Breaking News

Ukrainada urush qachon tugaydi?


Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak bilan xavfsizlik kafolatlari haqida shartnoma imzoladi, 12-yanvar, 2024-yil
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak bilan xavfsizlik kafolatlari haqida shartnoma imzoladi, 12-yanvar, 2024-yil

Boltiq bo’yi davlatlari bo’ylab safar qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqidan mamlakatiga yordamni to’xtatmaslikni so’ramoqda.

Xalqaro hayot - 12-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:24 0:00

“Biz birgalikda Putinni tugatmasak, uning o’zi urushni tugatmaydi. Rossiya bizdan keyin Litva, Latviya, Estoniya, Moldovaga hujum qilishini tushunishimiz kerak”, - dedi Zelenskiy Vilnyusga tashrifi chog’ida.

Ukraina rahbari Estoniyada parlamentga murojaat qildi, mojaroning muzlatilishiga qarshi ekanini aytdi.

Ayni paytda AQSh va Yevropa Ittifoqida Ukraina uchun ajratilgan 100 milliard dollarlik yordam paketi turib qolgan - Yevropa Ittifoqida Vengriya, AQShda esa respublikachi qonunchilar pulga to’siq qo’ymoqda.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Deyvid Petreus Qo’shma Shtatlar Kiyevga qo’shimcha yordam uzatishiga, xususan qiruvchi samolyotlar va uzoq masofaga uchadigan raketalar berishiga umid qilyapti.

Shu bilan birga, Petreus Rossiya armiyasining Ukraina janubi-sharqidagi istehkomlarini yorib o’tish imkonsiz ekanini tan oladi.

“Ukraina ruslarning “Surovikin chizig’i” deya ataluvchi mustahkam mudofaa chizig’ini yengib o’tishi kerak. Biroq buning uchun Kiyev havoda hukmronlikka erishishi zarur. G’arb bermoqchi bo’lgan samolyotlar miqdori buning uchun yetarlimi, bilmayman”, - deydi iste’fodagi to’rt yulduzli general.

Vashingtonda asoslangan Urushni o’rganish instituti uchun maqolalar yozuvchi harbiy tarixchi Frederik Kagan G’arbning havo mudofaasiga qarshi tizimlarisiz Ukraina Rossiya havo hujumlariga yanada shiddatliroq yuz tutishini taxmin qiladi. Uning nazarida, bu urushning bir necha yilga cho’zilishiga sabab bo’ladi.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbst Rossiya mutlaq g’alaba qozonishiga ishonmaydi.

“Eng yomon bashoratlarda ham Ukraina butunlay egallanishini taxmin qilmayman. Agar bilsangiz, Ikkinchi jahon urushi paytida ukrainlar sovet kuchlariga qarshi yillar davomida partizan urushini olib borgan”, - deydi hozirda Vashingtondagi “Atlantika kengashida” yetakchi ilmiy xodim bo’lib ishlovchi sobiq diplomat.

G’arb va Ukraina Rossiya holdan toyishiga umid qilmoqda. Britaniya Mudofaa vazirligi hisobiga ko’ra, agar ruslar hozirgiday sur’atda talafot ko’rishda davom etsa, 2025-yilga borib jang maydonida yarim milliondan ortiq odam yo’qotadi.

Vashingtonlik yana bir tahlilchi Maykl Kofman Rossiya ko’proq askarga muhtoj ekanini aytadi.

“Rossiya talafotlarini qoplash uchun har oy yetarlicha askar yollayapti. Biroq frontdagi harbiylarga dam berish uchun rotatsiyaga odamlari yo’q. Bu esa ulardan safarbarlik sur’atini oshirishni talab qiladi yoki yana bitta qisman mobilizatsiya o’tkazishi kerak bo’ladi”, - deydi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi tahlilchisi.

Unga ko’ra, Rossiya hujumlarini qatarish uchun Ukraina G’arb yordamiga muhtoj.

“Artilleriya snaryadlari yetishmayotgan bir paytda Ukraina dron ishlab chiqarishni kuchaytirishi mumkin. Buning uchun G’arb moliyaviy yordam berishi kerak, ishlab chiqarishning bir qismi Ukrainada bo’lishi kerak”, - deydi Kofman.

Amerikaning “Politico” nashrida o’tgan oy chop etilgan bir maqolada Bayden ma’muriyatining ismini oshkor etishni istamagan manbasidan olingan ma’lumot keltirilgan. Unda aytilishicha, Ukraina g’alabasidan umidini uzayotgan Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan kelishib tinchlikka erishmoqchi. Biroq Ukraina Rossiya talablarini qabul qilishga rozi bo’lmaydi, deydi Germaniyaning AQShdagi Marshal jamg’armasi prezidenti Xezer Konli.

“Ruslar hamma narsani tortib olmoqchi. Vladimir Putin Odessani rus shahri deb atadi. Ular Kiyevda qo’g’irchoq rejim o’rnatib, Ukrainani mustaqil davlat sifatida yo’q qilmoqchi”, - deydi siyosatshunos.

Bugun Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Kiyevda Zelenskiy bilan ko’rishdi, ikki davlat o’rtasida xavfsizlik kelishuvi imzolandi. Sunak Ukrainaga 3,2 milliard dollarlik qo’shimcha yordam va’da qildi.

Bir necha oy davomida qarshi hujum uyushtirib, boy berilgan hududlarini qaytarishga behuda uringan Ukraina armiyasi qish kelishi bilan faol mudofaaga o’tmoqda, istehkomlar qurmoqda.

AQSh va Yevropadan qo’shimcha yordam ololmayotgan Kiyev shu tobda hujumga o’tishga ojizlik qiladi, aksincha frontning bir necha qismida Rossiya armiyasi hujumga o’tgan.

Ayni paytda janglar Zaporojye, Xerson, Donetsk viloyatlarida olib borilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG