7-fevral tongida Rossiya armiyasi Ukraina bo`ylab navbatdagi raketa hujumini amalga oshirdi. Kiyevda to’rt kishi halok bo`ldi, 40 yaqin odam jarohatlandi. Qurbonlar soni oshishi mumkin, chunki vayron qilingan binolarda qidiruv ishlari davom etyapti.
Poytaxtda raketa parchalari tekkan ko’p qavatli bino yong’in ichida qoldi, ayni paytda yong’in o’chirilgan, qutqaruv ishlari davom etyapti.
Bu safargi hujumda Kiyevdagi energetik obyektlar ham nishonga olindi. Poytaxtning ayrim hududlari bir muddat elektr chirog’isiz, suvsiz qoldi. Hozirda elektr quvvati tiklangan, Energetika vazirligi raketa hujumlari maqsadiga erishmagani, tizim barqarorligini bildirmoqda.
Ammo Ukraina bo’ylab bir nechta infratuzilma obyektlari zarbaga yo`liqqani, vayron qilingani haqida ma’lumotlar bor.
Rossiya armiyasi navbatdagi hujumda 40 dan oshiq qanotli raketa va 20 ta “Shahed” dronlaridan foydalangan. Ukraina qurolli kuchlari 44 ta nishon yo’q qilinganini bildirdi, bundan urib tushirilmagan raketalar nishonga tekkanini taxmin qilish mumkin.
Rus armiyasining bu hujumi Ukraina harbiy yordam masalasida qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytga to´g’ri kelyapti. Bu muammo havo mudofaasi tizimini ham chetlab o’tayotgani yo’q.
So’nggi paytda rus armiyasi havo hujumlarini muntazamlashtirgani Rossiya Shimoliy Koreyadan qurol-aslaha sotib olayotgani bilan bog’liq ko’riladi. Bundan avvalgi havo hujumida rus armiyasi Shimoliy Koreyadan olingan qanotli raketalardan foydalangani aytilgan edi.
Ukraina qurolli kuchlariga tayanilsa, bu safargi hujumda asosan Rossiyada ishlab chiqarilgan raketalardan foydalanilgan, jumladan “Kalibr”, “Iskandar-M”, “X-101” va “X-22”.
Ukrainadagi ekspertlar 7-fevraldagi bu hujumning moddiy qiymatini ham hisoblab chiqishdi va umumiy hisobda 423 million atrofida deb baholashdi. Bu hujumda ishlatilgan raketalarning eng qimmati modernizatsiya qilingan “X-101” rusumli raketadir. Uning har bir donasi 13 million dollar atrofida baholangan.
Ukraina havo mudofaasi hozirgacha bu rusumdagi raketalarni urib tushirishga muvaffaq bo`lmagani haqida ma`lumotlar ham bor.
Ertalabki hujum tafsilotlari o`rganilar ekan, Rossiya armiyasi Xarkov bo’ylab uyushtirilgan havo hujumida Shimoliy Koreyadan olingan raketalardan foydalangani haqidagi xabarlar paydo bo`ldi.
Ukrainadagi so`nggi vaziyatda, xususan urush taqdirini hal qiluvchi harbiy-texnik ko’mak masalasida o’zgarishlar kam, ammo ittifoqchilar Ukrainani qo`llab-quvvatlash qarorida qat’iy ekanliklarini bildirishmoqda.
6-fevralda Kiyevga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining xavfsizlik va tashqi siyosat bo`yicha rahbari Jozef Borrel 7-fevral tongini Kiyevdagi boshpanada qarshilagani shu ma`noda ancha ramziy ko`rinadi.
Borrelga ko`ra, Yevropa Ittifoqi Rossiya bosqiniga qarshi turishi uchun Ukrainaga yordamni davom ettiradi. Uning Kiyevga safari yaqinda ittifoq Ukraina uchun 50 milliard yevrolik yordam loyihasi ma’qullanishi ortidan amalga oshayapti.
Bir necha yilga mo`ljallangan bu yordamning dastalbki qismi mart oyida Ukrainaga berilishi va’da qilinmoqda.
Ukrainaning eng yirik ittifoqchisi AQSh rejalagan yordam hozirgacha Kongress muhokamasidan o´tmadi. Frontdagi vaziyat bu yordamga jiddiy bog’liq. Prezident Jo Bayden bu yordamsiz Ukraina urushni yutqazishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Frontdagi ahvol shundan darakdek. Rus armiyasi sekinlik bilan siljishda davom etyapti, ayniqsa og’ir janglar davom etayotgan Avdeyevka shahridagi vaziyat keskin.
Ukraina yetarli tarzda harbiy ko’mak bilan ta´minlanmagan taqdirda, Avdeyevka rus armiyasi nazoratiga o´tgan navbatdagi shaharga aylanishi ehtimoli bor.