Breaking News

Vashington AQSh-Afrika rahbarlari sammitiga mezbonlik qilmoqda


Bugun Vashingtonda Afrika qit’asining 50 ka yaqin rahbari to’planib, AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan muloqot qilmoqda.

Kongo Respublikasining AQShdagi elchisi Serge Mombulining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh-Afrika rahbarlarining sammitiga hozirlik bir necha oy vaqt oldi.

“Avval Afrikadagi har bir davlat Qo’shma Shtatlar bilan ikki tomonlama darajada hamkorlikni yaxshilashi kerak, keyin esa qit’a darajasida. AQSh Afrika Ittifoqining “2063-yil kun tartibi” dasturining muvaffaqiyatiga o’z hissasini qo’shishini istaymiz”, - deydi elchi.

“2063-yil kun tartibi” dasturi ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot, qit’a va regional integratsiya, demokratik boshqaruv, tinchlik va xavfsizlikni yaxshilash orqali Afrika qit’asini jahon sahnasida asosiy o’yinchiga aylantirishni maqsad qiladi.

“Afrikaga infratuzilma kerak, uni rivojlantirish uchun moliya, yaxshi sog’liqni saqlash tizimi lozim. Agar ushbu sammit AQSh va Afrika o’rtasidagi hamkorlikni mana shu va boshqa sektorlarda rivojlantirishga yordam bersa, ancha yaxshi bo’lardi”, - deydi Afrika mamlakatlari elchilarining Vashingtondagi oqsoqoli Serge Mombuli.

Ilk AQSh-Afrika rahbarlari sammiti 2014-yilda sobiq prezident Barak Obama tashabbusi bilan o’tkazilgan. 8 yilda ko’p narsalar o’zgardi, bu yilgi sammit muhim davrga to’g’ri kelmoqda, deydi Global taraqqiyot markazida bosh ilmiy xodim Gyud Mur.

“Afrikaliklar qit’aga ta’sir qilayotgan ba’zi masalalar bo’yicha AQSh nima deyishini bilmoqchi – inflyatsiya, Ukrainadagi urush, qit’a aholisining turmushi kabilar bo’yicha. Qit’a rahbarlari, shuningdek, AQShning iqlim o’zgarishi masalasida liderlikni qo’lga olishini istaydi”, - deydi tahlilchi.

O’tgan yili BMTning Afrika iqlimi bo’yicha tayyorlagan hisobotida qit’ada harorat dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda tezroq va ko’proq ko’tarilayotgani aniqlandi. Vaholanki, Afrika dunyo bo’ylab zaharli gazlar chiqindisining 4 foizdan kamiga javobgar, xolos.

Sammit paytida Afrikada davlat boshqaruvi xususida ham gap ketadi. Xususan, G’arbiy Afrikaning Mali, Gvineya va Burkina-Faso mamlakatlaridagi davlat to’ntarishlari haqida. Ularning ba’zilari sammitga taklif etilmagan.

“AQShning sanksiya kuchi tufayli Afrika davlatlari undan xavfsizlik bobida yordam so’rashi kutilmoqda. AQSh nafaqat jazolash, balki rag’batlantirish qudratiga ham ega, qit’adagi tashkilotlarda esa rag’batlantirish uchun resurslar yetarli emas”, - deydi Gyud Mur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG