Breaking News

Bayden Trampni qoralab, demokratiyani himoya qilishga undadi


Amerika xalqi 2021-yilning 6-yanvarida Kapitoliy binosi va ostonalarida ro’y bergan qonli voqealarni yodga olar ekan, Prezident Jo Bayden tartibsizliklarda to'g'ridan-to'g'ri sobiq prezident Donald Trampni aybladi va demokratiyaga tahdidlar davom etayotgani haqida ogohlantirdi.

Kongress binosidan qilgan nutqida Bayden Trampni va uning qonunchilik organiga hujum qilgan tarafdorlarini keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, sobiq rahbarning partiyadoshlari, Respublikachilar partiyasining aksar a'zolari haligacha prezident saylovlari yuzasidan yolg’onlarni davom ettirmoqda.

“Haqiqat va yolg’onni bir-biridan ajratishimiz shart. Qo’shma Shtatlarning sobiq prezidenti 2020-yilgi saylov to’g’risida asossiz gaplar tarqatdi, chunki u hokimiyatni prinsipdan ustun qo’yadi, o’z manfaatlarini Amerika manfaatlaridan muhimroq deb biladi”, - deya ta’kidladi Bayden.

“U saylovda yutqazganini tan olishga ojiz”, - deydi AQSh rahbari.

6-yanvar AQSh tarixidagi eng qora sahifalardan ekanini ta’kidlab kelayotgan Bayden shu paytgacha o’zidan oldingi prezidentni to’g’ridan-to’g’ri tanqid qilmagan edi. Nutqi davomida Trampni u qayta-qayta “sobiq prezident” deya tilga oldi.

“U shunchaki sobiq prezident emas, mag’lub bo’lgan sobiq prezident”, - dedi Bayden.

Bugun Kongressda xotira marosimlari, tarixchilar bilan suhbatlar va Senatda nutqlar rejalangan. Bir yil oldingi g’alayon natijasida besh kishi halok bo’lgani, taxminan 140 politsiyachi Tramp tarafdorlari bilan olishuvda yaralangani aytiladi.

“Siyosiy zo’ravonlikni norma deb qabul qiladigan mamlakat bo’lamizmi? Odamlarning qonuniy tarzda bergan ovozi, irodasi o’zgartirilishiga yo’l qo’yadigan jamiyat bo’lamizmi?”, - deya so’raydi Bayden.

AQSh rahbari deydiki, Tramp va uning safdoshlari 2020-yilgi saylov natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilsa-da, bu da’volarning hech biri sudda isbotini topmagan, shtatma-shtat o'tkazilgan tekshiruv va auditlar saylov natijasini o'zgartirmagan,

“Uning tarafdorlari o’sha kuni xalq irodasiga qarshi chiqdi, konstitutsiyani oyoq osti qilishga harakat qildi”, - deydi Bayden.

“Vashington Post” gazetasi Merilend universiteti bilan hamkorlikda o’tkazgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 60 foizi Kapitoliy ishg’oli uchun Donald Trampni javobgar deb hisoblaydi.

Qator boshqa so’rovlar ko’rsatmoqdaki, respublikachilarning 70 foizi hanuz Baydenning saylovdagi g’alabasini tan olmaydi.

Hozirgacha saylov mag’lubiyatini tan olmagan, 6-yanvar qo’zg’olonida qatnashganlarni vatanparvar deb tasvirlab kelayotgan Tramp bugun matbuot anjumani o’tkazishni rejalagan edi, ammo uni to’satdan bekor qildi.

Tramp Baydenning nutqini “siyosiy teatr” deya qoralab chiqdi.

“Chegaralarni ochib qo’yish, qing’ir saylovlar o’tkazish, halokatli energetik siyosat yuritish, maktablarni yopish bilan mamlakatimizni xonavayron qilayotgan Bayden Amerikani ikkiga ajratish uchun bugun mening nomimdan foydalandi”, - deyiladi Tramp bayonotida.

Bayden deydiki, 6-yanvar singari voqealar hech qachon tarkorlanmasligi kerak. Prezident demokratiya xavf ostida deya, xalqni qonun ustuvorligini himoya qilishga, “demokratiya olovi yonib turishini” ta’minlashga undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG