Breaking News

To´qayev mintaqaning asosiy islohotchisiga aylanadimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Toqayev bilan Toshkentda, 2019-yil, 15-aprel.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Toqayev bilan Toshkentda, 2019-yil, 15-aprel.

Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo`mart To’qayev Markaziy Osiyoda hokimiyatni o'z muddatida topshiradigan dastlabki yetakchi bo’lishga da´vogar.

Qozog’istonda navbatdagi saylovlargacha hali bir necha yil bor vabu vaqt davomida konstitutsiyani yana o’zgartirishga ehtiyoj shakllanishi ehtimoli yo'q emas.

Ammo To´qayev 3-yanvar kuni e’lon qilingan katta intervyusida bunday ehtimolni keskin rad etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident o’z nomzodini saylovda qayta surish uchun konstitutsiyani o’zgartirmoqchi degan xabarlar yuribdi, shu to’g’rimi, degan savolga To´qayev shunday javob beradi:

“Bu yolg’on. Endi avvalgidek har kim bilganini qilib, konstitutsiyani o’zgartira olmaydi. Gap bunday muhim masala haqida ekan, bu mumkin ham emas. Men bunga qat’iy ishonaman. Konstitutsiyaviy islohotlar bu maqsadda o’tkazilmagan. Bir kishi faqat bir muddat prezidentlikka saylanishiga doir qoida o’zgarmasdir”, - dedi u.

To´qayevning bu va’dasi Markaziy Osiyoda o’z vakolat muddatiga amal qilish qaroridagi lider siyosiy sahnaga chiqayotganidan darak.

Agar Qirg’izistonda hokimiyat asosan inqiloblar, Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekistonda vorislik yo`li bilan almashgani, Tojikistonda esa Imomali Rahmon hokimiyatiga 30 yildan oshayotgani inobatga olinsa, To’qayevning qarori avtoritar rejimlar ostidagi Markaziy Osiyo uchun ancha muhim ko`rinadi.

To´qayev Qozog’iston prezidentligiga Nazarboyevning siyosiy vorisi sifatida, 2019-yilda o’tkazilgan saylovlardagi g´alabasidan so’ng keldi.

Ammo bu saylov ortidan Qozog’istonda ikki yuzdan oshiq qurbonlar berilgan yanvar namoyishlari boshlanib ketdi.

Hukumat mamlakat bo’ylab yoyilgan norozilikni keskin bostirdi, bunga Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq kuchlari ham jalb qilindi.

Namoyishlar qonli bostirilishidan so`ng mamlakatda islohotlar e’lon qilindi, mamlakat konstitutsiyasiga bir kishi bir muddat prezidentlik qilishiga doir o’zgartirish kiritildi.

2022-yilda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o´tdi. Bu saylovda ham g’alaba qozongan To’qayev Qozog’istonda konstitutsiya boshqa o’zgarmasligi, yetti yillik vakolati tugagach, hokimiyatda qolmasligini aytmoqda.

To´qayevning intervyusi qozoq jamoatchiligi, muxolifati tomonidan ham muhokama qilinmoqda. Muxolifat prezidentning va’dalariga ishonmaydi, nomzodini surmagan, konstitutsiyani o’zgartirmagan taqdirda hokimiyatni o’z vorisiga qoldirishi taxmin qilinadi.

Qozog’istonda ham aksariyat muxolifatchilar quvg’inda, ayrim muxolif harakatlar ekstremist tashkilot sifatida e’lon qilingan.

Xorijdagi qozoq muxolifati faoli Erjan Turg’umboyga ko’ra, Qozog’istonda prezident o’zgardi, rejim emas; hukumat Moskva nazoratida.

“To´qayev faqat Kreml tomonidan tasdiqlangan siyosat yuritishi mumkin. Bayonotlar esa faqat bayonot, konstitutsiya yana bir bor o’zgarmasligi kafolatlanmagan”, - deydi u.

Nazarboyev hokimiyati davrida muxoliflarga nisbatan boshlangan tazyiqlar demokratik o’zgarishlar, islohotlar shiori bilan hokimiyatga kelgan To´qayev davrida ham o’zgarmadi.

To´qayevning islohotlariga ishonib, xorijdan Qozog’istonga qaytgan ayrim muxolifatchilar hibsga olindi, jumlada,n Ukrainadan Qozog’istonga qaytgan faol Yermek Narimbay.

Putin bilan brifingda To'qayev qozoqcha gapirdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:22 0:00

Qozoq muxolifati bildirayotgan shubhalardan qat’i nazar, To´qayevning bir muddat prezidentlik qilish qarori qat’iydek, ammo bu rejim o’zgarishidan darak emas.

Prezidentning Qozog’iston demokratik tamoyillarga sodiqligi haqidagi intervyusi e`lon qilinishi manzarasida Olma-otada norozilikka chiqqan faollar hibsga olingan.

Mamlakatdagi muxoliflar minbari hisoblangan “Respublika” gazetasi norozilik aksiyasiga chiqqan “Uyg’on Qozog’iston” harakatining bir nechta faollari 4-yanvar kuni hibsga olingani, ayrimlariga 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi belgilangani haqida yozmoqda.

To´qayev o’z intervyusida nafaqat konstitutsiya, balki siyosiy tuzumga doir bayonotlar ham qilgan.

Xususan, prezidentlikka kelgan ilk davrlarda mamlakatda ikki hokimiyatichilik tahdidi paydo bo`lgani, yanvar noroziliklari kelib chiqishida sobiq prezident Nazarboyevga yaqin qudratlarning qo'li borligi, Qozog´iston istiqboli demokratik tamoyillarga bog’liqligi haqida.

Demokratik tamoyillar hozircha Markaziy Osiyo davlatlarini chetlab o’tyapti, yaqingacha mintaqadagi demokratik orol sifatida taqdim etib kelingan Qirg’izistonda ham vaziyat keskin o’zgargani, prezident Japarov avtoritar boshqaruvni tanlayotgani, fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan bosimlar kuchaygani ta’kidlanadi.

Bir necha yillar muqaddam esa demokratiya shamoli O’zbekistonda kuzatilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda O´zbekiston demokratik boshqaruvga burilgani, islohotlar boshlangan mamlakat boshqa avtoritar usullarga qaytmasligi haqida tasavvurlar shakllangan edi.

Ammo Mirziyoyevning uchinchi muddatga prezidentlikka kelishi uchun mamlakat konstitutsiyasi o’zgartirilishi Karimov davridagi tizim kuchda qolayotganini ko’rsatdi.

AQSh elchisi: Qozog'iston, To'qayev-Mirziyoyev, Rossiya, Xitoy, Eron,
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:16:10 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG