Bugun, 25-dekabr kuni, Prezident Jo Baydenning buyrug'i bilan AQSh kuchlari Iroqda maxsus operatsiyalar olib borgan.
Iroq va Suriyadagi urushlarda AQSh boshliq xalqaro koalitsiyaga qarshi kurashgan shia harakati Kataib Hizbulloh va unga sheriklariga tegishli uch inshoot nishonga olingan.
"Bu izchil hujumlar AQShning Iroq va Suriyadagi kuchlariga qilinayotgan tinimsiz xurujlarga javobdir", - deydi Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.
Amerika hukumatiga ko'ra, Eron quvvatlaydigan jangarilar o'tgan ikki oyda 100 dan ortiq marta uning Iroq va Suriyadagi harbiylarini o'qqa tutgan.
Ostin deydiki, bugungi amaliyotlardan maqsad - Tehron homiyligidagi to'dalarni salohiyatdan ayirish va ularning hech kimga hamla qila olmasligini ta'minlash.
Amerika hujumlarida qancha jangari o'lgani noma'lum, biroq kamida uch qo'rg'on yo'q qilingan.
"Prezident va men AQShni, qo'shinimiz va manfaatlarimizni himoya qilish uchun qanday chora zarur bo'lsa, ko'ramiz. Bundan ustunron biror prioritet yo'q", - deydi Ostin.
"Biz mintaqada mojaro avj olishini xohlamaymiz, ammo o'z odamlarimiz va inshootlarimizni mudofaas qilishga bel bog'laganmiz".
Oq uydan Milliy xavfsizlik kengashining bayon qilishicha, bugun erta tongda Iroq shimolida AQSh harbiylariga dron otilgan. Uch askar yaralangan, birining ahvoli og'ir.
Kataib Hizbulloh va uning sheriklari bu xuruj ularning ishi ekanini e'lon qilgan.
Rojdestvoni Merilend shtatidagi Kemp Deyvid dala hovlisida nishonlayotgan Prezident Bayden masalani zudlikda Pentagon bilan muhokama qilib, darhol chora ko'rishni buyurgan.
"Jangarilar hujumlarni bas qilmasa, AQSh istagan paytda istagan shaklda javob beradi", - deya bildiradi Milliy xavfsizlik kengashi.