Dunyo bu yil iqlim o'zgarishi tufli har doimgidan ham keskinroq issiqlik to'lqinlari bilan yuzlashmoqda. Ko’plab shaharlar bunday shafqatsiz tabiiy ofatlarga qarshi turishga tayyor emas.
Iqlim o'zgarishi bo'yicha hukumatlararo komissiya hisobotiga ko'ra, global issiqlikning xavfli oqibatlari ko’proq shaharlarda seziladi. Shahar infratuzilmasining bunday holatlarga tayyor emasligi issiqlik ta’sirini yanada kuchaytiradi va natijada salbiy oqibatlarga bardosh berish qiyin bo’ladi.
Dunyo aholisining 50 foizdan ortig'i aholi zich joylashgan markazlarda istiqomat qilishi tufayli issiqlik bilan bog'liq o'limlar, og’ir iqtisodiy oqibat va infratuzilmaga yetkaziladigan zarar shaharlarda ancha yuqori.
Shaharlarga issiq ob-havo aynan qanday ta’sir qiladi?
Issiqlik markazlari
“Shaharlar, odatda “issiqlik markazlari” deb ataladi, chunki ularda harorat shahar atrofidagi hududlarga qaraganda yuqoriroq bo’ladi. Shaharda ko’zga tashlanadigan narsalarning deyarli barchasi inson qo’li bilan yaratilgan. Ular, odatda, qora yoki boshqa to’q ranglarda hamda quyosh energiyasini o’ziga tez singdiradi. Agar jismning sirti quyosh energiyasini o'ziga ko’p singdirsa, unga tutash havo tez isiydi va buning natijasida shaharda harorat iliqroq bo'ladi ", - deydi Konkordiya universitetining Qurilish va atrof-muhit muhandisligi bo'limi professori Hoshim Akbariy.
Bir-biriga yaqin joylashgan binolar va ko'chalar daraxtlar va o'simliklarning kamayishini hamda soyaning potentsial qisqarishini anglatadi. O'simliklar, odatda, ildizlari orqali suvni o'zlashtiradi va bug'lanish uchun atrofdagi issiqlikdan foydalanadi; namlikni esa barglaridan bug' sifatida chiqaradi. Atrofda yashillik kamaysa, tabiiy sovutish effekti ham yo'qoladi.
Energiya ehtiyojlari
Bunday holatlarda issiqdan jon saqlash uchun shahar aholisi elektr energiyasi bilan ishlaydigan konditsioner va ventilyatorlarni yoqadi.
"Harorat ko'tarilgach, o’zimizga qulay muhitni yaratish uchun konditdsionerlarni yoqamiz, lekin bu ko'proq elektr energiyasini talab qiladi. Boshqa tomondan, agar elektr energiyasi yetarli bo’lmasa, bu boshqa muammolarni keltirib chiqaradi", - deydi Nyu-Yorkdagi Buffalo universitetining Sanoat va tizim muhandisligi kafedrasi professori Sayanti Mukerji.
Energiyaga bo’lgan talab elektr tarmog'i ishlab chiqarishi va yetkazib berishi mumkin bo'lgan miqdordan oshib ketsa, tizim ortiqcha yuklanishga uchraydi va ishdan chiqadi.
"Yillar o'tgan sari shaharlarga ko'chib o'tayotgan odamlar soni ham oshmoqda. Bu esa mavjud tizimga yukni oshirmoqda", - deydi Mukerji.
Infratuzilma uchun ishlatiladigan materiallar
Issiqlikning shahar infratuzilmasiga ko’rsatadigan yana bir ta’siri bor: u barcha turdagi qurilish materiallari uchun jiddiy sinov bo’ladi.
Binolar va transport tizimlariga elektr energiyasini uzatishda, odatda, mis yoki alyuminiydan yasalgan elektr uzatish liniyalaridan foydalaniladi. Issiq ob-havo va ortiqcha kuchlanish elektr uzatish liniyalaridagi metallning kengayishiga va osilib qolishiga sabab bo’lishi mumkin. Natijada ular daraxtlarga, transport vositalari yoki odamlarga tegishi va yong'in yuz berishi, hatto o'lim holatlariga olib borishi mumkin.
