2020-yildagi prezident saylovlari va uning bahsli natijasi AQSh bo’ylab ovoz berish huquqi va shtatma-shtat holat yuzasidan siyosiy tortishuvlarni avj oldirdi. Ayrim shtatlarda fuqaroning saylovda qatnashishi ataylab cheklangan, degan iddaolar tinmagan.
2021-yilda Kongress eshigida namoyishlar va norozi fuqarolarning chiqishlari tinmadi. 50 dan oshiq demokratlar Texas shtatidan kelib, u yerda respublikachilar tanishtirgan qonun loyihasini qoraladi. Odamlar irqi va elatiga qarab kamsitiladi, deya nola qildi.
Sobiq president Donald Tramp o’tgan yilgi saylovda yutqazganini tan olmay, tizimni adolatsizlikda ayblaganidan keyin 19 shtatda 33 qonun loyihasi ovozga qo’yilib, ovoz berish erkinligi borasidagi hujjatlar yangilandi. Iyul oyida Oliy Sud bu borada hukm chiqarib, saylov jarayonida shtatlarning vakolatlarini kengaytirdi. Natijada, deydi huquq himoyachilari, ko’plab shtatlarda bu boradagi siyosat o’zgarib, erkinlik toraymoqda.
“2020-yilda AQSh tarixida o’tgan bir asrda eng ko’p fuqaro ovoz berishga chiqdi. Pandemiya sabab odamlar uydan turib, pochta orqali saylovda qatnashdi. Mana shunday imkoniyat amerikaliklarni ruhlantirdi. Ular qarshi ovoz bergan tomonlar esa siyosiy qudratidan foydalanib, ovoz berish huquqini siquvga ola boshladi va bu juda xunuk tus oldi”, - deydo Rebeka Karuters, tahlilchi.
Senatda demokratlar bu harakatlarga javob berishga urindi. Bayden ma’muriyati choralar ko’rishga tushdi, lekin samarasiz.
Vitse-prezident Kamala Harris:
“Amerikaliklar ovoz berishga haqli va buni hech kim savolga tuta olmaydi. Tizim ular uchun ishlaydi. Bu erkinlikka hech narsa, hech kim tahdid sololmaydi. Shunday ekan, mamlakat bo’ylab tashlanayotgan salbiy qadamlarga jim qarab turmaymiz”.
Biroq demokratlar Senatda o’zlari istagan qonun loyihasini ma’qullatish uchun zarur 10 respublikachi ovozini ololmadi. Respublikachilar fikricha shtatlar saylov tizimini isloh qilishga haqli. Saylovchi zarur guvohnomaga ega bo’lishi kerak.
Mark Brnovich, Arizona shtati prokurori:
“Jarayon tartibli xavfsiz, natija esa ishonchli bo’lishi shart. Choralar shu maqsadda.”
Konservatorlar nazarida bu ishlarni Vashington nazorat qilmasligi kerak.
“Har bir shtat - alohida siyosiy sistema. Senatdagi demokratlar esa federal miqyosda nazoratni kengaytirib, saylov qanday o’tishini boshqarmoqchi. Ularga qolsa, saylov tizimlarimizga xavfsizlik mexanizmlari kerakmas, ovoz berish jarayoni himoya qilinmasa ham bo’ladi. Bu degani butun tizimimiz tahdid ostida qoladi. Shtatlar o’zlari hal qilishi lozim bu masalani. Uning mustahkam bo’lishi shtatlar qo’lida”, - deydi tahlilchi Gans von Spankovski.
Demokratlarga ko’ra esa Amerika saylov tizimi zamon talablariga javob berishi kerak. Jamiyat hozir etnik jihatdan yanada boyigan, ozchilikdagi fuqarolar himoyaga muhtoj.
Demokrat senator Jeff Merkli:
“Mamlakat bo’ylab odamlardan so’rasangiz, hamma – respublikachilar, demokratlar, mustaqil tomonlar, saylovlarimiz ishonchsiz, deydi. Milliarderlar va korporatsiyalar ovozga ta’sir qiladi, jarayonni qayta ko’rib chiqib, isloh qilish lozim, deyishadi. Hamma tizimni himoya qilaylik, deyishadi. Amerikaning fikri bu”.
Fuqaro huquqlari himoyachilari yozda Vashingtonda keng ko’lamli namoyishlar o’tkazdi.
Noyabrda Kongressda demokratlar yana harakat qildi, ammo saylov haqidagi qonun loyihasi yetarlicha ovoz yig’olmadi. 2022-yildagi saylovlar oldidan harakat susaygan.
Facebook Forum