Breaking News

Turkiya: so'z erkinligini cheklovchi yangi qonun qabul qilindi


So'z erkinligi himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish
So'z erkinligi himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish

Jurnalistlar va faollarning ta'kidlashicha, Turkiyada Prezident Rajab Toyyib Erdog'an o'zining yigirma yillik vakolatini yana uzaytirishga urinishi kutilayotgan navbatdagi saylovlar oldidan qabul qilingan yangi qonun ommaviy axborot vositalarini senzura qilish va muxolifat ovozini o'chirishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Erdog‘an 2014-yil prezident bo’lgandan beri davlat rahbarini haqorat qilishni taqiqlovchi qonun asosida o‘n minglab odamlar, maktab o‘quvchilaridan tortib, sobiq Turkiya go‘zaligacha bo‘lgan turli fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Oktabr oyida parlamentda qabul qilingan yangi qonunga ko'ra, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari "soxta xabarlar"ni tarqatgani uchun uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Istanbulda joylashgan “dokuz8NEWS” mustaqil axborot portali bosh muharriri Gokhan Bichijining “AFP”ga aytishicha, prokurorlar tekshirishi, tergov va tahdidlar jurnalistlar kundalik hayotining bir qismiga aylangan.

"Ko'proq ehtiyot bo'lish, iloji boricha nishonga tushmaslikka harakat qilish bugungi kunda Turkiyadagi ko'plab jurnalistlar, jumladan, eng erkin jurnalistlarning asosiy tashvishidir", - deydi u.

Matbuot himoyachilarining aytishicha, yangi qonun rasmiylarga internetni yopish huquqini berishi mumkin.

Yoki, deydi ular, hukumat 13-noyabr kuni Istanbulda olti kishining o‘limiga sabab bo‘lgan va Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) ayblangan portlashdan keyin bo‘lgani kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirishni ham cheklashi mumkin.

Hukumatga yaqin guruhlar tomonidan boshqariladigan aksariyat turk gazetalari va televideniye kanallari hukumatni tanqid qilishga to’xtatgan, biroq ijtimoiy tarmoqlar va internetga asoslangan ommaviy axborot vositalari hanuz erkin va bundan prezident norozi, deydi muxolifat vakillari.

Kelasi yil iyunda Erdog’an 2003-yilda bosh vazirlikka kelgandan keyin va oxirgi marta prezidentlik saylovlarida g'alaba qozonganidan beri eng qiyin saylovlarga duch kelishi kutilyapti. U mansub hukmron partiya reytingi astronomik inflyatsiya va valyuta inqirozi sharoitida tarixiy eng quyi darajaga tushib ketgan.

"Ulkan nazorat mashinasi"

Raqamli huquqlar bo'yicha ekspert Yaman Akdenizning aytishicha, soxta yangiliklar qonuni saylov oldidan muxoliflar ovozini o’chirish uchun "hokimiyatga keng va cheklanmagan vakolat" beradi.

“Shu bois bu qonun asosida birinchi boʻlib tergov qilinayotgan shaxs asosiy muxolifat partiyasi rahbari ekani ajablanarli emas”, - dedi u.

Kelgusi yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzod bo‘lishi ehtimoli bor Kamol Qilichdoro‘g‘li “Twitter”da hukumatni Turkiyadagi “metamfetamin epidemiyasi”da ayblagani uchun tanqidlarga uchradi.

Bichijining aytishicha, hukumatda erkin ommaviy axborot vositalarining ovozini o'chirish uchun antiterrordan tortib tuhmat to'g'risidagi qonunlargacha yetarlicha himoya qurollari mavjud.

Erdo‘g‘on yangi qonunni himoya qilib, uni “shoshilinch zarurat” deb atadi va ijtimoiy tarmoqlardagi “tuhmat kampaniyalarini” “terror hujumi”ga qiyosladi.

Erdog‘anning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqda akkauntga ega va 2016-yilda yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinishda tarafdorlarini “Twitter” orqali ko’chalarga chiqishga undagan edi.

Hukumatning ta'kidlashicha, qonun dezinformatsiyaga qarshi kurashadi. Shu asosda haftalik "dezinformatsiya byulleteni"ni nashr qilish boshlangan.

“Human Rights Watch” vakili Emma Sinklair-Vebbning aytishicha, hukumat "ijtimoiy tarmoqlar ustidan qattiq nazorat o'rnatish uchun o'zini ya’ni vakolatlar bilan ta'minlamoqda".

"Qonun texnologik kompaniyalarni juda qiyin ahvolga solib qo'yadi: ular qonunga rioya qilishlari uchun kontentni o'chirishlari yoki hatto foydalanuvchi ma'lumotlarini topshirishlari kerak. Aks holda ular katta jazolarga duch keladi", - deya qo’shimcha qildi u.

Mavhum kelajak

Qonun loyihasi parlamentda muhokama qilinayotganda turk jurnalistlari norozilik namoyishi uyushtirdi.

“Ushbu qonun so‘z erkinligining qolgan qismini ham yo‘q qiladi”, - dedi Turkiya Jurnalistlar uyushmasi rahbari Go‘khan Durmush.

“P24” matbuot erkinligi guruhi direktori Fatma Demirelli shu yili yozda kurd ommaviy axborot vositalarida ishlaydigan ko'plab jurnalistlarni hibsga olish boshlanganini qayd etdi.

"Biz ushbu yangi qonun jurnalistlarning jinoiy ta'qibga va qamoqqa olinishi sonini sezilarli darajada oshirishi orqali vaziyatni yanada og'irlashtirishi mumkinligidan xavotirdamiz", - dedi u “AFP” axborot agentligiga.

Oktabr oyida to‘qqiz jurnalist Anqara va uning G‘arb ittifoqchilari terror guruhi sifatida qora ro‘yxatga kiritgan PKK bilan aloqadorlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

Politsiya tomonidan bosqinga uchragan “Mesopotamiya” xabar agentligi jurnalisti Ergin Chag’larga ko’ra, bosimlarga qaramay, “erkin matbuot bugungacha hech qachon boshini egmagan va senzura qonuni va hibsga olishlardan keyin ham bunday bo'lmaydi”.

“Dokuz8NEWS” muxbiri Fatos Erdog’an Turkiya shifokorlar kasaba uyushmasi rahbari Shebnem Korur Finjanjining hibsga olinishiga qarshi namoyishni suratga olar ekan, politsiya yaratgan to'siqlarga ishora qilib, reportajlar tayyorlash tobora qiyinlashib borayotganini aytdi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Turkiyadagi vakili Erol O‘ndero‘g‘lining o‘zi terror bilan bog‘liq ayblovlarda ayblanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun “jurnalistikaning barcha turlarini va muxolif fikrni yo’q qiladi”.

"Men kelajak xayrli bo'lishiga ishonmayman", - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG