Amerikadagi musulmon guruhlarining aytishicha, Bayden maʼmuriyatining AQShda kuchayib borayotgan islomofobiyaga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlari Gʻazoda tinch aholini Isroil bombalaridan himoyalashni ham o’z ichiga olishi kerak. Isroil XAMASga qarshi amalga oshirgan raketa hujumlarida shu paytgacha minglab falastinlik halok bo’ldi.
XAMAS 7-oktabr kuni Isroilga uyushtirgan qonli xuruj ortidan Amerikada islomofobiya kuchaygani qayd qilinmoqda. Yetti yashar faslatinlik bola ana shunday nafrat jinoyati qurboni bo’lgan.
"71 yoshli erkak 6 yashar bolaning ustiga o'tirib, unga 26 martadan ortiq pichoq urgan", - deydi o’lgan bolaning tog’asi.
G'azoda urush kuchayib borar ekan, AQShda islomofobiya va antisemitizm kuchaydi.
Maʼmuriyat antisemitizmga qarshi kurash boʻyicha oʻzining milliy strategiyasini may oyida eʼlon qilgan edi.
Rasmiylar uzoq vaqtdan beri islomofobiyaga qarshi kurash strategiyasi ustida ham ishlaganini aytadi.
"Ma'muriyat bu jarayonni so'nggi bir necha hafta yoki oy ichida emas, balki o'tgan yilning dekabr oyidayoq boshlagan", - deydi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer.
“Oq uy islomofobiyaga qarshi kurash rejasini ishlab chiqishi muhim. Ammo bu reja, birinchi navbatda, Isroil hukumatini G‘azo sektorini bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirishdan boshlanishi kerak. G‘azodagi bu zo‘ravonlik butun dunyo bo‘ylab tartibsizlik va mutaassiblikni oshirib, jumladan, musulmon falastinlik amerikaliklarning nishonga olinishiga sabab bo’lyapti”, - deydi Amerika-Islom aloqalari kengashi vakili Eduard Ahmed Mitchel.
Oq uy islomofobiyaga qarshi kurash tashabbusi Prezident Jo Baydenning Isroilni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashidan norozi musulmonlarni ovutish uchun e’lon qilingani haqidagi da’voni rad etadi.
"Ushbu strategiya haqiqiy odamlarga nisbatan zo'ravonlik tahdidlariga olib kelishi mumkin bo'lgan Amerikadagi nafratni yo’q qilishga intilishdan kelib chiqqan", - dedi Oq uy rasmiysi Jon Kirbi.
Ayrim musulmonlar 2024-yilgi prezidentlik saylovida ovozlarni Baydenga qarshi safarbar qilish bilan tahdid qildi.
“Siz urush tarafdorisiz va shuning uchun biz sizni urushingiz bilan qoldiramiz. Biz G'azo bolalarini himoya qilamiz. Baydenni tark etamiz", - deydi musulmon faoli Jaylani Husayn.
Musulmon faollariga ko’ra, Bayden va Demokratlar partiyasi bu masalani shu paytgacha jiddiy qabul qilmagan.
“Ushbu muammoni hal qilishning turli yo’llari bor. Men, masalan, Trampga ovoz berish yechimlardan biri deb hisoblamayman”, - deydi Salom Al-Marayati.
Sobiq prezident Donald Tramp o‘tgan oygi chiqishida, agar qayta saylansa, Falastin himoyasi uchun o’tkazilgan mitinglarga zobitlarni jo’natib, XAMASni ochiq qo‘llab-quvvatlovchi muhojirlarni hibsga olib deportatsiya qilishini hamda “terror hukmron bo‘lgan mamlakatlardan” sayohatlarni taqiqlashini aytdi.