Amerikada yashaydigan osiyoliklar uchun jamiyatda noto'g'ri tushunilish tabiiy hol. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasi shundan darak bermoqda.
"Pew" tadqiqot markazi izlalanishlarida 7000 dan oshiq osiyolik amerikalik qatnashgan. Respondentlarning aksariyatiga ko'ra, kamsitilish - kundalik holat.
Ularning uchdan beri boshqa amerikaliklardan "vataningga ket" degan gaplarni eshitgan. 18-29 yosh orasidagi respondentlarning deyarli 50 foizi boshqa osiyoliklar ham tahdidga uchraganini biladi.
Amerikada 23,5 million odam osiyolik kelib chiqishiga ega. Pandemiyadan beri ularga xavf darajasi oshgani kuzatiladi.
“Diskriminatsiyaga bu insonlar shu qadar tez uchraydiki, o'rganib ketishgan", - deydi Nil Ruiz, "Pew" tadqiqotchisi.
Qizig'i, ko'plab amerikaliklar nazarida osiyoliklar mehnatkash, tirishqoq va sadoqatli odamlar.
Boshqa tomondan esa ular assimilyatsiyalashmagan guruh sifatida ko'riladi, ya'ni AQShda qancha uzoq yashamasin yoki hatto bu yerda tug'ilib, ulg'aygan bo'lmasin, ularni baribir muhojir deb hisoblashadi.
“Respondentlarning 78 foizi boshqalar ularga immigrant deb qarasini aytadi, vaholanki, ularning vatani ham Amerika", - deydi Ruiz.
Chunki bu insonlar odatda chet tillarni biladi, ism-shariflari oq tanli amerikaliklarnikidan farq qiladi.
So'ralganlarning katta qismi nazarida ularning ismlari ataylab noto'g'i aytiladi, ularni ajratish uchun.
Siyosatchilarning ham roli bor. Donald Tramp prezidentlik paytida koronavirusni "xitoy virusi" deb chiqqanidan beri xitoyliklarga nisbatan nafrat oshgan, deydi tadqiqotda ishtirok etganlar.
2001-yilda terror xurujlari ketidan Oq uy Amerikada musulmonlar va islomni hurmat qilishga chaqirgan. Bu bayonotning o'zi arablar va janubiy osiyolik amerikaliklarga nisbatan munosabatni iliqlashtirgan, deyiladi masalani o'rgangan olimlar.
Kaliforniya shtatidan huquqshunos Charlz Jung deydiki, osiyoliklarni tushunish oddiy amerikaliklar uchun haqiqatan qiyin.
"Chunki osiyoliklar juda serqirra, kelib chiqishi rang-barang, tarixi va madaniyati murakkab insonlar", - deydi u.
O'ziga o'xshamagan odamdan xavfsirash odam tabiatida bor narsa, deydi faol, inson insonni tanishi uchun qiziqish va ixlos kerak.
“Juda bo'lmaganda irqchilikka va nafratga undovchi ishlar qilmaslik lozim", - deydi Jung.
Gollivud filmlarida osiyolik amerikaliklar odatda ilmli, kuchli iqtidorga ega insonlar sifatida namoyon bo'ladi. Lekin ular kamdan-kam hollarda normal odamlardek tasvirlanadi, deya noliydi bu guruh vakillari.
Sharqiy osiyoliklar, jumladan yapon, koreys va xitoylar, va janubiy osiyoliklar, jumladan hindlar va pokistonliklar, kamsitilish darajasi va holatlari boshqacha ekaniga urg'u beradi.
Musulmon osiyoliklar ko'proq ekstremizmda gumon qilinadi. Stereotiplar odamlarni charchatadi, deydi tadqiqotchilar, umidsizlikka yetaklaydi.
Keksa osiyolik amerikaliklar deydiki, bu masalalar ularning yoshlik davrida muhokama qilinmagan. Hozirgi avlodning ko'ngli nozik, deya kuzatadi ular. Kamsitilish bugun jiddiyroq muammo.
"Kattalar yoshlarni qanoatlik bo'lishga undaydi. Ular sabr qilib, orzulariga erishganini aytadi. Bugungi avlod esa jamiyatdan ko'proq adolat va tolerantlik kutadi", - deydi huquqshunos Jung.
Bu esa Amerika naqadar o'zgarganidan dalolat, deydi "Pew" tadqiqotchilari.