AQSh prezidentligi uchun respublikachi nomzodlar o’rtasida Ayovada kechgan kurashda Donald Tramp yaqqol ustunlikka erishgani ortidan Yevropa Vashingtonda hokimiyat almashinuvi ehtimollarini muhokama qilmoqda. Fransiya har qanday rahbar bilan dialogga tayyor ekanini bildirmoqda.
“Qadriyatlarimiz mushtarak. Biroq inqiroz bilan yuzlashgan AQSh demokratiyasi uchun o’z manfaatlari va Xitoy bilan raqobat muhimroq. Yevopa qudratliroq bo’lishi, o’zini himoya qilish uchun boshqalarga qaram bo’lmasligi lozim”, - dedi Fransiya rahbari Emmanuel Makron.
Makron va Tramp aloqalari yaxshi bo’lmagan. Ayova shtatidagi uchrashuvlarda savdo tariflaridan so’z ochgan Tramp Makronning fransuzcha ohangdagi tortishuvlarini kinoya bilan esladi.
Tramp noan’anaviy pozitsiyasidan qaytmagan. Yevropa diqqati esa bir shaxs siyosatidan ko’ra ustunroq masalalarda. Xususan, Rossiya-Ukraina urushi va G’arbdan yordamga ko’z tikib turgan Kiyevda.
Tramp prezident bo’lsa, Ukraina va Rossiya o’rtasida qisqa fursatda tinchlik sulhi tuzilishiga erishishini iddao qilmoqda. Uning Kongressdagi partiyadoshlari Kiyevga 50 milliard dollarlik yordam uzatishga to’sqinlik qilmoqda.
“G’arb yordamining yarmidan oshig’i AQSh ulushi. Ukraina bo’yicha strategik siyosiy masalalarda AQSh yetakchi rolda. AQShda Ukraina va Yevropa manfaatlariga zid pozitsiyadagi prezident hokimiyatga kelsa, muvozanat jiddiy o’zgaradi”, - deydi NATO ning sobiq rasmiysi Fabris Potye.
Yevropa Ittifoqining savdo bo’yicha komissari Tyerri Breton Tramp 2020-yil Yevropa hujumga uchrasa, AQSh yordam bermasligini, kerak bo’lsa NATO dan chiqishini aytganini eslatdi. Tramp vakillari uning gaplariga reaksiya bildirmadi.
Tramp NATOning yevropalik a’zolari o’z mudofaasi uchun ko’proq pul tikishini talab qilib kelgan. Yevropaning ayrim liderlari bu signalni jiddiy qabul qilgan.
“NATO yevropalashishi kerak. Umid qilamanki, AQSh bizni yolg’iz qoldirmaydi, biroq hamisha mudofaamiz uchun ko’proq mas’uliyatni zimmamizga olishga tayyor turishimiz lozim. Bu borada AQSh haq”, - deydi Finlyandiya prezidentligiga nomzod Aleksandr Stubb.
Yevropa mudofaaga ko’proq sarmoya ajratib, Ukraina uchun qurol ishlab chiqarishni ham jadallashtirgan.
Biroq Bayden rahbarlligi ostida AQSh tutgan liderlik rolini boshqa tomon olishi uchun vaqt kerak – Kiyevda esa bunday vaqtning o’zi yo’q.