Breaking News

Mustaqillik kunida Bayden amerikaliklarni emlanishga undadi


Qo’shma Shtatlar mustaqilligining 245 yilligini nishonlar ekan, Prezident Jo Bayden ayyomni Oq uyda mehmonlar davrasida nishonladi.

“Bu yili 4-iyul alohida ahamiyatga ega, chunki zulmat, pandemiya va yakkalanish, og’riq va qo’rquvni ortda qoldiryapmiz”, - dedi Bayden qariyb 1000 kishi taklif etilgan Oq uydagi ziyofatda.

Taklif etilganlar orasida, jumladan, harbiy oilalar va COVID-19 ga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlari ham bor. Bu Bayden prezidentligi boshlanganidan buyon Oq uy hovlisida o’tkazilayotgan ilk yirik tadbir.

Mustaqillik kuni pandemiyaning burilish nuqtasi bo’ladi, vaksinatsiya bo’yicha belgilangan maqsadga erishilsa “erkinlik yozi” boshlanadi deya umid qilingan edi. Ammo 4-iyulgacha balog’at yoshidagi aholining 70 foizini emlash rejasi amalga oshmadi. Hozirgacha ularning 67 foizi kamida bir dozani qabul qilgan.

AQSh rahbari nutqida virusdan vafot etgan 600 mingdan ziyod amerikaliklarni yodga oldi, shifokorlarga rahmat aytdi. Unga ko’ra, COVID-19ning yangi shtammlaridan eng yaxshi himoya bu vaksinadir.

“Vatanparvar bo’lsangiz emlaning”, - deydi Bayden.

Bu yilgi mustaqillik bayramida Amerika xalqi pandemiya cheklovlari va iqtisodiy qiyinchiliklardan o’tib, hayot sekinlik bilan izga tushayotganini ham nishonlamoqda. Pandemiya sababli o’tgan yili deyarli barcha tantanalar bekor qilingan edi.

6-yanvarda Kapitoliy g’alayonidan so’ng Vashingtonda joriy etilgan kuchli xavfsizlik choralari bugunga kelib bekor qilingan. Bayden murojaatida demokratiya ahamiyatga urg’u berdi.

“Demokratiyamiz kafolatlangan emas, uni himoya qilishimiz darkor. Ovoz berish huquqi va ovozingiz hisobga olinishi muqaddasdir”, - dedi AQSh rahbari.

“Birgalikda virusni yengayapmiz, iqtisodiyotni oyoqqa turg’azayapmiz. Birgalikda xalqimizni parokandalikdan, umidsizlikdan qutqaramiz. Faqatgina birgalikda bu ishlarni amalga oshirish mumkin. Chinakamiga ishonamanki, porloq kelajagimiz hali oldinda”, - deydi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG