Breaking News

Islohotlar - va'da qilish oson, amalga oshirish amri mahol


Cho'lpon-Ota, Qirg'iziston, 20-iyul, 2022: Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti
Cho'lpon-Ota, Qirg'iziston, 20-iyul, 2022: Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo'mart To'qayev va'da qilgan islohotlar davlat va xalq orasidagi munosabatni yangilab, o'zaro ishonchga asoslangan tuzumni shakllantiradimi?

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan olim Svante Kornell tahlilicha, islohotlar so'zda jadal, amalda esa sust.

"Islohotni e'lon qilish oson. Prezident nutq qiladi, ulkan o'zgarishlar qilamiz, deb so'z beradi. Lekin ularni reallikka aylantirish amri mahol, chunki har qanday islohot ortida serqirra strategiya va harakat bo'lishi kerak", - deydi olim.

Uning nazarida O'zbekistonda 2017-yildan beri, Qozog'istonda esa 2022-yildan beri rasman olib borilayotgan islohotlar yaqin kelajakda bu davlatlarni demokratiyaga aylantirishi kerak, deb kutish xatodir. Bunday fikrlash, deydi u, siyosiy o'zgarishlar qanday ro'y berishini mutlaq tushunmaslikdir.

"Islohot vaqt, sabr-qanoat, qadamma-qadam shijoat va mehnat talab qiladi. Shunda ham ular ko'zlangan natijalarga yetaklamasligi, samara bermasligi mumkin", - deydi Kornell.

U ishlaydigan Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti, Vashintondagi aql markazlaridan biri, mintaqaning oldingi rahbarlari davrida ham islohotlar bo'layapti, deya bong urgan.

Xususan O'zbekistonda Islom Karimov, Qozog'istonda Nursulton Nazarboyev prezidentligi paytida bu institut ularning siyosatini progressiv deya baholab, shu mazmunda kitoblar va akademik materiallar chiqargan.

20 yildirki, O'zbekistonda faoliyat olib boradigan "Regional dialog" nohukumat tashkiloti direktori Myusha Sever fikricha, optimizm uchun sabab yetarli. Astalik bilan ijobiy o'zgarishlar qilinmoqda, deydi u, bugungi siyosiy-ijtimoiy dinamikani ijobiy so'zlar bilan ta'riflar ekan.

"Regional dialog" AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlari va qonun ustuvorligi hamda kontrterrorizm yo'nalishlarida loyihalar olib boradi, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik va moliyaviy jinoyatlarga nisbatan choralar ko'rish yo'lida ham dasturlar yuritadi. Tashkilot O'zbekistonda vazirliklar, ta'lim maskanlari va fuqaro jamiyati bilan ishlaydi.

"Geosiyosiy jihatdan O'zbekiston dunyoga ochilishi mintaqadagi kayfiyatni yangiladi. Afg'onistonga e'tibor berilishi, Toshkentning bu va boshqa masalalardagi takliflari xalqaro hamjamiyat tomonidan olqishlanishi - islohotlarning bir qismi. Turkiy davlatlar bilan hamkorlik, G'arb bilan hamjihatlik, BMT doirasidagi faollik va global mavzularda ham Toshkent o'z nuqtai-nazarini bayon etib kelayotgani - progress. O'zbekiston g'arbu-sharq bilan birdek bog'lanish harakatida. Toshkent - tinchliksevar, betaraf tomon", - deya baholaydi Sever.

Uning fikricha, O'zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda ham ildamlagan. Har bir jarayon murakkab, qiyinchiliklar va to'siqlar talay. Biroq, deydi Sever, respublika islohotlar yo'lidan qaytmagan, aksincha imkon qadar oldinga intilmoqda.

Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti forumida so'zlagan mutaxassislar deydiki, Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo'mart To'qayev va'da qilgan islohotlar davlat va xalq orasidagi munosabatni yangilab, o'zaro ishonchga asoslangan tuzumni shakllantirishi kerak.

Sever ta'biricha, ta'limga qilinayotgan sarmoya, hukumatning yoshlarni vatanda va chet elda sifatli ilm olishi uchun tashlayotgan qadamlari yaqin yillarda samara bera boshlaydi.

Dunyoning yuzlab davlatlariga nisbatan viza tartib yengillashtirilgani, uning nazarida, Mirziyoyev davridagi eng salmoqli islohotlardan biri.

O'zbeistonga kirib-chiqish osonlashgani mamlakat ravnaqi uchun xizmat qilmoqda, deya xulosa qiladi Sever.

"2003-yilda ilk marta kelgan O'zbekiston va bugungi O'zbekiston orasida yer bilan osmonchalik farq bor, buni xalqning ruhiyatida ham sezaman", - deydi u.

"Savdo ko'lami oshgani, eksport miqdori ko'tarilgani, mamlakat jahon bilan hozirda yaqinroq aloqada ekani bilinadi".

Ozarbayjonlik tadqiqotchi Fuad Karimov deydiki, uning mamlakatidagi hozirgi islohotlarning natijasi 2030-yilga borib yaqqol sezila boslashi kerak.

"Iqtisodiy dasturlar taraqqiyotga yetaklashi aniq", - deya ishonch bildiradi u.

"BMT o'z a'zolariga bergan tavsiyalar asosida harakat qilinmoqda. Kichik va o'rta biznesni quvvatlash, soliq siyosatini yangilash, tashqi savdoni oshirish, erkin savdo zonalari yaratish, moliyaviy tizimni mustahkamlash ... davlat oldiga qo'ygan asosiy maqsadlar", - deydi Karimov.

U siyosiy islohotlar haqida deyarli hech narsa demaydi. Ozarbayjon - Kavkazdagi eng yopiq jamiyat, boshqaruv jihatdan hamon avtoritar. 2003-yildan buyon prezidentlik kursida o'tirgan Ilhom Aliyev hokimiyatdan ketmoqchi emas, qayta saylanish payida. 61 yoshli rahbar ayni damda to'rtinchi muddatini o'tamoqda.

Karimovning tushuntirishicha, uning xalqi uchun iqtisodiy barqarorlik hamisha birinchi o'rinda.

Kornell qayd etishicha, Qozog'istonda Tokayev prezidentligi, agar va'dalar qisman bo'la ham bajarilsa, siyosiy burilishlar pallasi bo'ladi.

Super prezidentlik tizimidan demokratikroq, kuchliroq parlamentga ega sistemaga o'tiladimi? Sudlar mustaqillashadimi?

Mahalliy hokimiyatlar va hududiy institutlar mas'uliyatliroq ishlay boshlaydimi?

Yangilangan bosh qomus qonun ustuvorligini amalda ta'minlaydimi?

Anti-korrupsion choralar real muhitni qanchalik tozalaydi, shaffoflashtiradi? Xalqdan o'marilgan pul va mulk unga qaytarilib, nimalarga sarflanadi?

Mana shu savollarga javoblar qanday bo'lishi Shavkat Mirziyoyev va'da qilgan "Yangi O'zbekiston" va Qosim-Jo'mart va'da qilgan "Yangi Qozog'iston"ni yo reallikka aylantiradi yo safsata ekanini isbotlaydi.

Yaqin yillarda, mo'jiza kutmang, deydi tahlilchilar.

Qo'zg'olonlarning oldini olish, fuqaro norozilik bildirib, ko'chaga chiqmasligini ta'minlash - prioritetlardan biri, deydi Kornell. Nazorat ham shunga yarasha bo'ladi, toki Ukraina, Moldova yoki Qirg'izistondagi kabi ommaviy chiqishlar xalqaro e'tibor jalb etib, tashqi kuchlar ta'siri oshmasin. Rahbarlar mana shundan xavfsiraydi, deydi tadqiqotchi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG