2021-yilning 6-yanvarida Donald Trampning tarafdorlari amalga oshirgan isyonni, Kapitoliy binosiga hujumni taftish qilayotgan komissiya tinglovlarning birinchi raundini yakunladi. Sobiq prezidentning hujum paytidagi xatti-harakatlari daqiqama-daqiqa o’rganib chiqildi.
Qo’shma Shtatlarda hech bir amaldagi yoki sobiq prezident jinoyatda ayblanmagan. Ammo bu mamlakat tarixida birinchi marta qonunchilardan iborat komissiya Donald Trampni 2020-yilgi saylov natijasini bekor qilishga uringani uchun javobgarlikka tortishni tavsiya etishi mumkin.
“Tramp olomonni Vashingtonga chaqirdi, bu odamlarni demokratiyamizga hujum qilishga undadi”, - deydi komissiya raisi, kongressmen Benni Tompson.
Taftish komissiyasi a’zolari yetti demokrat va ikki respublikachidan iborat. Ular Kongressga qilingan hujum bilan bog’liq jinoyatlar uchun sobiq prezidentni sud qilish vakolatiga ega emas. Ammo komissiya AQSh Adliya vazirligi Trampga ayblov qo’yishiga asos bo’ladigan dalil va hujjatlarni taqdim etmoqda.
“Qo’mitamiz ishi orqali o’sha kungi voqealar oydinlashar ekan, Tramp boshqargan va qatnashgan sa’y-harakatlar tasavvur qilganimizdan ham dahshatliroq ekanini ko’ryapmiz”, - deydi qonunchi Liz Cheyni.
12 betlik hujjatda saylov soxta o’tgani haqidagi asossiz da’volarini yana takrorlab, Tramp tinglovlarda uni oqlaydigan dalillarga, guvohlarni so’roq qilishga yo’l berilmadi, deya e’tiroz bildirmoqda.
Ammo ko’plab huquqshunoslar fikricha, to’plangan faktlar Trampning jinoyatlar uchun shaxsan javobgar ekaniga ishora qilmoqda.
“Rasmiy tadbirga to’sqinlik qilish uchun fitna uyushtirish… ayblovlardan biri shu bo’lishi mumkin. Yana bir potensial ayblov – AQShga firib berish. Bunisi saylov haqqoniy bo’lmagani haqidagi mutlaqo asossiz da’volar bilan bog’liq. Trampda buni isbotlash uchun hech qanday dalillar bo’lmagan, isbot yo’qligini o’zi ham bilgan. U hukumatga qarshi isyon qo’zg’atishda ham ayblanishi mumkin. Lekin buni isbotlash biroz qiyinroq”, - deydi huquqshunos Pol Shiff Berman.
Qator huquqshunoslar shuni ham qayd etadiki, Trampni jinoiy javobgarlikka tortish harakatlari sobiq prezident firibgarlik haqidagi da’volarga chindan ham ishonganmi, yo’qmi, shunga bog’liq.
Qonunchilarning ta’kidlashicha, Tramp 2020-yil 19-dekabrdagi tviti bilan ekstremist guruhlarni ruhlantirgan.
“Oathkeepers” va “Proud Boys” singari mahalliy ekstremist guruhlarning o’zaro yozishmalari sud hujjatlarida taqdim etilgan. Aytish mumkinki, bu guruhlar 6-yanvarni so’nggi imkoniyat deb hisoblagan. Ularning nazarida o’g’irlangan g’alabani tiklash uchun so’nggi imkoniyat”, - deydi ekstremizm bo’yicha tadqiqotchi Jon Luis.
6-yanvar taftish komissiyasi tekshiruvlarini kuzgacha davom ettiradi. Yakuniy xulosalar oraliq saylovlardan keyin e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu degani, Adliya vazirligining ayblov bo’yicha ehtimoliy qarori kechiktirilyapti. Sobiq prezidentni javobgarlikka tortish milliy manfaatlarga mosligi ham hisobga olinadi.
“Bu siyosiy tartibsizlik holatida ekanimizni, hatto tarafdorlari g’alayon ko’tarishi mumkinligini anglatadi. Qonunchilik tizimi AQShda 200 yil davomida bu tarzda ishlamagan. Lekin Tramp - o’ziga xos prezident edi. Uning boshqaruv usulini bu mamlakatda boshqa hech bir rahbar qo’llagan emas. Fuqarolar urushidan beri Kongressga hujum va qonuniy saylovni ag’darishga urinish ham bo’lmagan. Shuning uchun mavhum bir holatdamiz”, - deydi Berman.
Yaqinda o’tkazilgan so’rov shuni ko’rsatmoqdaki, amerikaliklarning yarmi Kongressga qilingan hujumdagi roli uchun Tramp javobgarlikka tortilishi kerak deb hisoblaydi.
Komissiyaning 21-iyulda o’tgan tinglovidan ayrim xulosalar:
- G’alayon paytida Tramp uch soatdan ortiq vaqt davomida Oq uydagi ovqatlanish xonasida o’tirib, Kongressga hujumni televizor orqali tomosha qilgan.
- Yordamchilari, respublikachi qonunchilar va Trampning oila a’zolari undan zo’ravonlikni to’xtatishni, tinchlikka chaqirishni so’ragan. Tramp rad etgan.
- Sobiq prezident isyon paytida huquq-tartibot idoralari rahbarlari, xavfsizlik idoralari yoki Pentagon bilan bog’lanmagan, chora ko’rishdan bosh tortgan.
- O’sha kuni Kongressda bo’lgan Vitse-prezident Mayk Pensning qo’riqchilari, Maxfiy xizmat xodimlari o’z hayotlari xavf ostida deb ishonishgan.
- Isyondan bir kun o’tib, 7-yanvarda Tramp xalqqa navbatdagi murojaatini tayyorlayotganda, matndagi “saylov o’tdi” degan iborani o’qishdan bosh tortgan.
Facebook Forum