Bugun AQSh Vakillar palatasida Vashingtonda joylashgan Kapitoliy binosining 2021-yil 6-yanvaridagi ishg’oliga doir tinglovlar jonlandi. Sobiq prezident Donald Tramp tarafdorlari amalga oshirgan isyonni taftish qilayotgan komissiya sobiq rahbarning voqealardagi rolini ham ko’rib chiqishi kutilmoqda.
“Donald Tramp saylovdan oldin ham ovozlar soxtalashtirilishi haqida ko’p yolg’on so’zlagan, saylov kunidan keyin hisoblangan byulletenlarga shubha bilan qarash kerakligini aytgan. Uning bu so’zlariga yaqqol dalillar bor. Ushbu yolg’on saylovdan keyin ham davom etdi va oxir-oqibat to’daning uyushishiga va Kapitoliiyga hujum qilishiga olib keldi”, - deydi Trampning ashaddiy tanqidchisi va taftish komissiyasining a’zosi demokrat kongressmen Adam Shif.
Qonunchilarga ko’ra, Tramp tarafdorlari Kapitoliyda zo’ravonliklarga berilganidan keyin ham sobiq prezident ularni tinchlantirishga harakat qilmagan. Ba’zilari hatto sobiq vitse-prezident Mayk Pens saylov natijalarini tasdiqlashga qaror qilsa, uni dorga osishga da’vat etgan.
“Prezident Tramp zo’ravonliklarga barham berish kerakligi haqida unga nasihat qilgan maslahatchilarini koyigan. Mayk Pensni dorga osish haqidagi da’vatlardan xabar topgach esa Tramp “tarafdorlarimiz balki haqdir, Mayk Pens shunga loyiqdir” deb aytgan”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Liz Cheyni.
Qonunchi ayol sobiq prezident harakatlarini qoralashga botinmagan partiyadoshlarini tanqid qildi. Biroq respublikachilar nazarida, o’tmishni kovlashdan foyda yo’q, kelajakni o’ylash kerak.
“Tramp prezidentlikdan ketgan. Kelajakka nazar tashlash kerak. Sobiq prezidentga qarshi dalillarni o’rganib chiqamiz. Nazarimda, Trampning xatosi shuki, u jim turmasligi kerak edi”, - deydi kongressmen Don Beykon.
Kapitoliyni o’sha kuni qo’riqlagan politsiyachilar ham tinglovda ko’rsatma berdi.
“Men urush manzarasiga guvoh bo’ldim. Kinolarda ko’rgan sahnalarga o’xshadi. Ko’zlarimga ishonmasdim. Bir necha politsiyachi yerda qonga belanib yotgan edi”, - deydi Karolin Edvards ismli politsiyachi ayol.
Kapitoliyga hujumda qatnashganlik gumoni bilan 800 dan ziyod odam hibsga olingan. Tramp komissiya a’zolarini siyosiy manfaatlarni ko’zlagan to’da deb atadi.
Facebook Forum