AQSh g’arbida 20 million gektarga yaqin o'rmonlarni yong’inlardan asrashning antiqa usuli ishga solinmoqda. Kolorado shtatidagi olimlar o'rmon yong'inlari xavfini tabiiy ravishda kamaytirish uchun qo'ziqorinlardan foydalanishga qaror qilgan.
Dunyo bo'ylab o'rmon yong'inlari halokatli tus olib bormoqda. AQShning Kolorado shtatida daraxtlarning tozalangan shox-shabbasi yong’in xavfsini oshirmoqda. Ularni tashish esa qimmatga tushadi. Boulder shahri yaqinidagi o'rmonchilar o'lik daraxtni tez yo'q qilishning tabiiy usulini sinovdan o’tkazmoqda. Bu zamburug’ usuli.
"Siz orqada ko’rib turgan yog'och parchalarini yong'inni bartaraf etishga yordam beradigan qo'ziqorinlar uchun xayriya qildik", - deydi Aaron ismli o’rmonchi.
“Boulder Mushroom” mikologiya markazida Zak Xedstrom o’nlab idishlarda mahalliy va yovvoyi qo'ziqorinlarni yetishtirmoqda.
“Biz bu shtammlarni tabiatdan olib, laboratoriyamizda alohida ajratib olamiz. Keyin ulardan foydalanish usullarini o'rganamiz", - deydi markaz asoschisi.
Xedstrom jamoasi yuzlab qoplardagi aralashmaga kichik dozalarni qo'shadi. Bir necha kun ichida qoplar qo'ziqorin ildizlari bilan to'ladi.
Kolorado shtatining Evergrin shahrida o’nlab yillardan beri yig’ilgan yog'och qoldiqlari yong'in xavfini oshirmoqda. O'rmonchi Jef Revej ilgari ulkan yog'och parchalari bo'lgan tepalikni ko’rsatadi. Bu uyum mahalliy yovvoyi qo'ziqorinlar yordamida yo’q qilindi.
“Tabiat uchun 20-50 yil ketadigan ishni ikki yilda bajardik. Bu tabiiy jarayondan o’n baravar tez degani”, - deydi u.
Tez ko’payib ketuvchi turlardan qochish uchun Revej mahalliy zamburug’lardan foydalanyapti. To'g'ri amalga oshirilsa, yog’och uyumlari o’rnida yonmaydigan va bezarar chiqit paydo bo’ladi.
“Hidi achchiq emas, yog’och ham emas. Ajoyib tuproqni eslatadi”, - deydi u.
Qo'ziqorin ilmini o’zlashtirayotgan bu faollar har qanday joyda yovvoyi yong’in xavfi bilan yuzlashayotgan odamlarga yordami tegishidan umidvor.