Breaking News

Amerika yahudiylari orasida Isroildan norozilik kuchaygan


Oq uy oldida Isroil-XAMAS urushini tugatishni talab qilayotgan yahudiy yoshlar, Vashington, 17-oktabr, 2023
Oq uy oldida Isroil-XAMAS urushini tugatishni talab qilayotgan yahudiy yoshlar, Vashington, 17-oktabr, 2023

Isroilning G’azo sektorining o’qqa tutishi Amerikadagi yahudiylar orasida tarqoqlikni avj oldirgan. Yahudiy davlati uchun kuyunsa-da, ko’plab amerikaliklar Benyamin Netanyaxu boshliq hukumat olib borayotgan siyosatdan norozi.

XAMAS guruhining Isroilga 7-oktabrda qilgan keng ko’lamli hujumi AQShdagi yahudiylarni ham dahshatga soldi. Hamdardlik ruhi kuchli.

Asli Quddusdan Yair Lev Filadelfiya shahrida yashaydi, namoyishlarga bosh-qosh.

“O’tgan sakkiz yil ichida biz bu qadar ko’p qon to’kilganini ko’rmagan edik. Yahudiylarga qarshi nafrat kuchaygan bir davrdamiz. Biz jim tura olmaymiz. Qay din yo irq vakili bo’lishingizdan qat’i nazar, Isroil davlatining haq-huquqlarini anglash lozim”, - deydi Lev.

2019-2020 yillarda so’ralganida, aksariyat yahudiy amerikaliklar Isroilni quvvatlash muhim deb hisoblashini aytgan. Yahudiy bo’lish Isroil bilan birga bo’lishdir, degan ular.

Biroq bugun munosabat ancha o’zgargan. Yosh - siyosiy qarashlarda muhim omil, deydi tadqiqotchilar.

Isroildan norozi yahudiy amerikaliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00

“Katta yoshdagilar uchun o’zlik Isroil davlati bilan chambarchas bog’liq. Yahudiy bo’lish yahudiy tuzumni quvvatlashdir, ayniqsa agar dindor bo’lsangiz. Lekin yoshroq va dinga berilmagan yahudiylar orasida o’zlik va Isroil boshqa-boshqa narsalar. Aksariyati o’zini yahudiy davlatga bog’lamaydi, bog’lasa-da, kuyunish u qadar kuchli emas”, - deydi Jerom Segal, ekspert.

Kongress oldida namoyishga chiqqan yosh yahudiylar XAMASni qoralaydi. Lekin ular Isroil hukumatining G’azoda olib borayotgan harbiy harakatlarini ham la’natlaydi. Ular Netanyaxu hukumatini ham XAMAS singari qonxo’r deb biladi.

“Biz azob-uqubat ummonida yashayotgan odamlar tarafidamiz. Falastin ahliga qilinayotgan haqsizlikka qarshimiz. Qarindoshlarimiz bu zo’ravonliklar sabab ham yanayam tahdid ostida. Bu urush hech kimni xavfsiz qilmaydi”, - deydi Eva Borgvart ismli amerikalik.

“Prezident Bayden, ko’zingizni oching. G’azodagi reallikka qarang. Vayronaga aylandi bu hudud. Vijdoningiz bo’lsa, chora ko’rasiz. Bu genotsidni to’xtatasiz. Sulh tuzishni talab qilasiz”, - deydi Lina Xoltzman, ravin.

“AQSh va boshqa davlatlar darhol bosim ko’rsatishi kerak. Bu asossiz urush to’xtatilishi lozim”, - deydi Dina Afek, Nyu-Meksiko shtatidan namoyishchi.

Tarixchi professor Asher Kaufman deydiki, Isroil hujumlarni davom ettirar ekan, o’lim ko’lami osharkan, mojaro yechimidan yanada uzoqlashasiz. Mantiqan fikrlash, yangicha yondashishdan yiroqmiz, deydi olim.

“XAMASning 7-oktabrdagi hujumlarini qoralashingiz mumkin. Shu bilan birga Isroilning G’azoni qamal qilgani va G’arbiy sohilni bosib olganini ham tanqid qilishingiz mumkin. Bular bir-biriga qarshi qarashlar emas, bular noo’rin yoki asossiz munosabat emas. Lekin odamlar bugun yanayam toqatsiz. Murakkablikni tahlil qilish uchun iroda oz”, - deydi Kaufman.

Tafovut kun sayin kattalashib, gumanitar vaziyat tobora og’irlashib bormoqda.

XS
SM
MD
LG