Breaking News

Bayden Amerika xalqidan demokratiyani avaylashni so'ramoqda


Prezident Jo Bayden Vashingtondagi tarixiy vokzalidan turib, Amerika xalqiga murojaat qildi, 2-noyabr, 2022
Prezident Jo Bayden Vashingtondagi tarixiy vokzalidan turib, Amerika xalqiga murojaat qildi, 2-noyabr, 2022

AQShda Kongress va mahalliy hokimiyatlarga saylovlar yaqinlashar ekan, Prezident Jo Bayden fuqarolardan sergak turib, erkinlik va qonun ustuvorligini qadrlashni so'ramoqda.

Davlat rahbari poytaxt Vashingtondagi tarixiy vokzaldan turib, xalqqa murojaat qilar ekan, Amerika Amerika bo'lishi uchun ikki yarim asrdan oshiq davr qattiq ter to'kilgan, dedi.

Bayden nazarida AQSh demokratiyasiga sobiq prezident Donald Tramp, u boshliq to'da, "ular tarqatayotgan yolg'onlar va targ'ib qilayotgan zo'ravonlik jiddiy tahdid solmoqda".

Bayden ko'plar qatori Trampni 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qilingan hujumda ayblaydi. Saylovda boy berganidan alamzada Tramp, deydi prezident, g'azabga to'lgan tarafdorlarini qonunchilarga qarshi qayragan.

Yaqinda Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining umr yo'ldoshi San-Fransiskodagi uyida hujumga uchradi. Hibsga olingan hujumchi aslida spikerga hamla qilishga kelganini aytgan.

“Bugun oldingizda turib, ogoh bo'lishga undayman: Amerikaning har burchagida rahbarlikka, Kongressga, prokurorlikkka va boshqa lavozimlarga saylanishga harakat qilayotganlar orasida, agar yutqazsa, saylov natijasini aslo tan olmaydiganlar bor",- deydi Bayden.

“Bu esa Amerikani tartibsizlikka yetaklaydi. Bunday sinovlar bilan oldin yuzlashmaganmiz. Bu qonunlarimizga zid va Amerika xalqi qadriyatlariga zid".

Prezident "Amerikani yana buyuk davlatga aylantiramiz" degan shiorni olg'a surgan Trampni Respublikachilar partiyasini mutlaq egri yo'lga boshlab, ularni butun xalq manfaatlariga qarshi targ'ibot olib borayotganlikda ayblaydi.

Bayden deydiki, Tramp va uning izdoshlari Amerika tolerant va erkin jamiyatdan toqatsiz, irqchi va faqat ular yoqtirgan boylar huzur ko'radigan muhitga aylantirmoqchi.

Tramp va ko'plab respublikachilar bu ayblovni asossiz deya inkor etib, demokratlarni ularga qarshi nafrat urug'ini sochayotganlikda qoralaydi.

Amerika azaldan raqobatli va ishonchli saylovlar o'tkazib kelgan, deydi Bayden, ammo Tramp boshliq radikallar xalqning bu sistemaga tayanmaslikka chaqirmoqda.

So'nggi paytlarda saylov uchastkarlari xodimlariga ham tahdidlar ko'paygan. Bu joylarda odatda ko'ngillilar mehnat qiladi.

“Jamiyatimizda zo'ravonlikka undashlar keng tarqalayapti va ko'p hollarda biz loqayd qolayamiz”, - deya noliydi prezident.

"Sukut saqlashimiz, indamay ketishimiz bizni zo'ravonlik tarafdoriga aylantiradi".

Shu tariqa Bayden amerikaliklardan 2020-yilgi saylov jarayonini shubha ostiga olganlar va natijani tan olmaganlarga ovoz bermaslikni so'ramoqda.

Tramp Bayden g'alabasini e'tirof etmaganlar orasida, ammo u o'sha paytda boshqargan ma'muriyat ham saylovni ishonchli va adolatli o'tdi, deya xulosa qilgan.

"Kelajak haqida jiddiy o'ylaning", - deydi prezident yurtdoshlariga qarata.

“Saylovga chiqqaningizda o'zingiz ma'qul ko'rgan odamgagina emas, butun boshli demokratiyamiz istiqboli uchun ovoz berasiz bu safar".

27 milliondan ziyod amerikalik erta ovoz berib bo'lgan.

Pelosining uyidagi jinoyat ketidan Kongress a'zolarining xavfsizligiga e'tibor oshgan. Qonunchilik organi joylashgan Kapitoliydagi bosh politsiyachi Tom Manger choralar mustahkam ekanini aytadi.

“Xizmatimiz xodimlari tunu-kun harakatda va albatta, so'nggi voqealar bizni yanayam hushyor bo'lishga majbur qiladi", - deydi Manger.

Kongressning 535 a'zosi - 435 vakil va 100 senator - nafaqat Vashingtonda va ishxonada, balki o'z okruglarida va safarlar paytida ham xavfsizlik mexanizmlariga tayanadi.

Bayden fikricha, Tramp va uning radikal tarafdorlari avtoritarizmni targ'ib qilmoqda, shunday rahbarlarni maqtab, liberal qadriyatlarni oyoqosti qilmoqda.

"Ular uchun adolat va qonun ustuvorligi demokratiyani emas, yakkahokimlikni anglatadi", - deydi prezident.

Ommaviy so'rovlarda ko'plab amerikaliklar demokratiya yuzasidan umidsiz ekanini aytgan.

Shu kunlarda respondentlarning faqat 9 foizi fikricha, Amerika demokratiyasi "a'lo" yoki "juda yaxshi" ishlayapti, 52 foiziga ko'ra esa "yaxshi emas".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG