Breaking News

Yangi hisobot AQSh armiyasida ekstremizm muammosiga e’tibor qaratdi


Yangi tadqiqotga ko’ra, AQShda amaldagi va sobiq harbiy xizmatchilar orasida ekstremistik fitnalarga aloqadorlik sur’ati oshgan. Bu qisman ekstremistlarni safarbar qilishga yordam bergan so’nggi voqealar, xususan, 6-yanvar kuni Kapitoliyda ro’y bergan tartibsizliklar bilan bog’liq.

Merilend universiteti qoshidagi Terrorizmni o’rganish markazi tayyorlagan tahlilnomaga ko’ra, Amerikada 1990-2021 yillar oralig’ida harbiy sohaga aloqador 354 kishi o’zining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy yoki diniy maqsadlaridan kelib chiqqan holda jinoyat sodir etgan.

1990-dan 2010-yilgacha ekstremistik mafkura bilan bog’liq jinoyatlarga qo’l urgan harbiylar o’rtacha 6 nafarni tashkil etgan bo’lsa, oxirgi 10 yilda bu raqam qariyb 21 ga yetgan. O’sishga asosan 2017, 2020 va 2021-yillardagi voqealar turtki bergan.

“Ushbu yillarning har biri AQShda katta sonda ekstremistlarni mobilizatsiya qilgan voqealar bilan ajralib turadi. Masalan, 2017-yilda Sharlotsvil shahridagi o’ngchilar namoyishi, COVID-19 pandemiyasi, irqiy adolat uchun namoyishlar, 2020-yilgi prezidentlik saylovlari va 6-yanvar kungi Kapitoliy bosqini”, deyiladi tahlilnomada.

Raqamlar o’sishiga Kapitoliy g’alayoni katta hissa qo’shgan. Donald Tramp tarafdorlari o’shanda inshootga bostirib kirib, Jo Baydenning saylov g’alabasini to’xtatishga harakat qilgan edi.

Ayblov bilan yuzlashayotgan 563 kishining 15 foizi harbiy sohaga aloqador. Ammo voqea paytida aksariyati faol xizmatda bo’lmagan.

Yuqorida qayd etilgan 354 kishidan 78 foizi radikallashgan yoki hibsga olingan paytda harbiy xizmatchi sifatida ro’yxatda bo’lmagan.

“AQShdagi ekstremistlarning aksariyati harbiy sohaga aloqador emas. Hibsga olinganlari orasida esa ko’pchiligi qurolli kuchlarni tark etganidan so’ng radikallashgan. Shunday ekan, sobiq harbiylarning ekstremizmga berilishi haqida gap ketganda, bu faxriylar orasidagi muammoga ishora”, - deydi izlanish mualliflaridan biri Maykl Jensen.

Oldingi hisobotlar

Yuqoridagi xulosalar AQSh armiyasida ekstremistik mafkura tarqalishini o’rgangan oldingi hisobotlar bilan hamohang.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi aprel oyida chop etgan izlanishga ko’ra, terroristik fitna yoki hujumlarga aloqador harbiy xizmatchilar soni oz, lekin o’sib bormoqda.

“Ma’lumotlar ehtiyotkorlikka chorlaydi. Bu muammolar davom etadi, chunki ekstremistik tarmoqlar o’z a’zolarini qurolli kuchlar safiga va huquq-tartibot organlariga joylashga, faxriylarni jalb qilishga intiladi”, deyiladi hisobotda.

AQSh Mudofaa vaziri Lloys Ostin harbiy sohada ekstremizmga qarshi kurashni prioritet deb belgilagan. U ekstremistlarning harbiy xizmatga yozilishini bartaraf etish, xizmatni tark etayotganlar uchun treninglarni ko’paytirish bo’yicha ko’rsatma bergan.

“Formada xizmat qilayotganlarning aksariyati va ularning noharbiy hamkasblari xizmatni sharaf deb biladi, ammo har qanday ekstremistik xatti-harakatlar katta ta’sir kuchiga ega”, - deydi vazir.

Pentagonga ko’ra, ekstremist guruhlar qurolli kuchlar safiga qo’shilishga, xizmatchilarni jalb qilishga harakat qilganini isbotlovchi dalillar mavjud.

Muammo qanchalik chuqur ekanini aniqlash bo’yicha boshlangan tashabbuslardan biri natija bermagan. Pentagon qoshida tuzilgan yangi organ mablag’ yetishmovchiligi va manfaatlar to’qnashuvi kabi masalalar bilan yuzlashgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG