Kolorado Oliy sudiga ko'ra, Donald Tramp kelasi yilgi prezident saylovida nomzodini qo'yishga loyiq emas.
Shtat Oq uyga da'vogar respublikachilar ro'yxatiga Trampni qo'ymaydi. Kolorado sudi xulosa qilishicha, sobiq prezident 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qilingan qonli hujum ortida turgan, federal qonunlarni buzgan.
Bu qaror Amerika bo'ylab yangrayotgan chaqiriqlarga kuch beradi. Ko'plab amerikaliklar nazarida Tramp masalasini Oliy sud ko'rib chiqishi kerak.
Fevral oyidan AQShda shtatma-shtat partiyaviy saralash jarayoni boshlanadi, ya'ni respublikachilar prezidentlikka da'vogarlar yuzasidan ovoz beradi.
Poygada oldinda ketayotgan Trampning o'ziga ishonchi baland. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda u 2016-yildagi prezidentlik saylovida olib borgan kampaniyasiga o'xshash strategiyani ishga solmoqda.
Trampning takliflaridan biri shuki, Amerika immigratsiyani cheklashi lozim, toki jamiyatga xorijdan kamroq odam qo'shilsin, mamlakat chegaralari mahkamlansin.
Tramp fikricha, Meksika orqali noqonuniy kirib kelayotganlar va kirishga urinayotganlar keskin jazolanishi lozim.
O'tgan hafta Nyu-Gempshir shtatida so'zlar ekan, Tramp Afrika, Osiyo va boshqa qit'alardan kelayotganlarni qoralab, ularni Amerika sarhadiga yaqinlashtirmaslikka undadi.
"Ular bizning qonimizni zaharlamoqda", - dedi Tramp, oq tanli amerikaliklarga murojaatida.
Bunday qarashlarni bir paytlar natsist lider Adolf Gitler targ'ib qilgan, deya Trampni la'natlayotganlar ko'p. Sobiq prezident esa Gitlerni o'qimaganini, bunday munosabat unda natsizmdan ilhomlanib paydo bo'lmaganini aytadi.
Tramp so'zlariga ko'ra, immigrantlar Amerika jamiyatini buzmoqda, chunki uning qadriyatlarini tushunmaydi. Uning tarafdorlari bu bayonotlarni olqishlar ekan, muhojirlarni AQSh me'yorlarini qabul qilmay, uni o'zgartirishga urinayotganlikda ayblaydi.
Nafaqat immigrantlar, balki ko'plab siyosatchilar, jumladan respublikachilar Trampning yondashuviga qarshi chiqib, uni johillikda va toqatsizlikda tanqid qilmoqda. Ular nazarida bunday shaxs aslo davlat rahbari bo'lmasligi kerak, nomzodlikka noloyiq.
Tramp esa dekabr oyining ba'zi kunlarida Meksika bilan chegaradan 10 mingdan oshiq odam o'tganiga ishora qilib, deydiki, Prezident Jo Bayden davlat xavfsizligi va xalq manfaatlariga befarq.
Amerika migrantlarga mablag' va resurs sarflamasligi kerak, ularga eshikni yopishi kerak, deydi Tramp.
Tarafdorlari fikricha, sobiq prezidentning so'zlari keskin tuyulsa-da, u qonuniy immigratsiyaga qarshi emas.
Ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning aksariyati immigratsiyani ijobiy baholaydi, tizim isloh qilinishini xohlashini bildiradi.
Jamiyatshunoslar tahlilicha esa siyosatchilarning so'zlari ijtimoiy muammolarni avj oldirishi mumkin. Jumladan Trampning immigrantlarga qarshi gaplari ularga nafratni oshirib, ayrim hollarda jinoyatlarga yetaklagan, deydi mutaxassislar.
Jorj Vashington universitetida tadqiqotchi Jon Luis turli etnik va diniy guruhlarga nisbatan xurujlar ortidagi omillarni o'rgangan.
"Bu fashizm", - deydi olim, Trampning chiqishlarini nazarda tutib.
"Oq tanli siyosatchilarning boshqalarni inson sifatida ko'rmasligi, ularni noinsoniy ruhda izohlashi irqchilikning eng jirkach ko'rinishi", - deydi u.
Senatda republikachilar lideri Mitch Makkonnell Trampning so'zlaridan ajablanib, rafiqasi, xitoylik Ileyn Chao uning prezidentligi davrida transport vaziri bo'lganini eslatadi.
Tramp deydiki, Amerika hammani ham kiritmasligi kerak, immigratsiyani cheklashi zarur.