Issiqlik betonga ham ta’sir qiladi.
“Bizni issiqdan tashvishga soladigan narsa bu tez vaqt oralig'ida haroratda yuz beradigan katta o'zgarishlardir. Agar sovuqdan issiqqa va yana sovuqqa tez o'tilsa, bu betonga shikast yetkazadi. Beton issiqlikni yoki sovuqni uzoq ushlab turadi, shuning uchun uni isitish yoki sovutishga ko’p vaqt kerak bo'ladi. Agar jism sirtidagi harorat ichki qismga qaraganda tez o'zgarsa, u yorilishi mumkin. Betondagi har qanday yoriq esa tizimning buzilishini tezlashtiradi ", - dedi Nyu-Jersi Texnologiya institutining Fuqarolik va atrof-muhit muhandisligi kafedrasi professori Metyu Adams.
Shunga o'xshash narsa asfalt bilan ham sodir bo'ladi.
“Asfaltni qizdirganingizda, uni jipslashtirib turuvchi yog' moddasi yumshaydi va butun mahsulot kengayadi. Chunki u qizib ketadi. Natijada asfaltning ba’zi qismlari yuqoriga ko’tarilib qolganini ko’rasiz, chunki u yumshagan bo’ladi. Kengaygan asphalt yonidan joy topa olmagani uchun tepaga ko’tariladi", - deydi Adams.
Po’lat ham bundan mustasno emas.
Quyosh ostida qizigan harakatlanuvchi ko'prik, masalan, ikkita po'lat qismlarning bo'g'inlari uchrashadigan joyda kengayib, bir-birini qisib qo’yishi mumkin. Kengayish uchun joy bo'lmasa, qayiqlar ostidan o'tganda ko’tariladigan ko’priklarning ikki tomoni bir-biriga tiqilib qoladi. Shuningdek, temir yo'l izlari issiqda kengayib, egri va burmalar hosil bo’lishi natijada avariyalarning oldini olish uchun poezdlar harakati sekinlashishi va hatto to’xtab qolishi mumkin.
Iqlim o'zgarishiga tayyorgarlik
Iqlim o'zgarishiga yo’l qo’ymaslik uchun issiqxona gazlari miqdorini kamaytirishni rag'batlantirishdan tashqari, tadqiqotchilar shahar aholisiga haddan tashqari issiqqa dosh berishning turli yechimlarini taklif qilmoqda.
"O’simliklar ko’p bo’lsa, ularning soyasi yo’lakda piyodalar uchun salqinroq muhit yaratadi", - deydi Akbariy.
Qurilishda rangi oq yoki och materiallardan foydalanish ham haroratni pasaytiradi va energiyani tejashga yordam beradi.
Energiyaga bo'lgan ehtiyojni qondirishning yangi usullari ham mavjud.
"AQShning janubi-g'arbiy qismida quyosh energiyasi, shimolda esa shamol energiyasi kabi qayta tiklanadigan manbalarni joriy qilish, so'ngra ushbu manbalarni mavjud tizimlarga ulab, ulardan ko'proq foydalanishni rag'batlantirish maqsadga muvofiq bo’lar edi", - deydi Mukerji.
Bundan tashqari, energiya tizimining turli komponentlarini samarali boshqarish uchun kompyuterlashgan operatorlar yordamida aqlli tarmoqlarni joriy etish kommunal xizmatlarga ob-havoning salbiy ta’sirini kamaytirishda qo’l keladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, dunyoda uglerod chiqindilari hajmining oshishi iqlimda keskin o’zgarishlarga sabab bo’lmoqda. Endi shaharlar kelajakdagi yangi issiqlik to'lqinlariga moslashishni o'rganishlari kerak.
Facebook Forum