AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon qurolli kuchlar safida ekstremizm xavfini baholash uchun tekshiruv boshlagan. Harbiy yetakchilar “qasamyod ahamiyati, taqiqlangan xulq-atvor, ekstremistik xatti-harakatlar haqida qanday xabar berish” to’g’risidagi muhokamalar va treninglar uchun bir kun ajratishi haqida topshiriq oldi.
6-yanvar kuni Kongressga bostirib kirganlar orasida harbiy xizmatchilar va faxriylar ham bo’lgan.
“Bu muammo armiyada qanchalik chuqur ildiz otganini bilmaymiz. Harbiylar oq millatchilik, ekstremistik va jinoiy guruhlar mafkurasini targ’ib qilishi, ularda ishtirok etishi taqiqlangan”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.
Bayden ma’muriyatining bildishicha, tekshiruv yuzasidan tanqidlar o’rinsiz, chunki so’z erkinligiga tajovuz bo’layotgani yo’q.
“Odamlar siyosiy qarashlari, qaysi partiyaga mansubligi, fikr bildirish erkinligi, siyosiy faoliyati uchun nishonga olinmaydi”, - deydi ismi oshkor etilishini istamagan rasmiylardan biri.
“Odamlar siyosiy qarashlari asosida oq-qoraga ajratilayotgani haqidagi tanqidlar mutlaqo asossiz. Harbiy xizmatchilarni ovoz berishga, istagan partiyasida ro’yxatdan o’tishga undaymiz, - deya qo’shadi Pentagon so’zlovchisi. – Ammo tartib-intizomni, harbiy kodeksni, qonunlarni buzsangiz tekshiramiz”.
Yangi saylangan respublikachi kongressmen Loren Bobert keskin tanqid bilan chiqdi.
“Amerika uchun o’z hayotini xavf ostiga qo’yadigan askarlardan siyosiy o’yinchoq sifatida foydalanish ham uyat, ham xavfli”, - deydi u.
Mudofaa vaziri Loyd Ostin buyrug’iga ko’ra, ekstremistik mafkuraning tarqalishi va askarlarga ta’siri to’g’risida muhokama va treninglar o’tkazish uchun harbiy yetakchilarga 60 kun muhlat berilgan.
“Afsuski, bu mavzu ilgari ham ko’tarilgan, yechim topishga harakatlar bo’lgan. 6-yanvar voqealari ko’rsatdiki, ekstremizm muammosi qurolli kuchlar safida hali ham mavjud”, - deydi Pentagon vakili Jon Kirbi.
Loyd Ostin vazir lavozimiga tayinlanayotganda qonunchilar bilan savol-javob paytida shunday degan edi:
“Odamlarimizga ayirmachilik, nafrat va ta’qibdan xoli ish muhitini yaratib berishimiz kerak. Yangi vazifaga tasdiqlansam, jinsiy tajovuz, irqchi va ekstremistlarni oramizdan yo’q qilish uchun qattiq kurashaman”.
Jorj Vashington universitetining Ekstremizm dasturi ma’lumotiga ko’ra, Kapitoliydagi tartibsizliklarda ishtirok etishda ayblangan 181 kishidan 20 nafari harbiy sohaga aloqador.
Bundan tashqari, 2020-yilda Federal qidiruv byurosi (FQB) amaldagi va sobiq harbiylar ustidan 143 jinoiy ish ochgan bo’lsa, shundan 68 tasi mahalliy ekstremizm bilan bog’liq.
AQSh dengiz kuchlari admirali Mayk Gildey mahalliy ekstremistlar sobiq harbiylarni o’z safiga jalb qilayotgani haqida ogohlantirdi.
“Xizmatni tark etayotganlarni bu haqda xabardor qilishimiz darkor”, - deydi u.
Xavf ko’lamini aniqlash muhimligini ta’kidlayotgan Oq uy FQB tomonidan yiliga o’rtacha 1000 ta ichki terrorizm tekshiruvlari olib borilayotganiga ishora qilmoqda.
Xavotirli jihati shuki, deydi rasmiylar va ekspertlar, Amerikadagi ekstremistlar ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning boshqa burchaklaridagi hamfikr odamlar bilan aloqada.
2020-yilda AQSh “Rossiya imperial harakati” nomli guruhni terroristik tashkilotlar ro’yxatiga qo’shgan, a’zolarining AQShga kirishi taqiqlangan. Guruh o'zini “rus monarxistik, pravoslav-vatanparvar, ultra konservativ tashkilot” deb ta’riflaydi.
Facebook Forum