AQSh federal apellyatsiya sudi qaroriga ko'ra, Donald Tramp, sobiq prezident bo'lsa-da, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Tramp 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qilingan hujum ortida turganlikda gumon qilinadi. U "aloqam yo'q" desa-da, bu masala ustida ishlayotgan maxsus prokuror Jek Smit uni sudlashga bel bog'lagan.
Smitga ko'ra, Tramp o'z tarafdorlarini qonunchilarga hamla qilishga undab, prezidentlikda qolishga uringan. Sobiq prezident buni inkor etadi.
“Bu jinoiy ishda sobiq prezident Tramp fuqaro Trampdir, boshqa ayblanuvchilar singari bir fuqaro. Prezidentlik paytidagi immunitetlar ortda qolgan, endi ularning ta'siri yo'q", - deyiladi poytaxt Vashingtonda uch sudyadan iborat hay'at chiqargan qarorda.
Tramp endi Oliy sudga shikoyat qilishi mumkin yoki Vashingtondagi yuqori sudga.
Smit unga to'rt modda bo'yicha ayblovlar qo'ygan, jumladan saylov natijasini o'zgartirish, davlatga qarshi uydirma va rasmiy jarayonlarni buzish.
Tramp deydiki, u Oq uydan turib, saylov borasida nimaiki qilgan bo'lsa, tizimni adolatni ta'minlash uchun bo'lgan. Shu bois, deydi u, uni bu harakatlari uchun sudga tortish asossiz.
Uning advokatlariga ko'ra, Tramp Oq uydan ketgach Senatdagi impichment jarayonida oqlangan.
Smit deydiki, uni hozirda sudlash uchun yetarlicha isbot-dalil bor.
Huquqshunoslarning masala pirovardida Oliy sud qo'lida qolishiga ishonchi komil.