Breaking News

AQSh: Matbuot erkinligi hamisha eng muhim talab


Ned Prays, AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi
Ned Prays, AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi

2-noyabr - Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni jazolashga undovchi kun. Jahon bo'ylab nishonlanadigan bu ayyomda AQSh hukumati o'z hamkorlarini ommaviy axborot vositalari xodimlari va mustaqil jurnalistlarni qadrlashga va ularga nisbatan adolatsizliklarga ko'z yummaslikka undamoqda.

"Erkin va mustaqil matbuot demokratiya targ'ibotida bag'oyat muhim rol o'ynaydi. Aks holda insoniyat dunyoda nima bo'layotganini bilmaydi, ijobiy yoki salbiy", - deydi Ned Prays, AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi .

Jurnalistlar - mustaqil matbuotning yuragi va ongi, deydi rasmiy, xalq uchun faktlarni aniqlab, hukumatlarni savolga tutadi, lekin bu jarayonda xavf va qarshiliklar bilan yuzma-yuz.

1992-yildan beri 1500 dan ziyod jurnalist va media xodim ish paytida halok bo'lgan. Bu - umumbashariy fojia, deya izohlaydi Prays. Aksariyat hollarda adolat ta'minlanmagan. Muxbirlarni o'ldirganlar jazolanmagan.

2021-yilda jahon miqyosida 294 jurnalist qamoqda bo'lgan.

"Matbuot xodimlari onlayn tahdidlarga uchraydi, biroq tahdidchilarni tutish qiyin", - deydi Prays.

"Ayol jurnalistlar ayniqsa qattiq bosim ostida, onlayn tayziqlar tobora keskin".

BMT hisobicha, ayol jurnalistlarning 73 foizi internet orqali qo'rqitiladi.

AQSh Davlat departamenti qayd etishicha, ko'plab tuzumlar ommaviy axborot vositalari xodimlarini raqamli texnologiya orqali zimdan kuzatadi va ularning faoliyatiga to'sqinlik qiladi.

BMT bu masalaga qarshi dastur ishlab chiqqan. Jurnalistlarni himoya qilish uchun qonunlar qabul qilinishi, mexanizmlar, qo'llanmalar va boshqa choralar ko'rilishi uchun harakat boshlangan. Biroq ular samara berishi hukumatlarning irodasiga bog'liq. BMT matbuotchilar huquqlarini buzadigan tomon asosan hukumatlarning o'zi ekaniga ham urg'u beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG