Jo Baydenning saylov g’alabasidan norozi Tramp tarafdorlari Kongressga bostirib kirganiga bir yil to’ldi. Yuzlab odamlar g’alayonda ishtiroki uchun sudini kutmoqda, 150 dan ziyod kishi aybini tan olgan. Javobgarlarni topish va jazolashga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etyapti.
O’tgan ikki asrda Kongressga qilingan eng dahshatli hujum deya tasvirlanayotgan bu voqealar yuzasidan savollar hali ham ko’p. Oxir-oqibat kim aybdor?
Sobiq prezident Donald Trampning ko’plab tarafdorlari jiddiy qoidabuzarlik bo’lmaganini aytib kelmoqda. Tanqidchilarga ko’ra esa Tramp saylov natijasini o’zgartirishga harakat qilib, demokratik jarayonga putur yetkazgan.
Namoyishchilar politsiya bilan olishib Kapitoliy binosiga bostirib kirganida qonunchilar Jo Baydenning saylov g’alabasini tasdiqlashga tayyorlanayotgan edi.
“AQShning sobiq prezidentini, uning yugurdaklarini, u Kapitoliyga yo’llagan bezorilarni bizning xodimlarga yetkazilgan travma uchun hech qachon kechirmayman”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
G’alayondan bir necha kun o’tib, Vakillar palatasi Donald Trampni odamlarni davlatga qarshi harakatga undaganlikda ayblab, uni impichment qildi. Biroq 2021-yilning fevralida uni Senatda aybdor deb topish uchun ovozlar yetmadi.
O’sha kuni xavfsizlik nega pand bergani yuzasidan o’nlab tinglovlar o’tdi. Trampning xatti-harakatlarini tekshirish uchun Vakillar palatasi tomonidan maxsus qo’mita ham tuzilgan.
Oq uyning sobiq xodimlari, Trampning yaqin maslahatchilaridan sobiq prezident 6-yanvarda nimalar bilan band bo’lgani haqida guvohlik berish so’ralmoqda. Rad etayotganlarning ishi sudga oshirilyapti.
Qo’mita yil oxirida oraliq saylovlar arafasida o’z hisobotini e’lon qiladi, ammo tergov xulosalari qonuniy kuchga ega emas.
AQSh sudlarida shu kungacha 700 dan ortiq odam federal darajada turli jinoyatlarda ayblangan. Noqonuniy kirish va tartibni buzish kabi yengillaridan tortib, politsiya va jurnalistlarga hujum kabi jiddiy ayblovlargacha.
Tadqiqotchilar deydiki, g’alayonda qatnashgan, zo’ravon guruhlarga a’zo taxminan 70-80 odam fitnada ayblanishi mumkin.
“Iyerarxik tuzilishga ega, “Proud Boys” singari mahalliy ekstremistik guruhlarning a’zolari nazarda tutilyapti. Da’vo qilinishicha, ular Kapitoliyga Trampning nutqini tinglash va namoyish qilish uchungina bormagan. Ayrimlari moliya to’plagan, odamlarga qurol tarqatgan, Virjiniyadagi mehmonxonada qurollarni qoldirgan”, - deydi mahalliy ekstremizm bo’yicha tadqiqotchi Jon Luis.
6-yanvar kuni Kapitoliyda bo’lgan 5 kishi turli sabablarga ko’ra halok bo’lgan. Tartibsizlik spontan ravishda ro’y berganmi yoki sobiq prezident tomonidan rejalashtirilgan harakatlarning bir qismi edimi, degan savolga hozircha javob yo’q.
Facebook Forum