AQShda 6-yanvar kuni olomonning Kongressga qilgan hujumi ketidan ichki terrorizm to’g’risida yangi qonun ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar qizimoqda. Hozirda ichki terrorizm uchun fuqarolarni javobgarlikka tortadigan alohida nizom mavjud emas.
Amaldagi qonunchilikda xorijiy terrorchi tashkilotlarga “moddiy yordam” ko’rsatish jinoyat sanaladi, ammo mahalliy terrorizmni jinoyatga tenglashtiruvchi federal qonun yo’q.
“6-yanvar voqealari bunday qonun zarurligini ko’rsatyapti”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Makkol, Vakillar palatasining Davlat xavfsizligi bo’yicha qo’mitasi a’zosi.
Biroq fuqaro erkinliklarini himoya qiluvchi tashkilotlar va Kongressning ko’pgina a’zolari tomonidan qarshilik kuchli.
“6-yanvar kuni muammolarimiz qonunlar, resurslar yoki razvedka ma’lumotlari yetishmasligida emas edi. Hammasi bor, lekin qo’llamadik”, - deydi demokrat qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortez.
AQSh federal qonunlarida mahalliy terrorizm “tinch aholini qo’rqitish yoki majburlash”, hukumat siyosatiga “qo’rqitish yoki majburlash yo’li bilan” ta’sir qilish, ommaviy qirg’in, suiqasd yoki o’g’rilik orqali “hukumat faoliyatiga ta’sir qilish”ga qaratilgan va “odamlar hayoti uchun xavfli bo’lgan” jinoiy harakatlar deya tavsiflanadi. Ammo bunday harakatlar uchun jinoiy jazo belgilanmagan.
Natijada Federal qidiruv byurosi (FQB) “ichki terrorizm” bo’yicha tergov ishlarini muntazam olib borsa-da, ayblov qo’yishga kelganda qotillik va tajovuz to’g’risidagi boshqa qonunlarga tayanadi.
Shu kungacha 200 dan oshiq Tramp tarafdorlari Kapitoliyga hujum tufayli hibsga olingan bo’lsa, hech biri mahalliy terrorizmda ayblanmagan. Ularga Kapitoliy binosiga noqonuniy kirganlik, politsiyaga hujum qilish va qonunchilarga tahdid qilish kabi ayblovlar qo’yilmoqda.
“Kishi xorijiy guruhlar yoki mafkuralarga aloqador bo’lsa, javobgarlikka tortish osonroq. Mahalliy va xorijiy terrorizmga bir xil yondashmaslik adolatdan emas. Oq tanli millatchilarga ergashib jinoyat sodir etgan odam va “Islomiy davlat” mafkurasiga ergashib jinoyat qilgan odamni solishtirsangiz, “Islomiy davlat”ga ergashgan ko’proq jazo oladi. Bu mantiqsizlik”, - deydi Tramp davrida Ichki xavfsizlik vazirligi sobiq rasmiysi Elizabet Nyuman.
Chet eldagi terrorchi tashkilotga moddiy yordam ko’rsatganlar 20 yilgacha qamalishi mumkin.
Oq uyga harakat qilayotganda Jo Bayden ichki terrorizm bo’yicha qonun qabul qilinishi kerakligini ta’kidlagan. U Kongressga hujum qilganlarni “qo’zg’olonchilar” va “mahalliy terrorchilar” deb atagan. Oq uyning bildirishicha, ichki terrorizm mavsuzi o’rganilmoqda va hali biror qaror qabul qilingan emas.
Amerikadagi ayrim guruhlarni mahalliy terroristik tashkilotlar deb tamg’alash lozim deyayotganlar bor.
“AQShda tuzilgan guruhlarni taqiqlash haqida gap ketayotgan bo’lsa, Amerika siyosiy tizimida hukumatga bunday vakolatni berish xavfli”, - deya izohlaydi Texas universiteti professori Bobbi Chesni.
Adliya vazirligi sobiq rasmiysi Meri Makkord fikricha esa ichki terrorizm va xalqaro terrorizm teng ko’rilishi lozim.
“Terrorizm” deganda faqat “islomiy extremistik terrorizm” tushunilmasligini jamoatchilikka tushuntirish kerak”, - deydi u.
Kongressda o’lim jazosini ichki terrorizmga oid ishlarda ham qo’llash, bu masala bilan shug’ullanuvchi maxsus FQB idoralarini ochish takliflari ko’rib chiqilmoqda.
“Kapitoliyga hujumdan so’ng umid qilamanki, Amerikada ichki terrorizmga qarshi kurashish uchun birgalashib chora ko’ramiz”, - deydi demokrat senator Dik Durbin.
FQB Agentlari uyushmasi yillardan buyon Kongressni mahalliy terrorizmni federal jinoyat deb belgilashga undab keladi.
“Bunday qonun qabul qilinishi siyosiy zo’ravonlik – qanday mafkura asosida va kim tomonidan sodir etilgan bo’lmasin – qabul etib bo’lmas holat ekanini ko’rsatgan bo’lardi”, - deydi uyushma prezidenti Brayn Oxeyr.
Ammo fuqaro huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarga ko’ra, bunday qonun huquq-tartibot idoralari tomonidan suiiste’mol qilinishi hech gap emas. Qarshi chiqayotganlar qatorida Amerika Fuqaro erkinliklari ittifoqi ham bor. Ichki terrorizm bilan bog’liq ishlarda 50 dan ziyod boshqa qonunlarni qo’llab ayblov qo’yish mumkin, yangi qonunga hojat yo’q, deya bildiradi tashkilot.
Adliya vazirligi mahalliy terrorizmni federal jinoyat deb belgilaydigan qonun loyihasini qo’llab-quvvatlaydimi degan savolga, vazirlik so’zlovchisi Mark Raymondi masalani turli agentliklar ko’rib chiqmoqda, deya javob berdi.
Facebook Forum