Breaking News

Minglab amerikalik yoshlar Xitoyga bepul sayohat qilmoqda


AQSh va Xitoy o'rtasidagi ta'lim almashinuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Ayova shtati Maskatin shahridan bir guruh talabalar barcha xarajatlari to’liq qoplangan Xitoy safariga chiqdi. Bu Xitoy rahbari Si Zinpinning 50 000 ga yaqin amerikalik talabani o’z yurtiga taklif qilish rejasi asosida amalga oshirildi.

Ayova shtati Maskatin shahridagi maktab o'quvchisi Koul Lusdan yanvar oyida Xitoyga borasanmi, deb so’rashdi. Shu paytgacha u AQShdan tashqariga chiqmagan edi.

"Yaxshiyamki, pasportim tayyor edi", - deydi u.

Taklif uzoq kelajakdagi sana uchun emas edi. Lus va uning maktabidan bo’lgan yana 24 o’quvchi 10 kun ichida safarga chiqishi kerak edi.

"Juda kutilmaganda bo’ldi", - deydi Lus.

Kutilmagan, lekin tasodif emas.

1985-yilda Sara Lende AQSh qishloq xo'jaligi bo'yicha tadqiqot safari doirasida bir necha kun xitoyliklar guruhiga Maskatin shahrida mezbonlik qilgan. Ishtirokchilardan biri hozirgi Xitoy Xalq Respublikasi prezidenti Si Zinpin edi.

"Odamlar bilan yaxshi bo’lsangiz, yaxshi narsalar sodir bo'ladi", - deydi Lende.

2012-yilda Si Maskatinga qaytib, Lendening uyida Ayova shtatidagi "eski do'stlari" bilan ko’rishdi.

O'tgan yilning noyabr oyida Lende San-Fransiskoda bo'lib o'tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida kechki ovqatda qatnashdi. Tadbirdagi nutqida Si minglab amerikalik talabalarni Xitoyga taklif qildi. Bu esa Lendeni "eski do'sti" ga maktub yo'llashga undadi.

"Men bu maktubga javob oldim va "Maskatin ham safar dasturining bir qismi bo'lar, deb umid qildim. Taklifga shu turtki bo'lgandir”, - deydi u.

Si Zinpinning Xitoyga barcha xarajatlari to'langan sayohat taklifi bir necha shartlarga ega. Maskatin talabalari sakkiz kun davomida mahalliy xitoylik talabalar bilan birga bo’ldi; Buyuk Xitoy devori va boshqa diqqatga sazovor joylar va shaharlarni ko’rib, mandarin tilini o'rganayotgan talabalar uchun konferensiyada ishtirok etdi. Lusning aytishicha, bu uchrashuvlarda AQSh-Xitoy ziddiyati umuman ko’rinmaydi.

"U yerda o'zingizni juda yaxshi his qilasiz", - deydi u.

“Ular bilan juda faxrlanaman. Bir necha kun ichida ancha ulg’ayishganga o'xshadi", - deydi o’quvchilar ustozi Xeydi Kuo.

Asli tayvanlik Xeydi Kuo Maskatin maktabida xitoy tilidan dars beradi va o‘quvchilarga Xitoyda hamrohlik qildi.

"Dunyo juda katta, u faqat bizdan iborat emas", - deydi u.

"Bunga aql bovar qilmaydi", - deydi yana bir o’qituvchi En Edkin.

Edkin Missisipi daryosi bo'yida joylashgan, taxminan 23 ming aholiga ega Maskatin shahrida ulg’aygan. Hozir u Maskatin o'rta maktabida dars beradi va Xitoyga sayohat qilgan to'rt nafar xodimdan biri. Uning jamoasi va Xitoy rahbari o'rtasidagi iliq munosabat o’rnatilgan.

“Uning bu yerga kelgani juda ajoyib. Ammo doimiy munosabatga ega bo'lish uchun uni o'ziga xos qiladigan narsa davomiy aloqalardir”, - deydi Edkin.

Ko'proq talabalar Xitoy safariga otlanar ekan, Lendening keyingi maqsadi "eski do'sti"ni Maskatin shariga qaytarish. Unga ko’ra, bu shahar AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan bo'lajak sammit uchun eng yaxshi joy.

"Maskatin uning tashrifini kutmoqda", - deydi u.

Ehtimoliy uchrashuv joyi Si Zinpin 1985-yilda turgan, hozirda xitoylik sayyohlar tashrif buyuradigan muzeyga aylantirilgan xonadon bo'lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG