Breaking News

Bayden: Demokratiya kushandasi Trampni qayta saylamang


Noyabrda prezidentlik saylovlari | Bayden va Tramp
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:23 0:00

2024-yil kirishi bilan Jo Bayden qayta saylanish kampaniyasini yangicha energiya bilan davom ettirmoqda. Donald Tramp shu yil noyabrda o’tadigan saylovda uning raqibi bo’lishi ehtimoli yuqori. Tramp va o’ng qanot ekstremistlar, deydi Bayden, Amerika demokratiyasi uchun tahdiddir.

Tramp tarafdorlari uning saylovda yutqazganini tan olishdan bosh tortib, Kapitoliyga bostirib kirganiga uch yil bo’ldi. Shu kungacha 1200 dan oshiq odam federal jinoyatlarda ayblangan. Tergov davom etyapti.

“Bu tinch namoyish emas, hujum edi”, - deydi Bayden.

Prezidentga ko’ra, Donald Tramp Oq uyga qaytishga harakat qilar ekan, demokratiya va qonun ustuvorligi xavf ostida.

“Tramp Amerika prezidentidan kutilgan ishni qilmaydi, siyosiy zo’ravonlikni qoralamaydi. So’zlarimni aniq eshiting. AQSh siyosiy tizimida siyosiy zo’ravonlikka o’rin yo’q. Buni hech qachon qabul qilib bo’lmaydi. Demokratik davlatda bunga o’rin yo’q”, - deydi Bayden.

Prezident demokratiyani muqaddas deya, uni himoya qilishga so’z bermoqda. Tramp esa 2021-yilgi g’alayonga turtki bergan yolg’onni haligacha taklorlab kelmoqda, ya’ni saylovda u g’alaba qilgan, Bayden emas.

“Baydenning prezidentligini zaiflik, qobiliyatsizlik, korrupsiya va muffaqiyatsizlik ifodalaydi. Qolgan hammasi yaxshi, shunday emasmi? Bunaqangi “yutuqlar” bilan u mamlakatni qayerga yetaklayapti? Qayta saylanish uchun u qo’rquvni ishga solayapti”, - deydi Tramp.

Saylovgacha hali 10 oy vaqt bor. Bu davr mobaynida, deydi tahlilchilar, Bayden amerikaliklarni mamlakat to’g’ri yo’ldan ketayotgani, xususan iqtisodiyot o’sayotgani, inflyatsiya pasayayotganiga ishontira olishi kerak. Baydenning xalq orasidagi reytingi 39 foiz atrofida.

“Bayden odamlarni chalg’itish bilan band”, - deydi Trampning maslahatchisi Linn Petton. Uning aytishicha, Bayden davrida narx-navo osmonga chiqdi, mamlakat uchinchi jahon urushi bilan yuzlashdi, oxirgi uch yilda janubiy chegarada vaziyat butunlay izdan chiqdi.

Trampning saylov kampaniyasi Baydenning o’zini demokratiya uchun eng katta tahdid deya atamoqda, uni Trampga qarshi siyosiy ta’qiblarda ayblamoqda.

Sobiq prezidentga qarshi shu kungacha 91 ta ayblov qo’yilgan. Saylov natijasini o’zgartirishga urinish, moliyaviy firibgarlik, maxfiy hujjatlarni uyda saqlash va hokazo.

Tramp ayblovlarning birortasini tan olmagan va o’z partiyasidan nomzodlikka da’vogarlar orasida peshqadamlikni saqlab kelmoqda. Agar saylovda g’alaba qilsa, u Kapitoliyga bostirib kirganlarni afv etishiga, siyosiy raqiblaridan o’ch olishiga ishora qilgan.

“Bu yilgi saylov qanchalik ahamiyatli ekanini saylovchiga yetkazish kerak. Bayden hozirdan ishga kirishyapti”, - deydi siyosatshunos Vilyam Xauell.

Tramp prezidentlikka nomzodini qo’yishga haqlimi yoki yo’q? Oliy sud bu masalani ko’rib chiqishga rozilik berdi. Kolorado shtati uni Kapitoliy qo’zg’oloniga boshchilik qilganlikda ayblab, nomzodlik huquqidan ayirgan.

Meyn shtati ham Trampning saylovdan keyingi xatti-harakatlari tufayli uni nomzodlar ro’yxatidan o’chirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG