2024-yil saylovida qatnashishga ishora qilayotgan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bir yarim yillik tanaffusdan so’ng poytaxt Vashingtonga tashrif buyurdi.
Tarafdorlariga bir yarim soatlik murojaatida Tramp o’tgan saylovda g’alaba qozonganini yana bir bor da’vo qildi.
"Birinchi saylovda [2016-yil] g’olib men bo’lgan edim. Ikkinchisida undan ham yaxshi natija ko’rsatdim. Qo’shimcha bir necha million ovoz oldik. Bu haqda hali ko’p gapiriladi. Sharmandali saylov bo’lgan. Yana harakat qilib ko’rishimiz mumkin”, - dedi Tramp.
Vashingtondagi chiqishida sobiq rahbar qonun va tartibni kuchaytirish, muhojirlar va giyohvandlarga bosimni oshirish, huquq-tartibot organlari vakolatini kengaytirish haqida so’zladi.
AQSh Kongressida shu kunlarda Trampning 2021-yil 6-yanvaridagi voqealarga aloqadorligi tergov qilinyapti. Raqib demokratlar nazarida, saylovda mag’lub bo’lganini tan olishdan bosh tortgan Tramp tarafdorlarini Kapitoliyni ishg’ol etishga, qonunchilarni Jo Bayden g’alabasini bekor qilishga undashga da’vat etgan.
Natijada o’sha kuni yuzlab odam Kapitoliyga bostirib kirib, qonunchilik organini ostin-ustun qilgan, 5 kishi nobud bo’lgan, keyinchalik salkam 900 odam hibsga olinib, isyonda ayblangan.
Demokratlar Trampning bu voqealarga bevosita aloqadorligini isbotlab, uni keyingi saylovda qatnashish huquqidan mahrum etmoqchi.
Vashingtonlik tahlilchilar va aksariyat siyosatchilar sobiq prezidentni saylovdagi mag’lubiyatini hamon tan olmayotgani uchun tanqid qilyapti.
"Tramp siyosatining aksar qismiga va g’oyalariga ko’z yumishga tayyorman, chunki harholda u qonun doirasida ish qilgan. Nazorat va muvozanatdan iborat konstitutsion demokratik tuzumda shunday bo’ladi, demokratik jarayon bunga yo’l qo’yadi. Ammo saylovdagi mag’lubiyatning shaxsan sizga alam qilgani uchun saylov natijasini tan olmaslik bu boshqa masala. Bunday fikrlash qonun doirasidan tez chiqarib yuborishi mumkin”, - deydi Brukings tahlil instituti eksperti Maykl Oxanlon.
Ba’zi olimlar nazarida, Trampning so’zlari xorijiy mamlakatlarning Amerika demokratiyasi haqidagi tasavvuriga salbiy ta’sir qiladi.
“Bunday nutqlardan so’ng demokratlarga ham, respublikachilarga ham dunyo kezib, boshqa xalqlarni Amerika - demokratiya masha’li ekaniga ishontirish qiyin bo’ladi. Amerikaliklarning 30 foizi Tramp aytgan safsataga ishonsa, odamlar uni bugungiday olqishlar bilan kutib olsa, u bundan keyin ortiq saylanmasa ham demokratiya bugun amerikaliklar uchun ustuvor kuch emas degan tasavvur hosil bo’lyapti”, - deydi Texas universiteti professori Jeremi Suri.
Facebook Forum