Oq uy elektromobillar ishlab chiqarishni kengaytirishga sarmoya kiritar ekan, ba'zi shtatlar tez zaryadlantiruvchi tarmoqlar qurish ustida ishlamoqda.
Rebekka Devit uchun elektr mashinasini zaryadlash alohida e’tibor talab qiladigan masala.
"Agar tokka ulanadigan garajimiz bo’lganda edi, uni to'g'ridan-to'g'ri devorga ulagan bo'lardik, lekin unday bo’lmagani uchun uzatma simdan foydalanamiz", - deydi u.
Agar Bayden ma'muriyati 2030-yilga kelib barcha yangi avtomobillar sotuvining yarmini elektr transport vositalari tashkil qilishiga erishmoqchi bo'lsa, elektromobillarni zaryadlovchi yaxshiroq infratuzilmani yaratish kerak bo’ladi. Oq uy shtatlarga zaryadlash tarmog'ini qurish uchun 5 milliard dollar ajratmoqda. Texas shu maqsadda eng ko'p pul olgan shtatlardan.
“Austin Energy” kompaniyasi vakili Kemeron Frebergning aytishicha, Texasning katta yo'llari bo’yiga zaryadlash uskunalarini o’rnatish elektromobillardan foydalanish salmog’ini oshiradi.
“Siz strategik jihatdan Texas shtati bo'ylab joylashtirilgan tezkor zaryadlash uskunalari orqali soatlab turmasdan, balki bir necha daqiqada energiyaga ega bo’lasiz. Bu ishga tushsa, yirik yo’nalishlar bo'ylab sayohat qilish ancha osonlashadi”, - deydi u.
Tahlilchi Loren MakDonaldning aytishicha, zaryadlovchi shoxobchalarga quvvat to’plovchi batareyalar ham o’rnatish kerak; chunki elektr manbalari har doim ham ishonchli emas.
“Tarmoq uzilib qolganda sizda yanada ishonchli zaryadlash imkoniyati bo’ladi. Bu batareyalar bilan turli xil narsalarni qilish mumkin. Bu sanoatning kelajakdagi evolyutsiyasi”, - deydi MakDonald.
Sanoatdagi yetakchi “Tesla” yaqinda adapter orqali o’z zaryadlash tarmog’ini boshqa kompaniya avtomobillariga ham ochdi.
"Agar siz Tesla bo'lmagan avtomobil boshqarayotgan bo'lsangiz, zaryadlash moslamalari soni siz uchun ikki baravardan ko’proqqa oshdi”, - deydi ekspert.
Yangi va tez quvvat beradigan zaryadlash tarmog’i kengayar ekan, tez orada elektromobil ishqibozlari uchun quvvat olish manbalari yanada ko’proq va ishonchliroq bo’ladi.