarlikka tortilgan edi.
Sverdlovning aytishicha, yana bir muammo Tojikistonda oiladagi zo‘ravonlik maxsus jinoyat hisoblanmasligida.
"Oiladagi zo‘ravonlik jinoyat hisoblanib, unga maxsus jazo belgilanishi lozim. Shuningdek, eri tomonidan jinsiy tajovuz uchun ham jazo berilishi kerak", - deydi u.
Ekspertga ko'ra, Tojikistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam ko‘rsatish bo'yicha bor-yo‘g‘i to‘rtta markaz borligi ham achinarli. To'qqiz million aholiga ega bo‘lgan davlat uchun bu juda kam.
"Biz xalqaro tashkilotlar va Tojikiston hukumatidan shunday markazlar sonini ko‘paytirishini so‘raymiz", - deydi Sverdlov.
Tojikiston hukumati mas’ullaridan birining aytishicha, zo‘ravonlik bir necha ko‘rinishga ega - jismoniy, ma’naviy yoki iqtisodiy.
"Tojikiston qonunlarida uning barcha ko‘rinishlariga ham jinoiy javobgarlik tayinlanmagan. 2016-yilda jahonning bir qator davlatlari tomonidan Tojikiston Jinoyat kodeksiga oilaviy zo‘ravonlik haqida alohida modda kiritish taklifi berilgan edi. Tojikiston bu taklifni asosli hisobladi va ayni paytda maxsus ishchi guruh bu taklifni o‘rganmoqda", - deya qo'shimcha qiladi bu rasmiy.
Ammo YXHTning Varshavada inson huquqlari bo‘yicha yillik majlisida ishtirok etayotgan Tojikiston rasmiy hay'ati a’zolaridan biri "Ozodlik" radiosiga hisobotda qayd etilgan barcha holatlarga qo'shila olmasligini bildirgan.
20-sentabr kuni Tojikistondagi huquq faollaridan biri Sadriddin Saidov ham biz bilan suhbatda HRW hisobotida tilga olingan ba’zi e'tirozlar asossiz ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, G‘arb olamidan tashrif buyurib, u yoki bu masalani o‘rganayotgan tadqiqotchilar hamma narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi.
"Ular mintaqa xalqlarining milliy mentaliteti, madaniy qadriyatlari va urf-odatlarini hisobga olmagan holda xulosalar qilishadi", - deydi u.
Ammo u ham tojik jamiyatida ayollar huquqlari kamsitilishi va oilaviy zo‘ravonlik achinarli holatda ekanligini e’tirof etadi. Uning fikricha, oilada ayollar ko‘plab xo‘rlanishlar va zo‘ravonliklarga chidashining asosiy sababi ularning iqtisodiy nochor sharoiti bilan bog‘liq.
"Eriga tegishli uyda yashaydigan ayol ko‘chaga quvilsa, uning boradigan boshqa yeri yo‘q! Shuning uchun ham ular toqat qiladi", - deydi Saidov.
Uning aytishicha, huquq-tartibot organlari xodimlari ham odatda og‘zaki shikoyatlarni chuqurlashtirmaslikka harakat qiladi.
"Ular er-xotinning orasiga tushishni istashmaydi. Agar har bir murojaatning ortidan tushib, erkaklarni jiddiy javobgarlikka torta boshlashsa jamiyatda oilalar buzilishi, er-xotin ajrashishlari soni keskin ortib ketadi", - deydi huquqshunos.
Tojikiston Xotin qizlar bilan ishlash qo‘mitasi va xalqaro tashkilotlar hamkorligida 2016-yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatda 97 foiz erkaklar va 72 foiz ayollar oila buzilmasligi uchun ayollar barcha zo‘ravonliklarga chidashi lozim, degan fikrni bildirgan.
Kuzatuvchilarning aytishicha, Tojikiston hukumati ikki o‘t orasida qolmoqda. Birinchidan, ayollarning huquqlarini himoya qilish lozim, ikkinchidan, oilalar buzilishining ham oldini olish kerak, deydi ular.
Facebook Forum