Breaking News

Rossiya Ukrainada qancha askarini boy berdi?


AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi ma’lumotiga ko’ra, Ukrainadagi urushda 315 ming rossiyalik halok bo‘lgan yoki yaralangan; kamida 20 ta Rossiya harbiy-dengiz floti kemasi cho‘kib ketgan va harbiy harakatlar bilan bog’liq moliyaviy xarajatlar 211 milliard dollarga yetgan.

AQSh rasmiysiga ko'ra, Rossiya, shuningdek, keyinga qoldirilgan yoki bekor qilingan qurol-yarog' savdosidan ham taxminan 10 milliard dollar yo'qotgan.

Bu yo’qotishlarga oid raqamlar dekabr oyida Kongressga birinchi marta taqdim etilgan AQSh razvedkasi hujjatida aks etgan.

Ukraina armiyasi chorshanba kuni Qora dengizda Rossiyaning desant kemasini cho‘ktirish uchun yuqori texnologiyali uchuvchisiz dronlardan foydalanganini ma’lum qildi.

Hujum "Ukraina o'z qirg'oq chizig'ini himoya qila olishi" va "Ukraina iqtisodiyotini saqlab qolish uchun g'alla va temir rudasi kabi yuklarni tashishga imkon yaratish" va harbiy amaliyotlarini davom ettirish harakatlariga yana bir misol bo'ldi, dedi ukrainalik rasmiy.

Ammo Ukraina kuchlari Rossiya dengiz flotiga qarshi hujumda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa-da, Rossiyaning quruqlikdagi kuchlari Ukrainaning Avdievka shahrini qo’lga kiritgan.

So’nggi xabarlarga ko‘ra, Ukraina kuchlari o‘q-dorilar taqchilligi natijasida ortga chekinishga majbur bo‘lgan.

Rasmiyning ta'kidlashicha, Qo'shma Shtatlardan ta'minot davom etmasa, Ukrainaning harbiy harakatlarida muvaffaqiyatsizlik yanada ko’payishi mumkin.

Dekabr oyi oxiridan beri AQSh Ukrainaga qo’shimcha yordam jo’natmadi. Senat Ukraina uchun 60 milliard dollardan ko'proq mablag'ni o'z ichiga olgan yangi qonun loyihasini qabul qildi, lekin Vakillar palatasida u Respublikachilar partiyasi qarshiligiga duch kelmoqda.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg so'zlariga ko'ra, Kiyevga ko'rsatilayotgan harbiy yordamning 99 foizi NATO ittifoqchilari hissasiga to'g'ri keladi va alyans so'nggi haftalarda o'z yordamini yanada kuchaytirdi.

NATO maʼlumotlariga koʻra, Rossiya bosqinidan keyin AQSh Ukrainaga qariyb 75 milliard dollarlik harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam koʻrsatgan. NATOning boshqa ittifoqchilari va hamkorlari esa 100 milliard dollardan koʻproq yordam bergan.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Yurgensen “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Kongressdan qoʻshimcha mablagʻ yoʻqligiga qaramay, Ukrainaga baʼzi oʻq-dorilar va jihozlarni yetkazib berish ilgari tuzilgan shartnomalar doirasida davom etyapti. Bunga artilleriya o'qlari, bir nechta mudofaa tizimlari uchun raketalar, havo mudofaasi va boshqa aslahalar kiradi.

AQSh hozirda oyiga taxminan 28 000 dona 155 mm hajmli o’q-dori ishlab chiqarmoqda. 2024-yil oxiriga kelib, ishlab chiqarishni oyiga 70 000 - 80 000 ga oshirish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG