Iqtisodiyot amerikaliklar uchun saylovda eng muhim masalalardan biri. Bu yil noyabr oyida bo’ladigan prezidentlik saylovida boshqa dolzarb mavzular ham kun tartibiga chiqmoqda.
Prezident Jo Bayden 2024-yilgi saylovoldi tashviqotini Pensilvaniya shtatida boshladi. U amerikaliklarga AQSh iqtisodiyoti uning rahbarligi ostida erishgan yutuqlar haqida eslatdi.
“Iste'molchilar ishonchini o’lchovchi mezonlarga qarasangiz, hammasida o’sish bor. Bugun barchaning ahvoli yaxshiroq va ular bunga ishonadi, buni biladi”, - dedi prezident.
Jorj Vashington universiteti professori Stiven Xemiltonning aytishicha, AQSh iqtisodiyoti “COVID-19” pandemiyasidan, kutilmaganda, o’zini tez tiklab oldi.
“Inflyatsiya 3,1% ga tushdi, bu eng yuqori cho'qqisidan yarmiga kam. Ishsizlik 3,7%; bu qariyb ellik yil ichidagi eng past daraja. Bu haqiqiy yutuq”, - dedi iqtisodchi.
Ammo shu paytgacha erishilgan yutuqlar Baydenning noyabr oyida qayta saylanishiga yordam beradimi; buni vaqt ko’rsatadi, deydi Xemilton.
“Saylov oldidan katta savol shuki, ish haqi qanchalik tez oshadi? Inflyatsiya qanchalik tez pasayadi? Odamlar saylovgacha buning foydalarini his qila boshlaydimi?” – deya so’raychi tadqiqotchi.
Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 76 foizi iqtisodiyotni 2024-yil uchun ustuvor vazifa deb hisoblagan.
Tim Karter respublikachilarga moyil. Bu yil uning asosiy tashvishi immigratsiya, lekin Baydenning iqtisodiy siyosatini ham tanqid qilmoqda.
“Menimcha, u o'zi aytganidek yaxshi ish qilgani yo'q. O’rtacha amerikaliklarning topgani kunini zo’rg’a o’tkazishga yetyapti. Inflyatsiya ancha yuqori; shuning uchun sizning haqiqiy daromadingiz pasaygan” – deydi u.
Ba’zi fuqarolar noyabr oyidagi saylovda qanday ovoz berishlarini iqtisodiyot emas, balki abort va tashqi siyosat belgilashini aytadi.
“Men uchun ijtimoiy muammolar eng katta omil. Asosan, abort masalasi. Menga Nikki Xeylining bu boradagi pozitsiyasi yoqadi. Keling, bu borada realist bo‘laylik, biz butun mamlakat bo‘ylab abortni taqiqlamoqchi emasmiz”, - deydi Joshua ismli saylovchi.
Ukrainalik kichik biznes egasi Anastasiya Derunning aytishicha, uning turmush o'rtog'i siyosatchilarning xalqaro masalalarga, xususan, vatanida davom etayotgan urushga bo'lgan munosabatiga diqqat qaratadi.
“U Demokratlar partiyasi Ukrainaga ko‘proq yordam berishini va shunga tayyorligini biladi. Ishonchimiz komilki, yordam berishni xohlaydigan ko'plab respublikachilar ham bor, ammo hozircha biz ba'zi kelishuvlar to’xtab qolayotganini ko'ryapmiz va nima bo’lishini bilmaymiz", - deydi u.
Elza Avraam Baydenga ovoz berishini aytadi. U iqtisodiyot va boshqa sohalardagi yutuqlardan mamnun.
“Iqtisodiyot tobora kuchayib bormoqda. Menimcha, bu yil foiz stavkalari tushadi. Men buni intiqlik bilan kutyapman", - deydi u.
Ammo iqtisodchilarning ogohlantirishicha, Federal zaxira tizimi inflyatsiya darajasini 2 foizlik maqsadga tushira olishi yoki noyabr oyidagi saylovlar oldidan foiz stavkalari qaysi darajada bo’lishi hali noaniq.