Breaking News

Kongressga saylovlar muxolifat uchun strategik fursat


Boston, Massachusetts shtati, 3-may, 2022
Boston, Massachusetts shtati, 3-may, 2022

Tarixan Amerikada prezidentlik muddatining o'rtasida kechadigan saylovlarda Kongressni muxolifat egallab kelgan. Bu safar ham shunday bo'ladi degan bashoratlar yangrab turibdi, ayniqsa respublikachilar orasida.

Biroq bu yil Oliy sud abort huquqini cheklovchi qaror chiqarib, aksariyat amerikaliklarda konservatorlarga nisbatan norozilikni kuchaytirgan. Oliy sud a'zolarining ko'pchiligi konservativ yondashuvi bilan tanilgan.

Respublikachilar homilani oldirib tashlashga azaldan qarshi va bu huquqqa to'siqlar qo'yishga undab kelishadi. Oliy sud qaroriga ko'ra, abort - konstitutsion huquq emas va federal qonunlarda bunday erkinlik kafolatlanishi uchun zamin yo'q. Shtatlar bu masalani o'zlari hal etishi kerak. Oliy sudning bu pozitsiyasini tantana qilayotgan respublikachilar shu sabab bu yilgi saylovlarda boy berishi mumkin, degan taxmin ham keng.

“Prezidentning partiyasi oraliq saylovlarda deyarli har doim yutqazgan", - deydi Mark Rozell, Jorj Meyson universiteti professori.

“Odatda bu paytda muxolifat yutadi deb bemalol taxmin qilishimiz mumkin edi. Buning ustiga demokrat prezidentning reytingi ancha past".

8-noyabrda Kongressga 435 vakil saylanadi, shuningdek, 100 senatordan 35 nafari yo yangilanadi yo qayta saylanadi. Shtatma-shtat mahalliy qonunchilar hamda gubernatorlar, merlar, prokurorlar va boshqa mansabdorlar uchun ovoz beriladi.

Ohayo shtatida partiyaviy saylovlar, 3-may, 2022
Ohayo shtatida partiyaviy saylovlar, 3-may, 2022

Prezident Jo Bayden bunga tayyorlanib kelmoqda, deydi tahlilchilar. O'tgan ikki yilda u o'nlab qonunlarni qabul qildirishga erishdi, jumladan qurol nazorati, infrastruktura, iqlim va sog'liqni saqlash sohalarida. Ammo Kongressda respublikachilar hukmronlik qilsa, prezidentning ishi yanada qiyinlashadi.

“Kongressda ko'pchilik o'rinni egallash qo'mitalarni boshqarish demakdir. Nima muhokama qilinib, nima ovozga qo'yiladi - hammasi qo'mitalarda va liderlar tomonidan belgilanadi", - deya tushuntiradi Meri Brennan, Texas davlat universiteti professori.

“Muxolifat muxolifatligini qiladi".

O'tgan bir asr davomida oraliq saylovlarda faqat uch marta prezidentning partiyasi g'alaba qozongan. Birinchisi 1934-yilda depressiya davrida yuz bergan. U paytda Franklin Delano Ruzvelt prezident edi. 1998-yilda, Bill Klinton rahbarligi paytida ham prezidentning partiyasi yutgan. 2002-yilda, terror xurujlaridan keyin ham shunday bo'lgan, Jorj Bush prezidentligida.

“Bu g'alabalarning har birida prezident misli ko'rilmagan darajada quvvatlanayotgan bo'lgan. Xalqning unga ishonchi baland bo'lgan. Biroq, unutmaylik, o'tgan 100 ichida har ikki yilda o'tgan saylovlarda faqat uch marta shunday holatga guvoh bo'lganmiz", - deydi Rozell.

Texas shtati, 17-avgust, 2022
Texas shtati, 17-avgust, 2022

Oraliq saylovlarda odatda saylovchi faol emas. Masalan, 2018-yilda ovoz berish huquqiga ega amerikaliklarning faqat 53 foizi qatnashgan va bu o'tgan 40 yildagi eng yuqori ko'rsatkich bo'lgan.

2014-yilda oraliq saylovlarda deyarli 42 foiz saylovchi chiqqan. 2020-yilgi prezident saylovida 66,8 foiz amerikalik ovoz bergan.

Brennan deydiki, oraliq saylovlarda prezidentning tarafdorlari ko'p hollarda ovoz berishga intilmaydi, chunki ular vaziyatdan rozi.

“Saylovga chiqadiganlar aksariyat hollarda norozi fuqarolar",- deydi professor.

Republikachilarning umidi shuki, saylovchi bu safar prezident va uning partiyasini yuqori inflyatsiya, qimmatchilik, noqonuniy immigratsiya pasaymayotgani, Afg'onistonda chiqish oqibatlari va boshqa muammolar uchun jazolaydi.

Demokratlarning umidi shuki, sobiq prezident Donald Tramp va uning tarafdorlari olib borayotgan "radikal targ'ibot" odamlarni sergak torttirib, demokratik tizimni asrab avaylashga undamoqda.

Oliy sud konservatorlar qo'lida ekan, Kongressni ham ular qo'lga olishi ko'plab amerikaliklar nazarida davlatni to'g'ri yo'lga yetaklamaydi. Ommaviy so'rovlarda shunday tashvish bildirayotganlar katta sonni tashkil etadi.

Arizona shtatida abort huquqi uchun namoyish, 24-iyun, 2022
Arizona shtatida abort huquqi uchun namoyish, 24-iyun, 2022

So'rovlarda biror partiyaga sodiq bo'lmagan saylovchilar ham Oliy sudning abortga qarshi qarorini qoralab, undan ta'sirlanganini bildirmoqda. Saylov natijasini mustaqil saylovchining ovozi hal etishi hisobga olinsa, bu muhim omil.

Ayrim shtatlarda qurol nazorati yengillashgan, shuningdek, atrof-muhit muhofazasi bo'yicha talablar pasaygan. Bu ham salmoqli sondagi saylovchilar orasida keskin norozilik uyg'otgan.

Rozell tahlilicha, bu yilgi dinamika haqiqatan o'zgacha.

"Buni ko'plab okruglarda Kongressga saylanish uchun qattiq kurash ketayotganidan ham ko'rish mumkin. Yana bir narsa aniq: xalq Oliy suddan norozi".

Brennan esa boshqa omillarga ham urg'u beradi.

"Saylovchilar fikricha, har ikki partiya samarasiz va mas'uliyatsiz. Oraliq saylovlar prezident saylovi emas. Amerikaliklar oraliq saylov kampaniyasini u qadar yuqori qiziqish bilan kuzatmaydi", - deydi mutaxassis.

Nega ovoz berishga bormadingiz, deb so'ralganida ayrim amerikaliklar juda oddiy sabablar keltiradi.

"Havo buzuq edi, erindim".

"Navbat uzun ekan, sabrim chidamadi".

"Ulgurmadim".

Saylov kuni - Amerikada ish kuni. Biroq ovoz berib kelish uchun vaqt ajratiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG