Breaking News

AQShda millionlab amerikaliklar ingliz tilida ovoz bermaydi


Kaliforniya shtati, 2-noyabr, 2010. Ispan, tagalog va vyetnam tillaridagi saylov targ'iboti.
Kaliforniya shtati, 2-noyabr, 2010. Ispan, tagalog va vyetnam tillaridagi saylov targ'iboti.

8-noyabrdagi saylovda Amerikada 80 milliondan oshiq fuqaroga inglizchadan boshqa tillarda ovoz bera olishi uchun sharoit yaratildi. Federal qonunlar ozchilikdagi guruhlar uchun shunday qulaylik hozirlashni talab qiladi.

Boyzi universitetidan tadqiqotchi Geyb Osterut deydiki, "Tarixan saylov tizimidan uzoqda olib ketgan odamlarni jarayonga olib kirish uchun mana shunday chora joriy etilgani o'ziga xos burilish".

Saylov huquqlari to'g'risida 1965-yilda qabul qilingan qonun afro-amerikaliklarning huquqlarini kengaytirgan. 1975-yilda esa tub aholi, lotin amerikaliklar va osiyolik amerikaliklarning manfaatlarini himoya qiluvchi qonunchilik joriy etilgan.

"Fuqarolikka kirgan muhojirlar ingliz tilini bilishi kerak, ammo ular o'z ona tillarini yaxshiroq biladi. Hamma ham Amerika jamiyatiga osongina qo'shilib ketmaydi. Ularning tillarida ham siyosiy tadbirlarda qatnasha olishi qo'shimcha qulaylik", - deydi Jim Taker, saylovchi huquqlarini targ'ib qiluvchi mutaxassislardan biri.

Florida shtatida ingliz, ispan va kreol tillarida ovoz berish mumkin
Florida shtatida ingliz, ispan va kreol tillarida ovoz berish mumkin

Har besh yilda AQSh Aholini o'rganish byurosi ozchilikdagi guruhlar orasida qay tillar keng tarqalganini tekshirib chiqadi. Natijaga qarab, saylov tizimidagi tillar yangilanadi.

Okrugdagi saylovchilarning 5 foizdan oshig'i yoki 10 mingdan ziyodi ingliz tilida gaplashishga qiynalsa, ularning ona tillarida ovoz berishi uchun sharoit yaratilishi shart.

2021-yilda byuro Amerika bo'ylab 331 okrugda shunday holatni aniqlagan. O'tgan besh yilda bunday okruglar soni 68 taga ko'paygan.

Gap asosan tumanlar haqida ketmoqda. Uch shtat anchadan beri Kaliforniya, Florida va Texasda ispan tilida ham ishlaydi.

Kaliforniya shtatida hukumat azaldan ispan tilida ham ishlab keladi
Kaliforniya shtatida hukumat azaldan ispan tilida ham ishlab keladi
AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, sharoitni yaxshilash uchun hali ko'p ishlar qilinishi zarur.


1996 va 2000-yillardagi tadqiqotlarga ko'ra, yangi fuqarolarga ona tillarida ovoz berish imkoniyatini taklif qilish saylovdagi faollikni oshirgan. Xususan, lotin amerikaliklar orasida ovoz berganlar soni 11 foizga ko'tarilgan. Saylovchi sifatida ro'yxatdan o'tgan lotin amerikaliklar 15 foizga ko'paygan.

Ekspertlarning qayd etishicha, ingliz tilidan boshqa tillarda saylovda qatnashish uchun qulaylik hozirlash shtatlarga qimmatga tushmaydi. Xarajatni qoplash uchun federal hukumat yordam ham taklif qiladi.

Lummi qabilasi hududi, Vashington shtati, 24-mart, 2022
Lummi qabilasi hududi, Vashington shtati, 24-mart, 2022

2006-yilda Kongress bu boradagi qonunlar muddatini 25 yilga uzaytirgan. Demokratlar va respublikachila orasida masala yuzasidan yakdillik keng.

Texas davlat universitetidan tarixchi va siyosatshunos Meri Brennan deydiki, partiyalarning bu xususda kelisha olmasligi ahmoqlik bo'lar edi, chunki har ikkisi ko'proq saylovchi ovoz berishga chiqishini xohlaydi va kimga ovoz berishi ularning qay tilda gaplashishiga bog'liq emasligini tadqiqotlar isbotlab bergan.

“Muhojirlar demokratlarni quvvatlaydi degan asossiz taxminlarni eshitib kelamiz. Izlanishlar buni hech qachon ko'rsatmagan", - deydi Brennan.

Tadqiqotchi Osterut jarayonni o'rganishda davom etmoqda. Uning hozirgacha qilgan xulosasi shuki, ovoz berish huquqiga ega muhojirlarning hammasi ham saylovga chiqishga shoshmaydi, hatto qatnashish uchun ularning tillarida sharoit yaratib bersangiz ham.

"Shunday bo'lsa-da, hukumat ularni bu jamiyatning bir qismi ekanini tan olib, mana sizga qulaylik deb eslatib turishi tizimdagi iroda va adolatni aks ettiradi", - deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG