Breaking News

Surishtiruv: Rossiya porox ishlab chiqarishda o'zbek paxtasidan foydalanmoqda


Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCPR) jurnalistlari o’tkazgan navbatdagi surishtiruv natijalariga ko’ra, Rossiyaga eksport qilinayotgan o’zbek paxtasidan porox ishlab chiqarishda foydalanilmoqda.

Gap paxta xomashyosidan olinadigan selluloza birikmasi haqida ketmoqda. Aynan shu birikma porox ishlab chiqarishdagi asosiy ashyo hisoblanadi.

Surishtiruvga ko’ra, Ukraina urushi qurol-aslaha, ayniqsa artilleriya snaryadlariga ehtiyojni keskin oshirgan. Portlovchi qurollar, o’q-dorilar esa poroxsiz yaratilmaydi. Porox ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyo - paxta sellulozasi bilan Rossiyani Qozog’iston va O’zbekiston ta’minlab kelmoqda.

Urush davomida bu mahsulotning O’zbekistondan Rossiyaga eksporti bir necha barobar ortgan. O’zbekistondagi ayrim korxonalar Rossiyadagi ayrim porox zavodlar bilan bevosita shartnomaga ega ekanligi ham qayd etiladi.

O’zbekistonda paxta sellulozasi ishlab chiqaruvchi Farg’onadagi eng yirik kimyo zavodi Rossiya fuqarolariga qarashli ekanligi ham aniqlangan.

2023-yilda O’zbekistondan Rossiyaga eksport qilingan paxta sellulozasining 53 foizi shu kompaniya hisobiga to’g’ri kelgan.

Kompaniya vakilining jurnalistlarga bergan izohiga ko’ra, ularning mahsuloti porox ishlab chiqarishga ixtisoslashmagan, kompaniya Rossiyadagi harbiy zavodlar bilan biror aloqaga ega emas.

Ammo jurnalistlarning “ImportGenius” kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib bildirishicha, Farg’ona kimyo zavodi 2022-2023 yillar davomida Qozon va Perm shaharlaridagi porox zavodlariga 2,2 million dollarlik mahsulot yetkazib bergan.

O’zbekistonda bu xomashyo eksporti bilan yana bir necha korxonalar shug’ullanishi, ular o’z mahsulotini Rossiyadagi davlat korxonalariga emas, xususiy shirkatlarga sotishi, bu shirkatlar o’z navbatida ashyoni Rossiya harbiy sanoatiga qarashli zavodlarga yetkazishi qayd qilinadi.

OCCPR izoh so’rab O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan, ammo murojaat javobsiz qoldirilgan.

Ta’kidlash kerak, paxta sellulozasi faqatgina porox uchun ishlatilmaydi, bu boshqa sanoat mollarini ishlab chiqarish uchun ham zarur birikma. Ayrim shirkatlar mahsulot sanoat mollari uchun ishlatilishini ta’kidlashgan.

Rossiyaga eksport qilingan bu mahsulotning 46 foizi esa Qozog’iston hisobiga to’g’ri keladi.

2022-2023 yillarni o’z ichiga olgan bu ko’rsatkich ayni paytda o’zgargani, Rossiyani paxta sellulozasi bilan ta’minlovchi Qozog’istondagi “Paxtasanoat-Selluloza” kompaniyasi ayni paytda xorijdagi hamkorlari sanksiyaga olingani uchun o’z faoliyatini to’xtatishga majbur qolganini bildirgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan keskin sanksiyalarga uchradi. Xususan harbiy sanoatda ishlatilishi mumkin bo’lgan tovarlarni Rossiyaga qayta eksport qilish taqiqlandi. Rossiya harbiy sanoati bilan hamkorlikka borganlar ham AQSh va Yevropaning ikkilamchi sanksiyasiga uchrashidan ogohlantirildi.

O’zbekistondagi ayrim korxonalar shunday sanksiyalar ro’yxatiga tushdi ham, ammo bu sanksiyalar mahalliy mahsulot emas, xorijdan eksport qilingan tovarlarning Rossiyaga qayta eksport qilinishi bilan bog’liq edi.

Avvalroq Ukraina tomoni Rossiya mudofaasini qo’llayotgan shirkatlarga nisbatan sanksiyalar e’lon qilgan, bu ro’yxatga Toshkentdagi “Foton” zavodi ham kiritilgan edi.

So’nggi paytda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O’zbekiston va Qozog’iston sanksiyalarni aylanib o’tishda Rossiyaga ko’maklashayotganiga doir bir qator ma’lumotlar paydo bo’ldi.

Shu oy boshida Ukraina Milliy qarshilik markazi Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyevning Moskvadagi muzokarasida Rossiyaga qurol sotish, O’zbekistonda uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar ishlab chiqarish muhokama qilingani haqidagi bayonot bilan chiqqan edi.

Toshkent hozircha bunday ma’lumotlarga nisbatan biror munosabat bildirmagan.
Rasman O’zbekiston va Qozog’iston ham Ukraina urushiga nisbatan betaraflik maqomida. Ammo bu betaraflik Rossiya foydasiga bo’layotgani, Ukraina urushi ortidan mintaqa va Rossiya aloqalari shiddatli tarzda o’sgani qayd qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG